Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qishloq sayrida do‘stlarimdan bir guruhi bir o‘yin o‘ynayotganini ko‘rdim. Ular daraxt shohiga bo‘shagan shisha idishni osib qo‘yib, masofadan turib miltiq bilan mo‘ljalga olishardi. Men ham ularning davrasiga qo‘shilib merganlikda o‘zimni sinab ko‘rishga qaror qildim.
- Bu nima? Miltiqmi? U qanday otiladi? Nima qilish kerak? Shishaga otish kerakmi? Qani, men ham sinab ko‘ray. Ular to diqqatlarini jamlab ulgurmay turib miltiqning tepkisini bosdim va shisha parchalari har tarafga sochilib ketdi.
Buni kutmagan do‘stlarim esa, hayratdan nafaslari ichlariga tushib ketdi. Keyin bilsam, ular bir soatdan beri shu ishni qila olmayotgan ekan. Ularning orasidagi uchtasi merganlik bo‘yicha mukofot olgan, ammo ular ham shishani ura olishmagan ekanlar.
Buning hammasini oldindan bilganimda, albatta, men ham ura olmasdim. Buni, azizlarim, jaholatning jasorati deyiladi.
Agar jaholatning jasorati bo‘lmaganida, biz hech narsa qila olmasdik, chunki oldindan mag‘lubiyatni kutib, o‘zimizni ishonchsiz his qilardik.
Shuning uchun ham o‘sha amerikalik yosh yigit haqida o‘qib hayron bo‘lmadim. U kechikib leksiya zaliga kirib kelib, taxtani ko‘rdi. U yerda yechimini hech kim topmagan tenglama bor edi.
Yosh yigit uni uy vazifasi deb o‘ylab, ko‘chirib oldi. Uyiga qaytib borgach, kechgacha mehnat qilib, nihoyat tenglamani yechdi va ertasi kuni o‘qituvchiga topshirdi.
O‘qituvchi hayratdan o‘ziga kela olmadi va yigitni chaqirib, unga haqiqatni aytdi: bu tenglama yechimsiz, buni tarix davomida matematiklar hech yecha olmagan, o‘qituvchi esa uni taxtaga yechish imkonsiz bo‘lgan tenglama sifatida ko‘rsatgan edi. Ammo haqiqatni bilmagan talaba uni bir kechada yechdi.
Bu yerda bizga jaholatning jasorati kerak, biz o‘z oldimizdagi ishning qiyinligini va bizdan oldin qancha odamlar mag‘lub bo‘lganini o‘ylamasligimiz kerak.
Bu muvaffaqiyatga erishishning yagona usulidir. Agar biz boshlashdan avval qo‘rquvlarimizga berilsak, qora itlar kelib, bizni bir qadam ham tashlashga ulgurmay yorib tashlaydilar.
— Jaholatning jasorati haqida, Dr. Ahmad Xolid Tavfiq.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.