Abdulloh ibn Zubayrning xalifaligi
(xalifalik davri: hijriy 64–73; milodiy 683–692)
Abdulloh ibn Zubayrning hayoti
Abdulloh ibn Zubayr – jannat bashorati berilgan o‘n kishining biri bo‘lgan mashhur sahoba Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning o‘g‘illaridir. Onalari – Asmo bint Abu Bakr Siddiq roziyallohu anho.
U zot hijratdan keyin Madinada birinchi tug‘ilgan bola edilar. Shuning uchun u kishi tug‘ilganida musulmonlar nihoyatda xursand bo‘lgan. O‘sha paytda yahudiylar «Muhojirlarda bepushtlik tarqalgan» deb da’vo qilishardi. Abdulloh ibn Zubayrning tug‘ilishi esa Madinai munavvarada musulmonlar uchun bayram ustiga bayram bo‘lib ketdi.
U kishi ulug‘ sahobadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Abdulloh ibn Zubayr to‘qqiz yoshda edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘ttiz uchta hadis rivoyat qilganlar.
Abdulloh ibn Zubayr Qur’on oyatlari yozilgan sahifalardan mus'haflarga nus'ha ko‘chirishdek mas’uliyatli ishni bajargan to‘rt sahobaning biridirlar.
Usmon roziyallohu anhu Hafsa onamizga odam yuborib: «Bizga sahifalarni berib tur, undan mus'haflarga nusxa ko‘chirib olaylik, keyin ularni o‘zingga qaytarib beramiz», degan. Shunda Hafsa ularni Usmonga berib yuborgan. U zot Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Sa’id ibn Os va Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishomlarga amr qilgan va ular mus'haflarga nusxa ko‘chirishgan.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu Yarmuk urushida otalari bilan birga ishtirok etganlar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu qatl qilingan kuni u kishini himoya qilib jang qilganlar va jarohatlanganlar. Shuningdek, Qustantiniya g‘azotida, keyinchalik Muoviyaning davrida Afrikadagi fathlarda ham ishtirok etganlar.
O‘sha paytda Afrika jamiyati deyilganda Taroblusdan Tanjagacha cho‘zilgan katta yerlarni o‘z ichiga olgan jamiyat ko‘zda tutilardi. Uning podshohi Rum tomonidan qo‘yilar, o‘sha paytda Jirjis ismli odam podshoh edi. U har yili Rum podshohiga xaroj to‘lab turardi. Jirjis bir yuz yigirma ming otliqdan iborat lashkar to‘pladi. Musulmonlar kelib, Islomni arz qilishgan edi, u bosh tortib, urushni ixtiyor qildi. Jirjis jarchi yuborib, «Kim Abdulloh ibn Sa’dni qatl qilsa, uni qizimga uylantiraman va yuz ming dinor beraman!» deb jar soldirdi.
Musulmonlarning qo‘mondoni Abdulloh ibn Zubayr edilar. U kishi Abdulloh ibn Sa’ddan izn olib, musulmonlar ichida «Kim Jirjisni qatl qilsa, u yuz ming dinor oladi va Jirjisning qiziga uylanib, uning mamlakatiga voliy bo‘ladi!» deb jar soldirdilar. Jirjisning diliga qo‘rquv tushdi.
Avvaliga jang Jirjisning rejasi bo‘yicha davom etdi, ya’ni ertalab boshlanib, peshinda to‘xtar edi. Keyin Abdulloh ibn Zubayr musulmon jangchilarni ikkiga bo‘ldilar. Bir qismi peshingacha urush qiladi, ikkinchisi peshindan keyin. Ana shunda rumliklar dam olishga ulgurishmaydi. Musulmonlar esa dam olib dam olib, jangni davom ettiraveradilar.
Abdulloh ibn Zubayrning ushbu rejasi rumliklarning mag‘lubiyatiga asosiy sabab bo‘ldi. Abdulloh ibn Zubayr Jirjisni qatl etdi.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu juda ko‘p ibodat qilar edilar. Xalifalar ichida chavandozligi bilan mashhur bo‘lganlar. Shijoatda u kishiga teng keladigan odam yo‘q edi.
«Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu namoz o‘qisalar, xushu’dan qotgan tayoqqa o‘xshab qolar edilar. Sajda qilganlarida chumchuqlar u kishini devor deb o‘ylab, ustilariga qo‘nar edi. Bir kuni Ka’baning Hatiym tarafida namoz o‘qiyotganlarida tosh tushib, kiyimlarining bir tomonini uzib ketganini ham sezmaganlar».
Hijratning 64 yili Yazid ibn Muoviya vafot etganida bu zot xalifa bo‘lishlari uchun bay’at berildi. Mana shu davrda Misr, Hijoz, Yaman, Xuroson, Iroq, Shom yurtlarining ba’zi yerlariga hukmdor bo‘ldilar.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu o‘zlari umaviylarga qarshi chiqib, Makkaga amir bo‘lib turganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayganlaridek qilib, Ka’bani qayta qurdilar. Ammo umaviylarning lashkarboshisi zolim Hajjoj Abdulloh ibn Zubayrni qatl qilib, qurilishlarini buzib, qurayshliklar ko‘rganidek qilib qayta qurdi.
Abdulloh ibn Zubayr o‘zlarining xalifalik davrlarida birinchi bo‘lib dirhamni joriy etdilar. Bu dirhamning bir tarafiga «Muhammadur Rasululloh», ikkinchi tarafiga «Amrullohi bil vafo val adl» deb bitilgan edi.
Abdulloh ibn Zubayrga bay’at
Karbaloda Husayn roziyallohu anhu qatl qilinganlaridan so‘ng Ibn Zubayr Yazidni xalifalikdan olindi, deb e’lon qildilar va odamlarni o‘zlariga bay’at qilishga chaqirdilar. Madinai munavvara va Makkai mukarrama ahli u kishiga bay’at qildi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Yazid ibn Muoviya Ibn Zubayrga qarshi urush qildi. Madinai munavvaraning Haramini buzib, ichkarida urush qilishga jur’at etdi. Makkai mukarrama qamal qilib turilganda, hijriy 64 (milodiy 683) yilda Yazid vafot etdi. Shundan keyin Abdulloh ibn Zubayrning ishlari qaror topdi. U kishiga boshqa shaharlarning odamlari ham bay’at qilishdi. Banu Umayyaga faqat Shomning bir qismigina qoldi, xolos.
Abdulloh ibn Zubayr ana shu tarzda qonuniy xalifaga aylandi. Shunga binoan Muoviya ibn Yazid, Marvon ibn Hakam va Abdulmalik ibn Marvonlarning birinchi davrdagi xalifaliklari botil hisoblandi. Ular haqida: «Abdulloh ibn Zubayrning zamonida Shomda hokim bo‘lib turishgan», deyiladi. Ahli ilmlarning ko‘plari mana shunga ittifoq qilganlar.
Hodisalar
Marvon ibn Hakamning faoliyati
Yazidning o‘limidan keyin uning o‘g‘li Muoviya xalifa bo‘ldi. Lekin u xalifalikdan voz kechib, uzlatga yuz tutdi.
Umaviylar hijriy 64 yilda Marvon ibn Hakamga bay’at qilishdi. U Shomning barchasini o‘z hukmi ostiga bo‘ysundirishga imkon topdi. So‘ng Abdulloh ibn Zubayrdan Misrni tortib oldi.
Marvon ibn Hakam hijriy 65 (milodiy 684) yilda vafot etdi. U ham o‘g‘li Abdulmalikka ahd olib, uni xalifa qilib qo‘ygach, olamdan ko‘z yumdi.
Muxtor Saqafiy harakati
(hijriy 64–67; milodiy 683–686)
Muxtor Saqafiy Ibn Zubayrning odamlaridan edi. Lekin u Ibn Zubayrdan ajralib, o‘zboshimchalik bilan ish yuritib, bosh ko‘tardi va Kufaga jo‘nab ketdi. U zalolatga ketib adashgan, nihoyatda obro‘talab va mol-mulkka o‘ch odam edi. U Kufaga ega chiqib oldi, Mosulni buysundirdi, Makkaga hujum qildi. Abdulmalik unga qarshi urush olib borgan edi, Saqafiy uni yengdi. Husayn roziyallohu anhuning qotillarini qatl qildi, ularni juda qattiq ta’qib ostita oldi. Bu ishlarni u shiy’alarning roziligi uchun qildi. Muxtor Saqafiy Ubaydulloh ibn Ziyodni qatl qildi. So‘ngra Mus’ab ibn Zubayr Muxtor Saqafiyni yo‘q qildi. Mus’ab Abdulloh ibn Zubayr va uning ukasi tomonidan Basraning voliysi etib tayinlangan edi. Bu voqea hijriy 67 (milodiy 686) yilda bo‘lib o‘tdi.
Abdulmalikning Iroq va Madinani egallab olishi
Abdulmalik o‘zi bosh bo‘lib, Mus’ab ibn Umayrga qarshi urush qilish uchun yo‘lga chiqdi. Mus’ab yengildi va hijriy 71 (milodiy 690) yilda qatl qilindi. Iroq Abdulmalikka bo‘ysundi. So‘ng uning lashkari Madinai munavvaraga keldi va u yerni ham o‘ziga bo‘ysundirdi.
Abdulloh ibn Zubayrning qatl qilinishi va Makkaning bo‘ysundirilishi
Keyin Abdulmalik o‘z qo‘mondoni Hajjoj ibn Yusuf boshchiligida lashkarini Makka tomon yubordi. Ibn Zubayr Makkada o‘ziga istehkom qurib olgan edi. Hajjoj Makkai mukarramani qamal qildi. Ka’bani manjaniqda toshga tutdi. Odamlar Ibn Zubayrni tashlab qochib ketishdi. Ibn Zubayr o‘ziga yaqin kishilar bilan beqiyos shijoat ko‘rsatib, Ka’baning oldida dushmanga qarshi jang qildi. Biroq manjaniqda otilgan toshlar tegib singan Ka’baning bo‘laklari ostida halok bo‘ldi. Bu hodisa hijriy 73 (milodiy 692) yilda sodir bo‘ldi. Shunday qilib, Makka va uning aholisi Abdulmalikka bo‘ysundi. Barcha yurtlarga Abdulmalik qonuniy xalifa bo‘lib oldi.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning xalifaligi tahminan to‘qqiz yil davom etdi.
Umaviylar xalifaligining qayta tiklanishi
Abdulmalik ibn Marvon
(xalifalik davri:hijriy 73–86; milodiy 692–705)
Abdulmalik ibn Marvonning hayoti va xalifaligi
Abdulmalik ibn Marvon ibn Hakam ibn Abu Os ibn Umayya 16 yoshligida Muoviya uni Madinaga voliy qilgan edi. U xalifa bo‘lishidan oldin g‘oyatda obid, zohid va faqix inson bo‘lib, Madinai munavvaraning ulamolaridan sanalardi. Abdulmalik ibn Marvon hijriy 41–45 yillarda Afrikani fath qilish ishlarida ishtirok etgan. Hijriy 65 (milodiy 684) yilda otasi Marvon ibn Hakamning vafotidan keyin ishni o‘z qo‘liga oldi. O‘sha vaqtda Ibn Zubayr xalifa bo‘lib turgan edi. U Iroqni Ibn Zubayrdan ajratib olgandan so‘ng uni qatl qilib, Hijozni o‘ziga bo‘ysundirdi. Boshqa shaharlar ham unga bay’at qildi. Hijriy 73 (milodiy 692) yildan Abdulmalik ibn Marvon qonuniy xalifaga aylandi va barcha vaziyatni o‘z qo‘liga oldi.
Bu inson umaviylar davlatining ikkinchi asoschisi sanaladi. Abdulmalik ibn Marvon ishni qo‘liga olgan paytda Islom olami tarqoq holatda edi. U o‘zining donoligi va siyosati bilan yurtlarning hammasini toatga qaytishga undadi va bu ishda muvaffaqiyatga erishdi. Barcha bosh ko‘tarishlar, isyonlar va qo‘zg‘alonlarni bostirdi.
Fathlar
Abdulmalik ibn Marvonning davrida keng va katta fathlar bo‘lmadi, chunki u xorijiylarga va Ibn Ash’asga qarshi jang bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keyinroq Rumga qarshi urush qilishga qaytdi, chunki ular Shom yurtlariga tahdid solib turgan edi. Mag‘rib yurtlari qaytadan fath, qilindi. O‘sha davrda Shimoliy Afrika maydonida eng katta va mashhur qo‘mondonlardan biri Muso ibn Nusayr bo‘ldi. Uqbaning o‘limidan keyin Tanja va Siptani fath qildi.
Sharq tarafda Movarounnahr yurtlarida turklarga qarshi urushlar bo‘ldi. Muhammad Saqafiy Sindni fath qildi. Mashriqda keng qamrovli fathlar bo‘lmadi, biroq uning davridagi barqarorlik otasi Validning paytidagidan ko‘ra salmoqliroq bo‘ldi.
Hodisalar Abdurrahmon ibn Ash’as harakati
(hijriy 81–85; milodiy 700–704)
Hijriy 81 yilda Hajjoj Abdurrahmon ibn Ash’asni turk yurtlarini fath qilish uchun yubordi.
U yerda juda ko‘p g‘alabalarga erishgan Abdurrahmon ibn Ash’as Hajjojga va Abdulmalikka itoat qilishdan bosh tortdi. Hajjojga qarshi urush olib borib, Iroqni bo‘ysundirdi. So‘ng mashriq tarafda Xurosondan boshqa joylar unga bo‘ysundi. Abdurrahmon ibn Ash’as bilan umaviylar orasida katta urushlar bo‘ldi. Nihoyat hijriy 82 yilda u yengilib, qochib ketdi va hijriy 85 yilda qatl qilindi.
Hajjoj tomonidan Ibn Ash’asga ergashgan ulamolardan ko‘pchiligi ham qatl qilindi. Ularning ichida tobe’inlardan bo‘lmish Sa’id ibn Jubayr ham bor edi.
Hajjoj ibn Yusuf Saqafiy
Abdulmalikning eng ko‘zga ko‘ringan odamlaridan biri bo‘lgan bu shaxs o‘zining siyosati, dohiyligi va shafqatsizligi bilan mashhur bo‘ldi. U Mus’ab ibn Zubayrga qarshi urush olib borgan, Iroqni umaviylarga qo‘shgan qo‘mondonlardan edi. So‘ng Abdulmalik uni Abdulloh ibn Zubayrga qarshi urushish va Hijozni bo‘ysundirish uchun yubordi. U Ibn Zubayrni o‘ldirdi va o‘sha yerlarga o‘zi voliy bo‘ldi.
Iroqda fitnalar yangitdan boshlanganda (o‘zi har doim shunday bo‘lib kelgan), Abdulmalik Hajjojni Iroqqa voliy qildi. Hajjoj Iroqqa qarshi rahmsiz va shafqatsiz siyosat olib borib, uni ham o‘ziga bo‘ysundirdi. Hajjojning nufuzi Sharqning barcha taraflariga tarqaldi. Umaviylar davlati duch kelgan to‘siqlarni yengishda uning xizmatlari nihoyatda katta edi. Ko‘rinib turibdiki, Hajjojning shafqatsizligi o‘sha zamondagi tinchlik va istiqlol uchun xizmat qilgan.
Xavorijlar
O‘sha davrlarda xavorijlarning Iroq va Arabiston yarimorolidagi faoliyatlari kuchaydi. Umaviy qo‘mondonlardan Muhallab ibn Abu Safro ularning ustidan ko‘p g‘alabalarga erishib, u yerlarda juda ko‘p aholini qirib bitirdi. Qotriy ibn Fujo’a va Shabib Shayboniy xavorijlarning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan edi.
Abdulmalik ibn Marvon amalga oshirgan eng muhim ishlar
– Hijriy 76 (milodiy 695) yilda islomiy pul birligi chiqarilib, muomalaga kiritildi.
– Masjidul Aqso binosi yangilandi.
– Devon ishlari arabiylashtirildi. Bu ish hijriy 81–86 (milodiy 700–705) yillarda amalga oshirildi.
Abdulmalik ibn Marvonning vafoti
Abdulmalik ibn Marvon hijriy 86 (milodiy 705) yilda vafot etdi. Uning qonuniy xalifaligi o‘n uch yil davom etdi.
Keyingi mavzular:
Valid ibn Abdulmalik.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?
Zamzam suvi
Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.
Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).
Zamzam suvining nomlari
Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:
1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan, shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.
2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.
3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.
4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.
5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.
6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.
7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.
8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.
9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.
10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.
11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.
12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.
13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.
14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.
15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.
16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.
17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.
18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam tufayli shifo bergan.
19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.
20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.
21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.
22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.
23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.
24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.
25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.
Zamzam suvining foydalari
Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:
1. Erta qarishning oldini oladi.
2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.
3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.
4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.
5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.
6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.
7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.
8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.
Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida
Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.
Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).
Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.
Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.
Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.
Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.
Abdulloh Kamolov