Bismillahir Rohmanir Rohiym
Solih bir kishi o‘z o‘g‘liga bunday dedi: O‘g‘lim, aytadiganlarimga diqqat bilan quloq sol, zero bular senga dunyo va oxiratingda nafi tegadi.
O‘g‘il dedi: Ayting otajon, jon qulog‘im bilan tinglayman.
Solih kishi dedi: Vafosiz odam aqlsiz bo‘ladi. Rostgo‘yligi yo‘q odamda mardlik ham bo‘lmaydi. Ilmga ishtiyoqsiz odam bilimga ega bo‘lmaydi. Hayosiz odam karamli bo‘lmaydi. Betavfiq kimsa hech qachon tavba qilmaydi. Ilmdan foydaliroq hazina yo‘q. Hilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiruvchi mol yo‘q. Odobdan ko‘ra yuksakroq hasab yo‘q. Aqldan ishonchliroq hamroh yo‘q. O‘limdan ko‘ra ishonchliroq dalil yo‘q. Gunohlarni tark etishdan ko‘ra foydaliroq ehson yo‘q. Gunohlardan ko‘ra og‘irroq yuk yo‘q. Tafakkurdan ko‘ra afzalroq ibodat yo‘q. Yolg‘ondan ko‘ra yomonroq narsa yo‘q. Ahmoqlikdan ko‘ra ortiqroq takabburlik yo‘q. Jaholatdan ko‘ra ortiqroq faqirlik yo‘q. Ta’magirlikdan ortiq xorlik yo‘q. Baxillikdan qabihroq or yo‘q. Qanoatdan ko‘ra ortiq boylik yo‘q.
Ey o‘g‘lim, kim haqiqatga qarshi kurashsa albatta mag‘lub bo‘ladi. Kim musulmonning aybini ochishga urinsa, Alloh uni sharmanda qiladi. Kim o‘zining fikri bilan mag‘rurlansa adashadi. Kim odamlardan o‘zini yuqori olsa xor bo‘ladi. Kim mashvarat qilsa nadomat qilmaydi. Kim ulamolarning majlisida o‘tirsa hurmat topadi. Kim aqlsizlarning majlisida o‘tirsa tahqirlanadi. Kim oz gapirsa oqibati xayr bo‘ladi. Kim yolg‘onchilik bilan tanilsa hech qachon unga ishonch bildirilmaydi. Kim shahvatga berilsa oxir-oqibat sharmanda bo‘ladi.
Ey o‘g‘lim, men barcha totli narsalarning mazasini tatiganman. Lekin ofiyatdan ko‘ra totlirog‘ini ko‘rmadim. Achchiq narsalarni ham totib ko‘rganman. Lekin odamlarga muhtoj bo‘lib qolishdan achchiqrog‘ini ko‘rmadim. Og‘ir tosh va temirlarni ham ko‘tarib ko‘rganman, lekin qarzdan ko‘ra og‘irroq yukni ko‘rmadim.
Ey o‘g‘lim, yaxshilar bilan oshna bo‘l, yomonlardan yiroq bo‘l. Chunki, yaxshilar bilan oshna bo‘lsang seni qadrlashadi, zulmga uchrasang senga yordam berishadi, gapirsang gapingga quloq solishadi. Ammo yomonlarga yaqin yursang seni qadrlashmaydi, omonatingga xiyonat qilishadi, siringni ochib sharmanda qilishadi, kerak bo‘lmay qolganingda tashlab ketishadi.
Ey o‘g‘lim, din va axloqda o‘zingdan yuqori bo‘lganlarga boq, molu davlatda o‘zingdan quyi bo‘lganlarga boq.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:
“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.
“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.
“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.
“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.
“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.
“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.
“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.
“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.
“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.
Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat” dedi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV