Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Katta gunohlarning eng kattasi

25.11.2024   4724   4 min.
Katta gunohlarning eng kattasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qur’oni karim oyatlari va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari asosida musulmon ummati ota-onaga oq bo‘lish katta gunohlarning kattasi ekaniga ittifoq qilgan. Bu borada hech qanday ixtilof yo‘q. Kelgusi satrlarda bu borada kelgan ba’zi hadisi sharif va rivoyatlar bilan yaqindan tanishib, bu mavzuni ilmiy asosda va batafsil o‘rganishga harakat qilamiz.

عَنِ الشَّعْبِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِأَكْبَرِ الْكَبَائِرِ: الْإِشْرَاكُ باِللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ، وَالْيَمِينُ الْغَمُوسُ».

Sha’biydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasining xabarini beraymi? Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on qasam ichish», dedilar».

Sharh: Ushbu hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam katta gunohlarning eng kattalaridan uchtasi haqida xabar bermoqdalar.

Allohga shirk keltirish – Allohning xotini bor, o‘g‘li bor, sherigi bor, degan buzuq aqiydaga e’tiqod qilish dunyodagi eng katta gunoh hisoblanadi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shirkdan boshqa gunohning hammasini kechishini va’da bergan. Lekin shirkni kechirmasligini alohida ta’kidlab qo‘ygan.

Ana shunday ulug‘, katta, beqiyos gunohdan keyingi o‘rinda turadigan gunoh ota-onaga oq bo‘lish ekan. Ota-onaning nazaridan qolish, duoyi badiga qolish, ularning noroziligiga duchor bo‘lish ana shunday og‘ir narsa.

Shu bilan birga, bir narsaning yolg‘onligini bilib turib, qasam ichib, o‘zining foydasiga burib ketish ham eng katta gunohlardan bittasi hisoblanar ekan. Alloh taolo bulardan O‘zi asrasin.

عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَا تَقُولُونَ فِي الزِّنَا وَالسَّرِقَةِ وَشُرْبِ الْخَمْرِ؟» قَالُوا: اللهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ. قَالَ: «هُنَّ فَوَاحِشُ، وَفِيهِنَّ عُقُوبَاتٌ، أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِأَكْبَرِ الْكَبَائِرِ؟» قَالُوا: وَمَا هُنَّ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: «الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ، أَلَا وَقَوْلَ الزُّورِ».

Hasandan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zino, o‘g‘irlik va aroqxo‘rlik haqida nima deysizlar?» dedilar. «Alloh va Uning Rasuli bilguvchi», deyishdi.

«O‘shalar fahsh ishlardir. Ularning uqubati bor. Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasini aytib beraymi?» dedilar. «Ular nima, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va bilib qo‘yinglar, yolg‘on gap», dedilar».

Sharh: Demak, ota-onaga oq bo‘lish zino, o‘g‘irlik, aroqxo‘rlikdan ham kattaroq gunoh hisoblanar ekan. Ularning bu dunyodagi uqubatlari belgilab qo‘yilgan. Zino qilsa, toshbo‘ron yoki darra urish bilan jazolanadi. O‘g‘irlik bo‘lsa, qo‘lini kesish yoki ta’zirini berish yo‘lga qo‘yiladi. Xamr ichib qo‘lga tushganga ham darra urish bor.

Lekin Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on gapdan iborat uchta gunohlarning uqubati bu dunyoda belgilanmagan bo‘lib, azobi oxiratga qoladigan narsalar ekan. Shuning uchun ular juda dahshatli gunohlar hisoblanadi. Shunday ekan, har bir mo‘min banda bu gunohlardan hazir bo‘lishi matlubdir.

عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ قَالَ: إِنَّ مِنْ أَكْبَرِ الْكَبَائِرِ الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ، وَالْيَمِينُ الْغَمُوسُ.

Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: «Gunohi kabiralarning eng kattasi: Allohga shirk keltirish, ota-onasiga oq bo‘lish va yolg‘ondan qasam ichishdir».

Sharh: Albatta, bu gapni Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bo‘ladilar. Buni avval o‘tgan rivoyatlar ham ko‘rsatib turibdi.

Allohga shirk keltirish, ota-onasiga oq bo‘lish va yolg‘ondan qasam ichish gunohlari odatda ma’naviy jinoyatlar sifatida sodir bo‘ladi. Ko‘pincha ular gunohkorning o‘zi bilgan holda, boshqalardan yashirin qoladi. Shuning uchun ularni sodir etganlarga shariatda ma’lum moddiy jazo belgilanmagan. Demak, bu jinoyatlarning jazosi butunlayicha oxiratga qolib ketishi xavfi bor. Oxiratning azobidan esa Alloh taoloning O‘zi asrasin.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tavakkul qanday qilinadi?

21.05.2025   4339   2 min.
Tavakkul qanday qilinadi?

Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.


Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.


Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi.  Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).


Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!


Ruhiddin Akbarov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi

 

O'zbekiston yangiliklari