Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Ikki farishtani hayron qoldirgan so‘zlar

20.11.2024   5246   2 min.
Ikki farishtani hayron qoldirgan so‘zlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga quyidagilarni gapirib bergan ekan:

“Allohning bandalaridan bir banda: “Yaa Robbi lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika”, deb (savob va gunohlarni yozib boradigan) ikki farishtani qiyin ahvolga solib qo‘ygan. U ikkisi qanday (ya’ni, nima deb) yozishni bilmay, osmonga ko‘tarildilarda Alloh taologa: “Robimiz, bir bandang biz nima deb yozishni bilmaydigan bir gap  aytdi”, deyishdi. Alloh azza va jalla  bandasi nima deganini bilib tursada, “Bandam nima dedi?” deya so‘radi. Ular: “Ey Parvardigor bandang “Yaa Robbiy lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika dedi”, deyishdi. Shunda Alloh ikki farishtaga: “Aytganidek holda yozinglar. Menga ro‘baro‘ kelganida uni mukofotini O‘zim beraman”, dedi (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

U so‘zlarning ma’nosi: “Ey Robbim, Senga O‘zingni buyukliging va saltanatingni  ulug‘ligiga yarasha va munosib hamd bo‘lsin”.

Haqiqatda inson qo‘liga tasbeh olib, minglab hamd aytganida ham Alloh taolo bergan bittagina ne’matining shukrini ham ado etolmaydi. Holbuki, bizga berilgan ne’matlarning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qolaversa, hamd aytishning o‘zi ham bir ne’mat. Bitta hamd ayta olgan kishi mana shu baxtga muyassar qilgan Zot Alloh taologa yana shukr qilishi kerak. Chunki, Alloh taoloning rizqini yeb, Uni taniyolmay dahriy bo‘lib yurganlar qancha?! Shuning uchun hadisi sharifda kelgan so‘zlarni aytsa, eng oliy darajadagi hamdni aytgan bo‘ladi. Sababi, uning ma’nosi cheksiz hamdu sano bo‘lsin demakdir. Natijada hatto farishta ham havas qiladigan mukofotga erishadi. 

Alloh taolo barchamizni shunday maqomlarga munosib bandalaridan qilsin. Omiyn.                      

Bahodir Bahromjon o‘g‘li

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

23.05.2025   1819   3 min.
Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi. 
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.

Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.

Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.

— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.

Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.

Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
 Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman. 
   Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi. 

Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".