Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh bir kuni ilmiy majlislarida shunday dedilar: «Insonga hayotda g‘am, musibat va mashaqqatlar yetadi. Agar banda chuqurroq o‘ylab ko‘rsa, bu mashaqqat va qiyinchiliklar Alloh taoloning ne’matlari ekanini anglaydi. Masalan, bemorlik ham bir ne’mat. Faqirlik va muhtojlik ham ne’mat. Qalb ko‘zi ochiq inson bu narsalar Alloh taoloning ne’matlari ekanini ko‘radi. Haqiqatda, mashaqqat va qiyinchiliklar ne’matdir. Ammo bizning qosir aqlimiz ularning ne’mat ekanini sig‘dira olmaydi».
Shu o‘rinda musibat va qiyinchiliklar qanday qilib ne’mat bo‘ladi? degan savol tug‘iladi. Bu savolning javobi hadisi sharifda keladi. Unda aytilishicha, Alloh taolo oxiratda mashaqqat va musibatlarga sabr qilgan bandalariga behisob ajr-mukofotlar beradi, o‘shanda dunyoda u qadar musibatga uchramagan odamlar u bandalarni ko‘rib, koshki, hayoti dunyoda bizga ham musibat va mashaqqatlar yetganda edi, biz ham sabr qilgan va sabrimizga mana shunday ajr-savoblar olgan bo‘lar, bu kunda sabr qiluvchilar bilan birga turar edik, deb orzu qiladilar.
Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh shunday deb turganlarida, majlisga bir odam kirib keldi. U nogiron bo‘lib, turli xil dardlarga mubtalo edi. U kelib, Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayhga: «Mening haqqimga duo qiling, Alloh taolo menga bu mashaqqatlardan najot bersin», dedi.
Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Biz o‘sha majlisda hozir edik. O‘shanda hayron bo‘ldik, Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh butun musibatlar va qiyinchiliklarning ne’mat ekanini aytib turibdilar. Bu yoqda esa bu odam o‘zidan mashaqqat va qiyinchiliklarning ketishini istab duo so‘rayapti. Agar bu nogiron odamdan mashaqqatlar ketishini so‘rab duo qilsalar, u holda ne’matning zoye bo‘lishini so‘ragan bo‘ladilar-ku? Hoji Imdodullox Makkiy rahmatullohi alayh shu payt qo‘llarini duoga ko‘tardilar va: «Allohim! Haqiqatda, barcha musibat va mashaqqatlar ne’matdir. Lekin, Allohim, biz ojizmiz. Sen bizning ojizligimizga nazar sol va bu mashaqqat ne’matini salomatlik ne’matiga almashtirib ber!» deb duo qildilar».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan