Soʻnggi yillarni oʻz ichiga olgan davr ilmiy va ekspert doiralar tomonidan Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi deb atalmoqda. Ushbu qisqa vaqt ichida Oʻzbekistonda turli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar davlat va jamiyatning jadal rivojlanishiga erishish, xalq farovonligi va osoyishtaligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Oʻtgan qisqa vaqt davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi. Birinchidan, 2016-yilning 18-oktabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan oʻzining qatʼiy pozitsiyasini muxtasar ifoda qilib, jumladan shunday dedi: “Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotida Oʻzbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish loyihasi haqida soʻzladi. Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz gʻoyasi va ahamiyatiga koʻra betakror loyiha boʻlib, islom dinining ilmiy-maʼnaviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan.
Gʻayrat RASULOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati