Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2025   |   28 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:48
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2025, 28 Zulqa`da, 1446

Odam nega o‘z joniga qasd qiladi?

22.11.2024   7013   3 min.
Odam nega o‘z joniga qasd qiladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘lim har bir insonning hayotdagi oxirgi nafasi, shu bilan har bir insonning abadiyati hal etiladigan eng so‘ngi lahza,  yaxshilik va yomonliklarimizning zarrachasini ham qoldirmay ko‘z o‘ngimizga olib keladigan, hisob qilinadigan vaqt, qabrda jannat bog‘chalaridan bir bog‘cha yoki do‘zax chuqurlaridan bir chuqur bo‘lishini isbotlaydigan holdir.

O‘limning haqiqiy ma’nosini tushunib, uning ulkan mahobatini his etgan olimlar bo‘lar bo‘lmasga o‘lim so‘zini tillariga chiqaraverishdan ham istihola qilganlar. Shuning uchun ham xalqimiz talaffuzida vafot etgan kishiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘lim so‘zi ishlatilmaydi. Balki falon kishi dunyodan o‘tibdilar, yo‘q bo‘lib qolibdilar, omonatni topshiribdilar kabi so‘zlarni ishlatish urfga aylangan.

Bugun esa, bu so‘zga nisbatan yengil munosabatda bo‘lib qolganimiz o‘z joniga qasd qilish illati avj olishiga sabab emasmikan? E’tibor berib qarasangiz, ayrimlarda tushunchaning yetarli emasligi sababidan ko‘pchilik o‘zaro hazillashib ham o‘lim so‘zini ishlatmoqda, hatto ayrim onalarimiz farzandlarini qo‘rqmasdan “o‘lim” so‘zini ishlatib qarg‘amoqdalar.

O‘z joniga qasd qilish illatining bundan ham  dahshatli sabablaridan biri ko‘pchilik yoshi kattalarimiz ham, o‘lim xabarini eshitgan paytda musulmon kishiga xos bo‘lgan odobni ham bilmasligidir. Ko‘pchilik uzoq vaqt kasal bo‘lib yoki qiynalib dunyodan o‘tgan kishini eshitsa, unga munosabat bildirib “tashvishdan, qiyinchilikdan qutulibdi” degan so‘zlarni ham ishlatmoqdalar. Bu kabi gap so‘zlar bilan nafaqat o‘zimiz g‘aflatda yuribmiz, balki yoshlarimizning ham ongini chalg‘itishga, o‘lim bilan osongina o‘ynashishga sababchi bo‘lib qolmoqdamiz. Bu haqda hadisi shariflarda bunday deyiladi:

فعَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها قَالَتْ : قِيلَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ، مَاتَتْ فُلَانَةُ ، وَاسْتَرَاحَتْ , فَغَضِبَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَقَالَ : إِنَّمَا يَسْتَرِيحُ مَنْ غُفِرَ لَهُ  (رواه أحمد 24192)

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, falon ayol vafot etib, xotirjam bo‘ldi, dunyoning mashaqqatlaridan qutildi deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azablanib: “Alloh taolo tomonidan mag‘firat etilgan kishigina najot topadi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

O‘z joniga qasd qilishning tarqalishiga yana bir jiddiy sabablardan biri mehr-shafqatning yetishmasligidir. Doimo bir-birlari bilan chiqisha olmaydigan, arzimas sabab bilan baqir-chaqirlar bo‘laveradigan oilalarda o‘sayotgan farzandlarning jajjigina qalbi dunyoni ushbu yovuz oila timsolida tasavvur etib ulg‘ayadi. Dunyoni mehrsiz deb tushunib ulg‘aygan farzandning qulog‘iga ikkinchi tomondan o‘lim so‘zi oddiy narsa, hayot qiyinchiliklaridan qutulish yo‘li bo‘lib eshitilib turgandan keyin u nima qilsin?

Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik, farzandlarimizga bergan mehrimiz sababidan ham biz ikki dunyoda Robbimiz tomonidan rahm qilinamiz. Alloh taoloning O‘zi aziz xalqimizni bu kabi illatlarning domiga tushib qolishdan O‘z panohida asrasin.

Sh.Isroilov
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
Uchqo‘rg‘on tumani Muhammad Zarif jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tavakkul qanday qilinadi?

21.05.2025   4464   2 min.
Tavakkul qanday qilinadi?

Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.


Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.


Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi.  Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).


Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!


Ruhiddin Akbarov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi

 

O'zbekiston yangiliklari