Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Musohibiy shunday degan: «Ne’matlar bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish shukr bilan bo‘ladi. Balolar ham bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish esa sabr bilan bo‘ladi».
«Sabr iymonning boshidir», deyishadi. Agar inson tanasi boshidan judo qilinsa, u halok bo‘lgani kabi sabr bo‘lmasa, iymon ham halokatga yuz tutgusidir.
Abdulqodir Jiyloniy aytgan: «Ey o‘g‘lim, musibat-balo seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi». Oltin o‘tga kirsa, sayqallanib yanada chiroy ochgani kabi inson ham musibat olovi orqali sayqallanadi.
Zakariyo Ahmad
«Hilol» jurnali 4 (61) son
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi