Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh bir kuni ilmiy majlislarida shunday dedilar: «Insonga hayotda g‘am, musibat va mashaqqatlar yetadi. Agar banda chuqurroq o‘ylab ko‘rsa, bu mashaqqat va qiyinchiliklar Alloh taoloning ne’matlari ekanini anglaydi. Masalan, bemorlik ham bir ne’mat. Faqirlik va muhtojlik ham ne’mat. Qalb ko‘zi ochiq inson bu narsalar Alloh taoloning ne’matlari ekanini ko‘radi. Haqiqatda, mashaqqat va qiyinchiliklar ne’matdir. Ammo bizning qosir aqlimiz ularning ne’mat ekanini sig‘dira olmaydi».
Shu o‘rinda musibat va qiyinchiliklar qanday qilib ne’mat bo‘ladi? degan savol tug‘iladi. Bu savolning javobi hadisi sharifda keladi. Unda aytilishicha, Alloh taolo oxiratda mashaqqat va musibatlarga sabr qilgan bandalariga behisob ajr-mukofotlar beradi, o‘shanda dunyoda u qadar musibatga uchramagan odamlar u bandalarni ko‘rib, koshki, hayoti dunyoda bizga ham musibat va mashaqqatlar yetganda edi, biz ham sabr qilgan va sabrimizga mana shunday ajr-savoblar olgan bo‘lar, bu kunda sabr qiluvchilar bilan birga turar edik, deb orzu qiladilar.
Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh shunday deb turganlarida, majlisga bir odam kirib keldi. U nogiron bo‘lib, turli xil dardlarga mubtalo edi. U kelib, Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayhga: «Mening haqqimga duo qiling, Alloh taolo menga bu mashaqqatlardan najot bersin», dedi.
Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Biz o‘sha majlisda hozir edik. O‘shanda hayron bo‘ldik, Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh butun musibatlar va qiyinchiliklarning ne’mat ekanini aytib turibdilar. Bu yoqda esa bu odam o‘zidan mashaqqat va qiyinchiliklarning ketishini istab duo so‘rayapti. Agar bu nogiron odamdan mashaqqatlar ketishini so‘rab duo qilsalar, u holda ne’matning zoye bo‘lishini so‘ragan bo‘ladilar-ku? Hoji Imdodullox Makkiy rahmatullohi alayh shu payt qo‘llarini duoga ko‘tardilar va: «Allohim! Haqiqatda, barcha musibat va mashaqqatlar ne’matdir. Lekin, Allohim, biz ojizmiz. Sen bizning ojizligimizga nazar sol va bu mashaqqat ne’matini salomatlik ne’matiga almashtirib ber!» deb duo qildilar».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biror marta o‘zingizga shu savolni berib ko‘rganmisiz?
Iblis Odamga sajda qilishdan bosh tortganida hali shayton yo‘q ediku, unga kim vasvasa qildi?
Bu barchamiz uchun juda jiddiy va o‘ta muhim savoldir...
Shayton Allohga osiy bo‘lganida, uning shaytoni kim edi?
Ushbu satrlarni o‘qing — bizning haqiqiy shaytonimiz kim ekanligini bilasiz!
"Nafs" so‘zi nihoyatda muhim ma’noni anglatadi va u Qur’oni karimda juda ko‘p oyatlarda zikr qilingan.
Alloh taolo "Qof" surasida bunday deydi:
"Biz insonni yaratdik va uning nafsi nimani vasvasa qilayotganini ham bilamiz. Biz unga yo‘g‘on tomiridan ham yaqinroqmiz" (Qof, 16).
Biz Allohga imon keltirganmiz, Uni zikr qilamiz, masjidda namoz o‘qiymiz, Qur’on o‘qiymiz, sadaqa qilamiz va hokazo...
Shunga qaramay, gunohlardan holi bo‘la olmaymiz. Nega?
Sababi shundaki, biz haqiqiy dushmanni qo‘yib, zaif va ojiz dushmanga qarshi boramiz. Alloh taolo bunday deydi:
"Darhaqiqat, shaytonning makri zaifdir" (Niso, 76).
Haqiqiy dushman bu — nafsdir. Ha, nafs insonning ichidagi soatli mina, yashirin xavfdir.
Alloh taolo "Isro" surasida bunday deydi:
"Kitobingni o‘qib chiq. Bugun nafsing senga hisobchi bo‘lishi yetarlidir" (Isro, 14).
Yana Alloh taolo "G‘ofir" surasida bunday deydi:
"Bugun har bir nafs qilgan amallariga yarasha mukofotlanadi. Zulm qilinmaydi" (G‘ofir, 17).
"Muddassir" surasida:
"Har bir nafs qilgan ishining garovidir" (Muddassir, 38).
"Noziat" surasida:
"Kim Robbining martabasidan qo‘rqib, nafsini havoyi istaklardan tiysa..." (Noziat, 40).
"Takvir" surasida:
"Har bir nafs qilgan amallarini bilib olar" (Takvir, 14).
Ko‘rib turganingizdek, bu oyatlarda asosan "nafs" haqida so‘z ketmoqda. Shunday ekan, nafs nima o‘zi?
Olimlar bunday deydi: ilgari Allohdan boshqa iloh sifatida sig‘inilgan butlar — Lot, Uzzo, Manot, Suvo’, Vadd, Yag‘us, Ya’uq va Nasr — barchasi yo‘q qilindi. Ammo bir soxta iloh borki, uni odamlar hanuz ham Allohdan o‘zgacha sevib, unga bo‘ysunadi. Bu iloh — nafs havosidir. Alloh taolo aytadi: "O‘z nafsini iloh qilib olgan kimsani ko‘rmadingizmi?" (Josiya, 23).
Nafs havosi insonni o‘z qo‘liga olsa, u na biror qonunga bo‘ysunadi, na bir diniy ta’limotga. Shundan uni o‘zi istagan narsasiini qilib yurganini ko‘rasiz.
Imom Busiriy o‘z qasidasida bunday deydi:
"Nafs va shaytonga qarshi chiq va u ikkisiga itoat qilma".
Qobil Hobilni o‘ldirgani haqida hikoya qilar ekan, Alloh taolo aytadi:
"Uning nafsi uni o‘z akasi Hobilni o‘ldirishga undadi..." (Moida, 30).
Biror odam gunohga qo‘l ursa va keyin afsuslanib tavba qilsa, undan:
— Nima seni bu gunohga boshladi? deb so‘rasangiz, u: "Nafsimning gapiga kirdim", deb aytadi.
Xulosa shuki, nafsimiz bizning eng katta dushmanimiz va biz uni doimo ta’qib qilishimiz lozimdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV