Joriy yilning 4-11 noyabr kunlari Malayziyaning Perlis shtati muftiysi, mamlakatimizning ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi doktor Moxd Asri Zaynul Abidin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi xabar berdi.
Safar O‘zbekiston turizm salohiyatini Malayziya va Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma media loyiha doirasida mamlakatimiz elchixonasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Turizm qo‘mitasi hamda mahalliy turkompaniya bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Bir hafta davom etgan safar chog‘ida Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlarida va Toshkent shahrida O‘zbekiston ziyorat turizm salohiyati, madaniy merosi, islom dunyosiga oid ziyoratgohlari hamda o‘zbek xalqining an’analariga bag‘ishlangan turkum podkasdlar suratga olindi va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.
Shuningdek, Malayziya delegatsiyasi Buxoro va Samarqand viloyatlari imom-xatiblari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Malayziyalik diniy arbob ilk bor Buxorodagi Mir Arab madrasasida va Samarqanddagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida ma’ruzalar o‘qidi.
Malayziyaliklar respublikaning tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi, shu jumladan Hazrati Imom majmuasi faoliyati, "Amirsoy" tog‘-chang‘i kurortidagi zamonaviy infratuzilmalar, "Usmon mus'hafi" Qur’oni karimning bugungi kungacha saqlanib qolgan eng qadimiy qo‘lyozmasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Safar doirasida doktor Moxd Asri Zaynul Abidinning O‘zbekistonning tarixiy obidalari fonida suratga olingan mamlakatimiz zaminida yashab o‘tgan ulamolarning islom dunyosi rivojida tutgan o‘rni haqidagi ma’ruzalari yurtimizdagi tabarruk qadamjolarga kelayotgan ziyoratchilar sonining oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV