Intervyu_24
11 sentyabr kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Turkiy davlatlar muftiylarini qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor Ali Erbosh, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashdi.
Oliy darajadagi muloqotda muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining samimiy salom va ezgu tilaklarini qardosh xalq Prezidentiga yetkazdilar.
O‘z navbatida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov janobi oliylari Muftiy hazratlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga samimiy salom va eng yaxshi tilaklarini yetkazib qo‘yishini so‘radi.
O‘zaro muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stu birodarlik, qo‘ni-qo‘shnichilik va yaqin hamkorlik aloqalari ravnaq topayotgani, oxirgi yillarda chegaralar ochilgani, natijada xalqlarimizning azaliy aloqalari yana bog‘langani ta’kidlandi. Bunday qulaylik va g‘amxo‘rlikdan barcha nihoyatda mamnun ekani aytib o‘tildi.
Turkiy davlatlar rahbarlarining sa’y-harakati bilan ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ijtimoiy-iqtisodiy va diniy-ma’rifiy jabhalarda munosabatlar rivojlanayotgani natijasida muftiylar ham birlashib, qardosh xalqlar hamjihatligi yo‘lida xizmat qilayotgani, xususan, Ramazon oyi, ikki hayit bayramlari birga nishonlanayotgani, zarur masalalarda kengashib, fatvo va bayonotlar e’lon qilinayotgani so‘zlandi.
Shuningdek, qardosh davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan barcha sohalarda erishilgan mana shunday muvaffaqiyatlar mamlakatlarimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirayotgani alohida e’tirof etildi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qardosh xalqlar muftiylarining o‘zaro yaqin hamkorligi naqadar ahamiyatli ekani, bu esa mo‘min-musulmonlar manfaatiga xizmat qilishini ta’kidlab, Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishiga muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati