العَظِيمُ
34. Al-A’ziym.
Aql tasavvur qila olmaydigan darajada azamatli va ulug‘.
الغَفُورُ
35. Al-G‘afur.
Ko‘p mag‘firat qiluvchi.
الشَّكُورُ
36. Ash-Shakur.
Oz amal uchun ko‘p savob beruvchi.
العَلِيُّ
37. Al-Aliy.
Martabasi oliylikda benihoya.
الكَبِيرُ
38. Al-Kabiyr.
Har bir narsadan ulug‘.
االْحَافِظُ
39. Al-Hafiz.
Har bir narsani muhofaza qiluvchi.
المُقِيتُ
40. Al-Muqiyt.
Barcha moddiy va ruhiy rizqlarni yaratuvchi.
الحَسِيبُ
41. Al-Hasiyb.
Kifoya qiluvchi. Qiyomatda bandalarning hisobini qiluvchi.
الجَلِيل
42. Al-Jaliyl.
Sifatlari ulug‘ zot.
الكَرِيمُ
43. Al-Kariym.
Birov so‘ramasa ham, hech bir evaz olmasdan, narsalarni ko‘plab ato qiluvchi.
الرَّقِيبُ
44. Ar-Raqiyb.
Hech bir zarrani ham qo‘ymay tekshirib turuvchi.
المُجِيبُ
45. Al-Mujiyb.
Duolarni ijobat qiluvchi.
الوَاسِعُ
46. Al-Vosi’.
Hamma narsani keng ilmi ila ihota qilgan. Barchani keng rahmati ila qamrab olgan.
الحَكِيمُ
47. Al-Hakiym.
Har bir narsani hikmat ila qiluvchi.
الوَدُودُ
48. Al-Vadud.
Barchaga yaxshilikni ravo ko‘ruvchi.
المَجِيدُ
49. Al-Majiyd.
Shon-sharafi va qadri behad yuksak.
الباعث
50. Al-Bo’is.
Xalqlarga payg‘ambarlar yuboruvchi. Kishilarga himmat yuboruvchi. O‘liklarni qayta tiriltiruvchi.
الشَّهِيدُ
51. Ash-Shahiyd.
Har bir narsaga hoziru nozir. Barchaga shohidlik beruvchi.
الحَقُّ
52. Al-Haq.
O‘zgarmas, sobit zot. Haqni yuzaga chiqaruvchi.
الوَكِيلُ
53. Al-Vakiyl.
Barchaning ishi unga topshirilgan zot.
القَوِيُ
54. Al-Qoviy.
Quvvatli Zot.
المَتِينُ
55. Al-Matiyn.
Mashaqqat bilmas, kuchli Zot.
الوَلِيُ
56. Al-Valiy.
Muhabbat qiluvchi, nusrat beruvchi va xalqining ishini yurituvchi zot.
الحَمِيدُ
57. Al-Hamiyd.
Barchaga maqtovlar ila maqtalgan zot.
المُحْصِى
58. Al-Muhsiy.
Barcha narsaning hisobini oluvchi zot.
المُبْدِئ
59. Al-Mubdi’.
Barcha narsalarni avval boshdan bor qilgan zot.
المُعِيد
60. Al-Mu’iyd.
Yo‘q bo‘lgan narsalarni yana qaytadan bor qiluvchi.
المُحْيِى
61. Al-Muhyi.
Tiriltiruvchi. U zot o‘liklarni tiriltiruvchidir.
المُمِيت
62. Al-Mumiyt.
O‘ldiruvchi. Barcha jonzotlarning jonini oluvchi.
الحَيُّ
63. Al-Hayy.
U hamisha tirikdir, U o‘lmaydi. Allohning hayoti abadiydir, o‘lim ila yo‘q bo‘lmas. Allohning hayoti azaliy, oldin yo‘q bo‘lgan emas.
القَيُّومُ
64. Al-Qayyum.
Har bir narsa ustida turuvchi va har bir turuvchi narsa Uning sababidangina turadi.
الوَاجِد
65. Al-Vojid.
Xohlagan narsasini topuvchi. Bu ishda birov Uni to‘sa olmaydi.
المَاجِد
66. Al-Majid.
Ulug‘lik va sharaf sohibi.
Davron NURMUHAMMAD
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi