Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Musohibiy shunday degan: «Ne’matlar bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish shukr bilan bo‘ladi. Balolar ham bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish esa sabr bilan bo‘ladi».
«Sabr iymonning boshidir», deyishadi. Agar inson tanasi boshidan judo qilinsa, u halok bo‘lgani kabi sabr bo‘lmasa, iymon ham halokatga yuz tutgusidir.
Abdulqodir Jiyloniy aytgan: «Ey o‘g‘lim, musibat-balo seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi». Oltin o‘tga kirsa, sayqallanib yanada chiroy ochgani kabi inson ham musibat olovi orqali sayqallanadi.
Zakariyo Ahmad
«Hilol» jurnali 4 (61) son
Ulamolar biror bir mazhabga ergashish borasida Quron oyatlari va hadisi shariflardan ishoralar keltirib aytishadiki,«...Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz» (16:43).
Huzayfa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda: «Men sizlarning orangizda yana qancha qolishimni bilmayman. Shunday ekan, mendan so‘ng u ikkisi: Abu Bakr va Umarga iqtido qiling» (Termiziy, Ibn Moja, Ahmad), deyilgan.
Imom Muslim «Sahih» asarining sharhlovchisi Imom Navaviy muayyan imomga taqlid qilishning shartligini sharhlab: «Sabab shundaki, mazhablardan birini tanlashga ruxsat berish kishilarni, ular o‘z xohishlariga mos keladigan oson narsaga ergashishiga olib keladi. Ular halol va harom, ruxsat etilgan va man etilgan narsalarning orasidan o‘zlariga mosini tanlaydilar. Bu mazhablar osonlashtirilmagan, tizimlashtirilmagan yoki mashhur bo‘lmagan ilk islom davridan farqli ravishda mas’uliyat tashvishidan ozod qilishga olib keladi. Shular asosida kishi o‘zi qat’iy ravishda amal qiladigan mazhablardan birini tanlashi lozim bo‘ladi», degan .Boshqa manbada: «Bu ummat ijmo qilgan, to‘g‘irlangan, yozib qo‘yilgan to‘rt mazhabdir. Bizning kunimizgacha odamlar unga taqlid qilishib o‘zlarini o‘shandan deb hisoblaydilar. Bunda, ayniqsa, qat’iyatlilik kamaygan, xohishlarimiz ongimizga o‘rnashgan va odamning ahmoqona ehtirosi xuddi fazilat sifatida qaraladigan bugungi kunda, ko‘pgina aniq ustunlik bor», deb yozgan.
Yangi Namangan tumani "Abdulloh ibn Mas’ud" jome masjidi
imom-xatibi Sh.To‘xtabayev