Bismillahir Rohmanir Rohiym
Namozda ruku’ga borayotganda va undan qaytayotganda ikki qo‘lni ko‘tarish masalasi
Bu masala ham ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘lgani hammamizga ma’lum. Avvallari hamma Hanafiy mazhabiga amal qilar va hech kim namozni boshlash paytidagi takbiri tahrimadan boshqa paytda ikki qo‘lini ko‘tarmas edi. Hamma nomozxonlar tinchgina, qo‘ldan kelganicha o‘z namozlarini ado etib yurar edilar.
Keyinchalik esa, avval aytib o‘tganimizdek, fiqhiy mazhablarni, ularning asoschilari bo‘lmish buyuk mujtahid ulamolarimizni inkor qilib, o‘zlaricha Qur’on va Sunnatga amal qilishni va boshqalar ham ularga ergashishi lozimligini da’vo qiluvchilarimiz paydo bo‘ldilar. Ular namozda ruku’ga ketishdan oldin va undan qaytayotganda ikki qo‘lni ko‘tarmaslik Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga xilof ekanligi haqida bahs yurita boshladilar va o‘z fikrlarining dalili sifatida hadisi shariflardan hujjatlar keltirishga kirishdilar. Ana o‘shalarimiz o‘zlarini, xuddi butun Islom olamining ming yillik xatosini topgandek, Hanafiy mazhabiga ergashib, xatoda yurgan yuz millionlab gumrohlarni Qur’on va Sunnat yo‘liga solayotgan qahramondek his etar edilar. Birovning nasihatini eshitishni ham xohlamas edilar. Bunga qo‘shilmaganlarni, qarshi chiqqanlarni Qur’on va Sunnatga qarshi chiqishda ayblar edilar. Ammo mazkur ish Qur’on va Sunnatga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi, o‘ylab ham ko‘rmas edilar.
Aslida esa, o‘sha masalani ko‘targanlarimiz eski ixtilofni qo‘zg‘ab, ming uch yuz yillik yarani qayta tirnab qonatayotgan edilar. Namozda ruku’ga ketayotganda va undan qaytayotganda qo‘l ko‘tarish masalasini bir yuz elliginchi Hijriy sanada tug‘ilgan Imom Shofe’iy va u zotning hamasrlari Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhimlar ham ko‘targan edilar. Xuddi bizning shovvozlarimiz dalil qilib keltirayotgan va yana ular bilmagan hadis va rivoyatlarni ana o‘sha buyuk mujtahidlarimiz eng avval keltirgan edilar. Oradagi farq shuki, o‘tgan salafi solihlarimiz hozirgilarga o‘xshab o‘z fikrlariga qo‘shilmaganlarni Qur’on va Sunnatga qarshi chiqishda ayblamagan edilar, balki o‘z muxoliflarini ham Qur’on va Sunnatga o‘ziga xos ijtihod yo‘li ila amal qiluvchi din qardoshlari sifatida ehtirom qilardilar. Agar bizda bir ozgina ilm bo‘lganida, bunday ixtiloflar kelib chiqmas edi. Ming afsuslar bo‘lsinkim, bizda na ilm va na ilmsizligimizni tan olishimiz uchun insof bor edi.
Keling, ilmsizligimizga barham berish va xatoni takrorlamaslik umidida bu masalani ilmiy yo‘l ila yana bir ko‘rib chiqaylik.
Namozda ruku’ga borganda va undan qaytganda ikki qo‘lni ko‘tarish kerak deganlarning dalillari va ularning munoqashasi
Bu hukmga amal qilishga da’vat etganlar ro‘yxati boshida to‘rt mashhur va ma’ruf fiqhiy mazhablarimizdan ikkitasi, Shofe’iy va Hanbaliy mazhablari turadi. Ular o‘zlarining bu hukmlariga bir necha hadisi shariflarni dalil qilib keltiradilar:
Birinchi dalil:
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar qilgan rivoyatda Ibn Umar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon namozni ochsalar ikki qo‘llarini yelkalari barobar ko‘tarib turib takbir aytar edilar. Keyin qachon ruku’ga takbir aytsalar ham shuningdek, qachon boshlarini ruku’dan ko‘tarsalar ham ularni xuddi o‘shandoq ko‘tarar edilar va «sami’allohu liman hamidah, Robbanaa va lakal hamd», der edilar», deganlar.
Mana shu sahih hadisda namozda ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tarish Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi, deydilar Shofe’iy va Hanbaliylar.
Ikkinchi dalil:
Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda Nofe’ roziyallohu anhu: «Ibn Umar roziyallohu anhu ruku’ga borganda va undan qaytganda ikki qo‘lini ko‘tarmagan odamni ko‘rsa, unga tosh otar edi», degan.
Bu rivoyat ham yuqoridagi ma’noni ta’kidlab kelmoqda. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu o‘zlari amal qilibgina qolmay, o‘zgalarni ham mazkur hukmga bo‘ysunishlariga harakat etganlari yaqqol ko‘rinib turibdi, deydilar Shofe’iy va Hanbaliylar.
Hanafiy ulamolar, darhaqiqat, sizlar keltirgan rivoyatlar bor va kuchli ekanini biz ham yaxshi bilamiz, lekin biz ushbu hadis va rivoyatlarga amal qilishdan oldin boshqa hadis va rivoyatlarni ham chuqurroq o‘rganib chiqib, boshqacha qarorga keldik, keling, avvalo Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning hadislarini munoqasha qilaylik, deydilar.
Imom at-Tahoviy, Imom Ibn Abu Shayba va Imom al-Bayhaqiylar o‘z kitoblarida keltirgan rivoyatda Mujohid roziyallohu anhu: «Ibn Umarning orqasida namoz o‘qiganman. U ikki qo‘lini namozdagi birinchi takbirdan boshqa hech ko‘tarmas edi», deganlar.
Oldingi ikki rivoyat va biz keltirgan uchinchi rivoyatni qo‘shib o‘rgansak, ruku’ga borganda va undan qaytganda ikki qo‘lni ko‘tarish hukmi nasx bo‘lgani ayon bo‘ladi. Ya’ni bu hukmga ma’lum muddat amal qilingan-u, so‘ngra amaldan qolgan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ruku’ga ketishda va undan qaytishda qo‘l ko‘targanlarini ko‘rganlar, o‘zlari bu ishga amal qilganlar va boshqalarni ham amal qilishga chorlaganlar. Keyinchalik bu amal nasx bo‘lganidan keyin unga amal qilishni to‘xtatganlar.
Siz ham, hurmatli Shofe’iy, Hanbaliy va ushbu masalada ular bilan hamfikr bo‘lganlar, biz ham sahobiy o‘zi qilgan rivoyatga zid amal qilsa, rivoyatini emas, amalini qabul qilishga ittifoq qilganmiz. Chunki sahobiylar nasx bo‘lmasa, o‘zlari rivoyat qilgan hukmga xilof amal qilmaydilar. Xususan, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu har bir kattayu kichik narsada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga aniq ergashuvchi yagona sahobiy bo‘lganlar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid, ergashish zarur hisoblanmagan ishlarni ham o‘ta aniqlik bilan qilib yurganlari ma’lum va mashhur. Shundoq odam nasx sobit bo‘lmasa, o‘zlari rivoyat qilgan hadisga xilof ish tutib, ruku’ga borishda va undan qaytishda ikki qo‘lni ko‘tarishni tark qilmas edilar.
Uchinchi dalil:
Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasaiy, Imom Ibn Moja o‘z Sunanlarida, Imom Buxoriy «Rafu ’lyadayni fissolati» degan risolalarida va Imom Tahoviy «Mushkilul-Osor»da Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan keltirgan hadisda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon farz namozga tursalar takbir aytib, ikki qo‘llarini yelkalari barobar ko‘tarar edilar. Xuddi shu ishni qiroatlarini tamom qilib ruku’ga borishni iroda qilsalar ham, ruku’dan bosh ko‘tarsalar ham qilar edilar. U zot namozda o‘tirgan hollarida hech qo‘llarini ko‘tarmas edilar. Qachon ikki marta sajda qilib, turmoqchi bo‘lsalar ham ikki qo‘llarini ko‘tarib, takbir aytar edilar», deyilgan.
Shofe’iy va Hanbaliy mazhabi ulamolarining bu dalillariga javob quyidagicha: Bu rivoyat sobit ekanini yaxshi bilamiz. Lekin Hazrati Ali roziyallohu anhuning ayni o‘zlaridan buning aksi sodir bo‘lgani haqida rivoyat bor. Ana shu rivoyatni ham eti’borga olib turib, (nihoiy) hukm chiqarilsa, juda ham yaxshi bo‘lar edi.
Imom at-Tahoviy va Imom Ibn Abu Shaybalar Osim Ibn Kulaybning otasidan qilgan rivoyatda: «Ali roziyallohu anhu ikki qo‘llarini namozning birinchi takbirida ko‘tarar edi, xolos. Keyin ko‘tarmas edi», deyilgan.
Imom Abu Bakr Ibn Abu Shayba Abu Is'hoqdan keltirgan rivoyatda esa: «Abdulloh (Ibn Mas’ud) va Alining as'hoblari ikki qo‘llarini faqatgina namozni boshida ko‘tarar edilar, xolos», deyilgan.
Bu ham ruku’ga ketishdan oldin va undan keyin ikki qo‘lni ko‘tarishga ma’lum muddat amal qilingani va keyin nasx bo‘lganini ko‘rsatadi. Bo‘lmasa Hazrati Alidek ulkan sahobiy o‘zlari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan qilgan rivoyatga xilof ish qilmas edilar. Shu bilan birga Hazrati Ali roziyallohu anhu o‘z shogirdlari bo‘lmish kichik sahobiylar va tobe’inlarni ham ruku’ga ketganda va undan qaytganda, ikki qo‘lni ko‘tarmaslikka o‘rgatgan ekanlar. Bu ham o‘z-o‘zidan bo‘laveradigan narsa emas.
Shofe’iy va Hanbaliylar o‘zlariga dalil qilib keltirgan yuqoridagi hadisda zikr qilingan «Qachon ikki marta sajda qilib, turmoqchi bo‘lsalar ham ikki qo‘llarini ko‘tarib takbir aytar edilar», degan jumla ularning ziddiga katta hujjatdir. Chunki ular sajdadan turishda qo‘l ko‘tarish kerak demaydilar. O‘z-o‘zidan «nima uchun bir hadisning ma’lum bo‘lagiga amal qilasizlar-u, boshqa bo‘lagiga amal qilmaysizlar», degan haqli savol paydo bo‘ladi.
Sajda qilib bo‘lib turayotganda va boshqa holatlarda ham ikki qo‘l ko‘tarilishi haqida boshqa hadislarda ham zikr qilingan. Mana shu narsaning o‘zi ham avval namozda takbirai ehromdan boshqa joylarda ham qo‘l ko‘tarish bo‘lib, keyinchalik nasx qilinganiga dalolatdir. Bu haqiqatni Hanafiylar to‘liqligicha olib, Shofe’iy va Hanbaliylar bir qismini qabul qilib, ruku’ga ketish va undan qaytishga tegishli joyini qabul qilmagan chiqadilar.
Hanafiylar muxoliflarning har bir daliliga xuddi shu qabilda raddiya qiladilar. Biz namuna uchun keltirilgan misollar bilan kifoyalanib, endi bu masalani qadimda qandoq munoqasha qilingani haqidagi ikki rivoyatni o‘rganib chiqaylik:
Imom at-Tahoviy keltirgan rivoyatda al-Mug‘iyra roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: «Ibrohimga, Voilning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qachon namozni boshlasalar, ruku’ qilsalar va ruku’dan boshlarini ko‘tarsalar, ikki qo‘llarini ko‘tarishlarini ko‘rdim, degan hadisiga nima deysiz, dedim». U kishi: «Agar Voil u zotning undoq qilganlarini bir marta ko‘rgan bo‘lsa, Abdulloh undoq qilmaganlarini ellik marta ko‘rgan», dedi.
Ko‘rinib turibdiki, ruku’ga ketayotib va undan qaytayotib ikki qo‘l ko‘tariladi, deganlar Voil Ibn Hujr roziyallohu anhuning hadislarini dalil qilganlar. Buyuk tobe’inlardan Ibrohim an-Naxa’iy roziyallohu anhuga bu gap aytilganda, u kishi Abdulloh Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning hadislarini raddiyaga keltirganlar va qaysi bir hadis qabul qilishga loyiqroq ekanini tasdiqlash maqsadida ularning roviylarining hollarini zikr qilib o‘tganlar. Voil Ibn Hujr roziyallohu anhu iymonga kelganlaridan keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida faqatgina bir hafta turib, namoz o‘qishni o‘rganganlari va qaytib ketib, keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qayta ko‘rmaganlari mashhur. Buning ustiga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishiga ta’lim uchun alohida muomala qilganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ruku’ga ketishda va undan qaytishda ikki qo‘llarini ko‘tarmaganlari haqidagi rivoyat sohibi Abdulloh Ibn Mas’ud roziyallohu anhu esa, eng birinchi iymonga kelgan sahobalardan bo‘lib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan u zotning umrlarining oxirlarigacha ajralmagan ulkan sahobiylardan biridirlar. Albatta u kishi Voil roziyallohu anhuga qaraganda ko‘p narsani bilishlari turgan gap.
Ikkinchi misol Imom al-Horisiy o‘zlarining «Musnad» nomli kitoblarida Sufyon Ibn Uyayna roziyallohu anhudan Imom Abu Hanifa bilan Imom al-Avzo’iy ora-larida bo‘lib o‘tgan quyidagi munozarani keltiradilar:
«Abu Hanifa bilan al-Avzo’iy Makkadagi bug‘doy rastasida ko‘rishib qolishdi. Shunda al-Avzo’iy Abu Hanifaga:
- Sizlarga nima bo‘ldi, namozda ruku’ga borganda va undan bosh ko‘targanda qo‘llaringizni ko‘tarmaysizlar? dedi. Abu Hanifa esa:
- Chunki bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biror sahih narsa bo‘lmadi, dedi.
- Qandoq qilib sahih narsa bo‘lmasin? Axir, menga az-Zuhriy Solimdan, u otasidan, u esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilishicha, U zot sollallohu alayhi vasallam namozni boshlash chog‘larida, ruku’ga ketishda va undan qaytishda ikki qo‘llarini ko‘tarar ekanlar! dedi al-Avzo’iy. Shunda Abu Hanifa:
- Bizga Hammod Ibrohimdan, u Alqama va al-Asvaddan, ular Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni boshlashdan boshqada ikki qo‘llarini ko‘tarmas ekanlar, dedi.
- Men senga az-Zuhriydan, Solimdan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilsam, sen menga Hammod Ibrohimdan hadis aytdi, deysan-a?! dedi al-Avzo’iy. Abu Hanifa uning bu gapiga:
- Hammod az-Zuhriydan ko‘ra faqihroq edi. Ibrohim esa Solimdan ko‘ra faqihroq edi. Agar Ibn Umar sahobiylik fazliga ega bo‘lsa ham fiqhda Alqama undan kam emas. Al-Asvadning fazli juda ham ko‘p. Abdulloh ibn Mas’udning fiqhda va qiroatda fazli ko‘p. Uning sahobiylik haqqi bor. Kichikligidan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lgan. U Abdulloh ibn Umardan afzal, deb javob berdi. Shunda al-Avzo’iy jim qoldi».
Demak, Abu Hanifa rahmatullohi alayhi ham, u kishining izdoshlari ham shar’iy hukmlarni havodan emas, Qur’on va Sunnatdan olgan ekanlar. Boshqalardan ko‘ra chuqurroq ilmiy izlanishda bo‘lgan ekanlar. Hatto boshqa mazhab mujtahidlari mulohaza qilmagan nozik tomonlarni ham ular mulohaza qilgan ekanlar.
Hanafiylarning dalillari
Hanafiy mazhabi ulamolari mazkur masala bo‘yicha muxolif tomonlarning dalillarini munoqasha qilib, ularga raddiya beribgina qolmay, o‘z hukmlarini tasdiqlash uchun hujjat-dalillar ham keltirganlar. Quyida e’tiboringizga ular keltirgan dalillardan qisman havola qilamiz:
Birinchi dalil:
Imom Muslim Jobir Ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning huzurimizga chiqdilar va: «Nima uchun men sizlarni qo‘llaringizni xuddi asov otning dumiga o‘xshatib ko‘tarayotganingizni ko‘rmoqdaman?! Namozda sokinlik ila turinglar!» dedilar», deyilgan.
Ma’lumki, namoz yangi farz bo‘lgan paytda hozirgi kabi to‘liq bo‘lmagan. Ba’zi holatlarda har xil mayda ovoz chiqarish yoki harakatlar ham bo‘lib turgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam undoq ishlarni qilgan odamlarga asta-sekin tarbiya berib, xatolarini tuzatib borganlar. Bu ma’noda hadis kitoblarimizda bir qancha rivoyatlar kelgan. Ushbu biz tahlil qilayotgan ruku’ga ketishda va undan qaytishda qo‘lni ko‘tarish masalasi ham avvalda bor bo‘lib, keyin mansux qilinganligini mana shu hadisdan bilib olsak bo‘ladi. Bu hukmning mansux bo‘lgani, amaldan qolganidan bexabar ba’zi sahobiylar avvalgidek ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘llarini ko‘tarib, namoz o‘qiyotganlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hujralaridan ko‘rib turganlar. Keyin tashqariga chiqib, ularga ushbu hadisda keltirilgan gaplarni aytganlar.
Ikkinchi dalil:
Imom Termiziy Alqama roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Abdulloh Ibn Mas’ud men sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlarini o‘qib beraymi, dedi-da, namoz o‘qib, birinchi qo‘l ko‘tarishdan boshqa qo‘l ko‘tarmadi», deyilgan.
O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunga o‘xshash kishilarni ogohlantirib qo‘yib, qilingan ishlar o‘ta aniqlik bilan ado etiladi. Abdulloh Ibn Mas’ud roziyallohu anhu kim ekanliklari esa hammamizga ma’lum. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan U zotning payg‘ambarlik davrlarida har doim birga yurgan, ulkan ilm sohibi va ko‘plab hadislarni rivoyat qilgan sahobiylar.
Xuddi shu ma’nodagi hadisni Imom Nasaiy ham rivoyat qilganlar.
Uchinchi dalil:
Imom at-Tahoviy al-Asvad roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Umar Ibn Xattobning birinchi takbirda ikki qo‘lini ko‘tarib, keyin ko‘tarmasligini ko‘rdim», deyilgan.
To‘rtinchi dalil:
Imom Ibn Abu Shayba al-Asvad roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda: «Umar ibn Xattobning orqasida namoz o‘qidim. U o‘z namozida boshlanishdagidan boshqa hech qo‘lini ko‘tarmadi. Ash-Sha’biy, Ibrohim va Abu Is'hoqlarni ham namozni boshlashdagidan boshqa qo‘l ko‘targanlarini ko‘rmadim», deyilgan.
Beshinchi dalil:
Imom al-Bayhaqiy Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umarlarning orqalarida namoz o‘qidim. Ular namozni boshlashdagi qo‘l ko‘tarishdan boshqa qo‘l ko‘tarmas edilar», deyilgan.
Oltinchi dalil:
Imom at-Tahoviy Abu Bakr Ibn Ayyosh roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Hech bir faqihni hech qachon birinchi takbirdan boshqa joyda qo‘lini ko‘targanini ko‘rmadim», deyilgan.
Yettinchi dalil:
Namoz hammaning ko‘z o‘ngida, har kuni besh marta ado etiladigan, e’tiborli va ulkan ibodat. Ayniqsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning har bir namozlarini yillar davomida ko‘pchilik o‘ta diqqat bilan kuzatib, o‘rganib kelgan. Ana shundoq narsaga tegishli, ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tariladimi-yo‘qmi, degan masalada har xil gap aytilishining o‘zi bu ish haqida shubha tug‘diradi. Bu esa, Hanafiylarning ishi to‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.
Sakkizinchi dalil:
Hanafiylar ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tarish haqida kelgan rivoyatlar ko‘pligi, sahihligi, ba’zi gaplarga qaraganda sahobai kiromlarning elliktalaridan rivoyat qilinganligini yaxshi biladilar. Ammo, shundoq bo‘lsa ham, nasx vorid bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydilar. Chunki nasx rivoyatning kuchli va kuchsizligiga yoki ko‘p va ozligiga qarab bo‘lmasligi hammaga ma’lum. Hadis har qancha kuchli bo‘lsa ham oyatning kuchiga yeta olmaydi. Shundoq bo‘lsa ham Qur’oni Karimning ba’zi oyatlari mansux bo‘lgani ma’lum va mashhur.
To‘qqizinchi dalil:
Ushbu munoqasha qilinayotgan qo‘l ko‘tarish haqidagi masalada bir aqliy dalil keltirish uchun Hanafiy mazhabi ulamolari vaqtincha nasx haqidagi da’volaridan kechadilar. Aytaylik, nasx vorid bo‘lmadi, deydilar ular. Undoq paytda umumiy qoidaga binoan bir hukm haqidagi hadislar qarama-qarshi bo‘lib qolsa, sahobalar nimaga amal qilgan bo‘lsalar, o‘sha olinadi. Agar sahobalarning amallari ham qarama-qarshi bo‘lib qolsa, qiyosga qaytiladi. Ushbu masalada ham qiyosga qaytiladigan bo‘lsa, aslida namozda sukunat, ortiqcha harakat qilmaslik ta’kidlanadi. Namozning ichida qo‘l ko‘tarishlik ortiqcha harakatdir. Takbiri tahrimadagi qo‘l ko‘tarish namoz ichidagi emas, uning boshlanishidagi ko‘tarishdir.
Shu yerga kelganda, muhtaram o‘quvchidan dalillar keltirishga yakun yasash uchun izn so‘raymiz. Agar qolgan dalillarni ham keltiradigan bo‘lsak, gap cho‘zilib ketadi. O‘zi shundoq ham cho‘zilib ketgan gapni yana ham cho‘zib yurmay, xulosaga o‘tib qo‘yaqolganimiz ma’quldir.
Xulosa
Ko‘rib turibmizki, barcha fiqhiy masalalar, jumladan, omiyn masalasi, ruku’ga borganda va undan qaytganda qo‘l ko‘tarish kabi masalalarda Hanafiy mazhabidagilar hadisga amal qilmaydilar, degan da’vo, mutlaqo yolg‘on va botil da’vodir. Aksincha, Hanafiylar hadislarni bosh-qalardan ko‘ra chuqurroq va aniqroq o‘rganib, amal qilishlarini o‘zimiz ilmiy ravishda o‘rganib chiqdik. Shu bilan birga Hanafiylar boshqa mazhab atbo’lariga o‘xshab, o‘zga mazhabdagilarning fikrlarini ham hurmat qilib kelganlar.
Hozirgi davrimizda ham Shofe’iy va Hanbaliylar qo‘l ko‘tarib, Hanafiy va Molikiylar qo‘l ko‘tarmay tinchgina namozlarini o‘qib kelishar edi. Ichimizdan bir necha oyatni chala yod olgan va uch-to‘rt hadisning tarjimasini o‘rganib olganlarimiz chiqib, mazhabboshi mujtahidlarimizga tosh ota boshlashdi. Musulmonlar ommasi o‘z ibo-datlarini ado qilishda Qur’on va Sunnatga amal qilmas-likda ayblandi. Dinga endigina qaytayotgan xalq ommasi o‘rtasida ulamolar ichida qolishi lozim bo‘lgan masalalar olib chiqilib turli ixtiloflarga yo‘l ochildi. Oqibatda musulmonlarga ko‘pgina kulfatlar yetdi.
Aziz din qardoshlar! O‘tgan sahifalarda hozirda ixtiloflarga sabab bo‘layotgan masalalardan ikkitasini ko‘rib chiqdik. Aslida bunday masalalar anchagina bo‘lib qoldi. Yangilari ham paydo bo‘lmoqda. Bu holat yana ham avj olib boraverishi mumkin. Chunki ichimizdan, mazhab ixtilofga sabab bo‘ladi, shuning uchun uni qo‘yib Qur’on va Sunnatga amal qilamiz, degan da’vo bilan chiqayotganlar, aslida, Hanafiy mazhabini rad etib, boshqa mazhabga ergashmoqdalar. Ular ba’zi masalalarni faqat o‘sha mazhabda aytilgani haq, undan boshqasi botil, deb o‘ylamoqdalar. Shuning uchun ham musulmonlar ommasini bid’atga berilganlikda, Qur’on va Sunnatga amal qilmaslikda va boshqa narsalarda ayblamoqdalar. Bu fikrimizning tasdig‘i uchun birgina misol keltiraylik.
Keyingi mavzular:
Tahoratda bo‘yinga mas'h tortish;
Fiqhiy mazhablarning haqligi to‘g‘risidagi zamonaviy hujjat va fatvolar;
To‘qqizinchi qaror.
100 ta SIR-ASRORLI IBORA
yoxud
ODAMLAR BILAN
MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI
100 ta “SЕHRLI SO‘Z”ni
ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
(1-qism)
KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA
XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:
JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ
RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM
MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
(1 – qism tugadi. Davomi bor...).
Ibrohimjon domla Inomov