Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Maktabimizda bufet bo‘lar edi. O‘sha tarafdan ajoyib hidlar kelardida o‘ziyam... Cho‘ntagimizda besh-o‘n tiyin pulimiz bo‘lsa, katta tanaffus bo‘ldi deguncha o‘sha yoqqa yugurardik. Kulcha, «qush tili», ikrali non 5 tiyin edi. Mayizli bulochka 10 tiyin. «Trubochka» – 15 tiyin. Issiq ovqat uchun 20 tiyin kerak edi. Buncha pul menda kamdan-kam bo‘lardi. Shuning uchun ko‘pincha, kulcha yoki usti shakarli, til shaklidagi «qush tili» olar edim.
Bufetimizda ikkita ayol galma-gal ishlardi. Biri, qo‘polligi uchun hamma yomon ko‘radigan – Sharofat opa (ism o‘zgartirildi), ikkinchisi juda muloyim, bolalarga mehribon, kichkinagina farishtasifat, tatar ayoli – Hadiya opa edi. Bu ayol bizning qo‘shnimiz Karim akaning ayoli edi. Ikkovlarini ham Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.
Patnisda taxlangan «qush tili» har xil bo‘lar edi. Orasida qiyshiq yoki cheti kuyganlari ham bo‘lar edi. Sharofat opadan oladigan bo‘lsam, negadir, «qush tili»larning orasidan eng yomonini tanlab olib berar edi. Indolmasdim...
Hadiya opa esa, navbatda bolalar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, erinmay, «qush tili»larning orasidan eng yaxshisini tanlab, jilmayib berar edilar. Hammaga ham shunday qilardilar. Bir kuni onamga shuni aytdim.
– Hadiya opa juda yaxshi xotin-a, oyi?
– Ha, yaxshi ayol. Nega unaqa deyapsan?
– Narsa olsam doim eng yaxshisini olib beradilar. Sharofat opa esa, eng yomonini tanlab beradilar.
Onam birpas o‘ylab turib:
– Bir kunda patnisdagi o‘sha «qush tili»larning hammasi sotib bo‘linadimi? – deb so‘radilar.
– Ha, to‘rtinchi soatdan keyin borsam bitta ham qolmagan bo‘ladi.
– Qara, Sharofat opa har bir bolaga patnisdagi «qush tili»larning eng yomonidan boshlab sotib tugatadi. Hadiya opa esa har bir bolaga eng yaxshisidan berib tugatadi. O‘sha qiyshiq «qush tili» ham qolib ketmaydi. To‘g‘rimi? Ikkovi ham bor «yazik»larning hammasini sotib tugatishadi. Lekin, bittasi «yomon xotin» deb taniladi. Hamma uni yomon ko‘radi. Ikkinchisi esa, «yaxshi xotin» bo‘lib taniladi. Hamma uni yaxshi ko‘radi. Endi o‘zing xulosa qil, bolam....
Onam rahmatlining mana shu gaplari menga zo‘r dars bo‘lgan. Birov bilan oldi-berdi qilayotganimda doim shu qoidani eslayman. Do‘konimda ikkita bir xil mahsulotning eng yaxshisini ko‘rsatishga harakat qilaman. Ikkinchisi ham qolib ketmaydi. Bir odamga ikkita narsadan yaxshirog‘ini bergan bo‘laman. Ikkinchisiga esa, qo‘limdagi borini bergan bo‘laman.
Ayniqsa, pul oldi-berdisida shunday qilsangiz, hammaga yoqadi. Deylik, birovga ikki million so‘m berishingiz kerak. Sizda har xil miqdordagi qog‘oz pullar bor. Ming so‘mlikdan to 200 ming so‘mlikkacha. Mijoz ko‘rib turibdi. Siz unga pullaringiz orasidan eng yirigini, ularning ham orasidan holati eng yangi bo‘lganini berishga odat qiling. Shunda ro‘parangizdagi insonda bu ishingiz bilan juda yaxshi taassurot qoldirasiz. Eski pullarning ham joyi chiqadi, albatta. Ishlatilmay qolib ketmaydi.
Shu qoidaga bir amal qilib ko‘ring-a!
Shoolim Shomansurov
«Hilol» jurnali 4(61) son
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir.
Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir.
Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi.
14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi