Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘lim har bir insonning hayotdagi oxirgi nafasi, shu bilan har bir insonning abadiyati hal etiladigan eng so‘ngi lahza, yaxshilik va yomonliklarimizning zarrachasini ham qoldirmay ko‘z o‘ngimizga olib keladigan, hisob qilinadigan vaqt, qabrda jannat bog‘chalaridan bir bog‘cha yoki do‘zax chuqurlaridan bir chuqur bo‘lishini isbotlaydigan holdir.
O‘limning haqiqiy ma’nosini tushunib, uning ulkan mahobatini his etgan olimlar bo‘lar bo‘lmasga o‘lim so‘zini tillariga chiqaraverishdan ham istihola qilganlar. Shuning uchun ham xalqimiz talaffuzida vafot etgan kishiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘lim so‘zi ishlatilmaydi. Balki falon kishi dunyodan o‘tibdilar, yo‘q bo‘lib qolibdilar, omonatni topshiribdilar kabi so‘zlarni ishlatish urfga aylangan.
Bugun esa, bu so‘zga nisbatan yengil munosabatda bo‘lib qolganimiz o‘z joniga qasd qilish illati avj olishiga sabab emasmikan? E’tibor berib qarasangiz, ayrimlarda tushunchaning yetarli emasligi sababidan ko‘pchilik o‘zaro hazillashib ham o‘lim so‘zini ishlatmoqda, hatto ayrim onalarimiz farzandlarini qo‘rqmasdan “o‘lim” so‘zini ishlatib qarg‘amoqdalar.
O‘z joniga qasd qilish illatining bundan ham dahshatli sabablaridan biri ko‘pchilik yoshi kattalarimiz ham, o‘lim xabarini eshitgan paytda musulmon kishiga xos bo‘lgan odobni ham bilmasligidir. Ko‘pchilik uzoq vaqt kasal bo‘lib yoki qiynalib dunyodan o‘tgan kishini eshitsa, unga munosabat bildirib “tashvishdan, qiyinchilikdan qutulibdi” degan so‘zlarni ham ishlatmoqdalar. Bu kabi gap so‘zlar bilan nafaqat o‘zimiz g‘aflatda yuribmiz, balki yoshlarimizning ham ongini chalg‘itishga, o‘lim bilan osongina o‘ynashishga sababchi bo‘lib qolmoqdamiz. Bu haqda hadisi shariflarda bunday deyiladi:
فعَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها قَالَتْ : قِيلَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ، مَاتَتْ فُلَانَةُ ، وَاسْتَرَاحَتْ , فَغَضِبَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَقَالَ : إِنَّمَا يَسْتَرِيحُ مَنْ غُفِرَ لَهُ (رواه أحمد 24192)
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, falon ayol vafot etib, xotirjam bo‘ldi, dunyoning mashaqqatlaridan qutildi deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azablanib: “Alloh taolo tomonidan mag‘firat etilgan kishigina najot topadi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
O‘z joniga qasd qilishning tarqalishiga yana bir jiddiy sabablardan biri mehr-shafqatning yetishmasligidir. Doimo bir-birlari bilan chiqisha olmaydigan, arzimas sabab bilan baqir-chaqirlar bo‘laveradigan oilalarda o‘sayotgan farzandlarning jajjigina qalbi dunyoni ushbu yovuz oila timsolida tasavvur etib ulg‘ayadi. Dunyoni mehrsiz deb tushunib ulg‘aygan farzandning qulog‘iga ikkinchi tomondan o‘lim so‘zi oddiy narsa, hayot qiyinchiliklaridan qutulish yo‘li bo‘lib eshitilib turgandan keyin u nima qilsin?
Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik, farzandlarimizga bergan mehrimiz sababidan ham biz ikki dunyoda Robbimiz tomonidan rahm qilinamiz. Alloh taoloning O‘zi aziz xalqimizni bu kabi illatlarning domiga tushib qolishdan O‘z panohida asrasin.
Sh.Isroilov
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
Uchqo‘rg‘on tumani Muhammad Zarif jome masjidi imom-xatibi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi