Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir qiz aytadi:
«Alloh taolo onamni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish muhabbati bilan siylagan. Onamdan eng ko‘p eshitganim – Payg‘ambarimizga salavot! Onam hatto ovqatni ham salavot aytib qiladi. Uy ishlarini ham salavot aytib qiladi, «Shunday qilsam, oson, tez bo‘ladi», deydi. Men kasal bo‘lib qolsam ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytib yurgan duolarni o‘qib, dam soladi. Dori ichirayotganda ham tili salavotdan to‘xtamaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, men doim xotirjam edim. Sal xafa bo‘lib turganimni ko‘rsa, «Rasululloh collallohu alayhi vasallamga salavot aytgin, Alloh najot beradi», der edi. Bu so‘zlarni onamdan juda ko‘p eshitganim uchunmi, «Onam juda oshirib yuboradi-da, xuddi boshqa olamda yashayotgandek», der qo‘yar edim.
Bir kuni kayfiyatim juda tushib ketdi. O‘zimni chalg‘itish nimalar qilib ko‘rmadim, lekin foydasi bo‘lmadi. Oxiri taslim bo‘lib, yig‘lay boshladim. G‘am-qayg‘ularimga, ko‘z yoshlarimga g‘arq bo‘lib turgan edim, onamning «Rasululloh collallohu alayhi vasallamga salavot aytgin, Alloh najot beradi», degan so‘zlari esimga tushib qoldi. Shu zahoti salavot ayta boshladim. Bir mahal qarasam, Rasulullohga salavot aytaverib, qayg‘ularim esimdan ham chiqib ketibdi! Bir necha marta shunday qilganimdan keyin salavot aytsam, g‘am-tashvishlar yo‘q bo‘lishiga to‘liq ishonch hosil qildim.
Hozir, shu satrlarni yozayotganda ham salavot aytib yozyapman. Dugonalarim qo‘shiq xirgoyi qilib, zavqlanib yurgan bir paytda Allohning marhamati bilan mening tilim sevikli Payg‘ambarimizga salavot aytish bilan band. Alloh taolo menga Payg‘ambarimiz collallohu alayhi vasallamga salavot aytishni yaxshi ko‘radigan, qayg‘u-alamlarimga qarshi salavot yordamida kurashishni o‘rgatgan onani nasib qilmaganida, balki men ham qo‘shiq aytib yurgan bo‘larmidim...»
Shayx Solih Mug‘omisiy hafizahulloh aytadi:
«Bir kuni tobim qochib, jarrohlar yuragimni operatsiya qilishdi. Ertasi kuni jonlantirish bo‘limida yotsam, bir hamshira xabar olish uchun kirib, tomirimga ulangan nazorat jihoziga qaradi-yu, birdan sarosimaga tushib qoldi. Oldin hamshira sherigini, keyin shifokorni chaqirdi… Nima bo‘layotganini bilmasam ham, ahvolim jiddiy ekanini sezdim. Birpasda tepamda o‘ndan ortiq shifokoru hamshiralar to‘planib ketishdi. Kimdir zudlik bilan bosh shifokorni chaqirish kerakligini aytdi, uni ham chaqirtirishdi. U ham kelishi bilan qurilmalarga qarab, hamkasblari bilan bir nimalarni maslahatlasha boshladi. Keyin menga: «Shayx Solih, yuragingizda qon yig‘ilib qolibdi. Olib tashlamasa bo‘lmaydi. Ko‘krak qafasni yana ochamiz», dedi. Men kalimai shahodatni aytib, bosh irg‘ab, rozilik berdim. Jarrohlar amaliyot xonasini tayyorlashga kirishib ketishdi. Hamshiralar ham menga ulangan simlarni uzib, tayyorlana boshlashdi. Shu payt livanlik hamshira: «Shayx, salavot ayting! Alloh najot beradi», deb qoldi. Uning so‘zlari qalbimga muhrlanib qoldi. Shu zahoti: «Allohumma, solli ’alaa sayyidinaa Muhammad» deb, salavot ayta boshladim.
Shu payt qurilmalarning biri o‘z-o‘zidan ishga tushib, ovoz chiqara boshladi. Boshimni burib qarasam, hozirgina to‘xtab turgan qurilma ishga tushib, ichidagi shaffof idishga qon kela boshlabdi! Meni amaliyotga tayyorlayotgan hamshiralar buni ko‘rib, angrayib qolishdi. So‘ng bittasi o‘ziga kelib, bosh shifokorni chaqirishga yugurib ketdi. To‘liq kiyinib olgan shifokor kirib keldi-yu, jihozni ko‘rib, turgan joyida qotib qoldi. So‘ng yaqinroq kelib, qurilmaga qarab turdi-da, «Subhanalloh! Shayx Solih, biz sizni qutqarishga harakat qilib tursak, Allohning O‘zi sizni qutqarib qo‘yibdi-ku!» dedi.
Hozir o‘sha voqeani eslab, hayron qolaman. Menga «Salavot ayting, Alloh najot beradi», degan o‘sha livanlik hamshira ayolni ko‘rgan odam «Bu xotin umuman Xudoni tanimasa kerak», deb o‘ylaydi. Lekin o‘sha ayol menga eng qiyin paytda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishni eslatib, musibatlardan qutulish eshigini ochgan edi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi