Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Umar ibn Abdulaziz

2.12.2024   1905   16 min.
Umar ibn Abdulaziz

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sulaymon ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 96–99; milodiy 714717)

To‘liq ismi: Sulaymon ibn Abdulmalik ibn Marvon. U xalifa bo‘lishidan oldin Ramlaga voliy edi. Xalifalikni otasining ahdnomasiga binoan oldi. Uning otasi o‘g‘illari Valid hamda Sulaymonlarning ketma-ket xalifa bo‘lishini vasiyat qilgan edi. Shuning uchun Validning vafotidan keyin Sulaymon xalifa bo‘ldi.

 

Sulaymon ibn Abdulmalikning xalifaligi

Sulaymon ibn Abdulmalik xalifa bo‘lganidan keyin namozni o‘z vaqtida ado etish to‘g‘risida amr chiqardi. Ungacha odamlar kimdir avvalrok, kimdir keyinroq namoz o‘qishga odatlanib qolgan edi. Uning hukmdorligining dastlabki davri o‘z shaxsi uchun odamlardan intiqom olish bilan o‘tdi. Uning maqsadi Validdan keyin Sulaymon ibn Abdulmalik emas, Validning o‘g‘li xalifa bo‘lishiga maslahat qilgan taniqli odamlardan o‘ch olish edi. Ularning ichida Muhammad ibn Qosim Saqafiy, Qutayba ibn Muslim, shu bilan birga, Hajjoj ibn Yusufning qarindoshlari ham bor edi. Sulaymon ibn Abdulmalik ularga qarshi qattiq jazo choralarini ko‘rdi. Muso ibn Nusayrni ham jazoladi.

Sulaymon ibn Abdulmalik hijriy 97 (milodiy 715) yilda hajga borib, u yerda o‘zidan keyin amakisining o‘g‘li Umar ibn Abdulazizning xalifa bo‘lishiga ahdnoma oldi. Bu Sulaymon ibn Abdulmalik qilgan eng xayrli ishlardan biri edi.

Fathlar

Sulaymon ibn Abdulmalikning davrida fathlar juda oz bo‘ldi. G‘arbiy jabhada Maslama ibn Abdulmalikning qo‘mondonligi ostida Qustantiniyaga quruqlik va dengiz tarafdan urinishlar bo‘ldi. U o‘sha yerdan turib urushni davom ettirdi. Qustantiniyani fath qilmaguncha qaytmaslik to‘g‘risida qasam ichdi. Qustantiniyani qamal qilgandan so‘ng hijriy 99 (milodiy 717) yilda o‘sha yerda vafot etdi.

Sharqiy jabhada esa Yazid ibn Muhallab hijriy 98, milodiy 716 yilda Jurjon va Tabaristonni fath qildi.

Sulaymon ibn Abdulmalik hijriy 99 yilda vafot etdi. Uning xalifaligi uch yil davom etdi.

 

Umar ibn Abdulaziz
(xalifalik davri: hijriy 99–101; milodiy 717–719)

Umar ibn Abdulazizning xalifalik davri Islom tarixidagi eng go‘zal, eng chiroyli sahifalardan biridir. U kishining davriga kelib, Abu Bakr roziyallohu anhu va hazrati Umar roziyallohu anhularning uzilib qolgan tarixlari qayta tiklandi desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Umar ibn Abdulazizning davri qisqa bo‘lishiga qaramay, alohida ahamiyatga ega, asrlarga teng davr bo‘ldi. Unda Islomning musaffo xususiyatlari namoyon bo‘ldi. Banu Umayyaning davrida mana shu xususiyatlar ko‘rinmay qolgan edi.

Bu roshid xalifaning to‘liq ismi Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon ibn Hakamdir. Uning onasi Ummu Osim bint Osim ibn Umar ibn Xattob bo‘lgan, ya’ni Umar ibn Abdulaziz ona tarafdan hazrati Umarga tutashar edi. Bu zot halifa bo‘lishidan oldin Madinaga amir bo‘lib, dabdaba va maishatga ko‘milgan kishi edi.

 

Umar ibn Abdulazizning xalifaligi va uning amalga oshirgan eng muhim ishlari

Umar ibn Abdulaziz amakivachchasi Sulaymon ibn Abdulmalikning tavsiyasiga binoan xalifalikni qo‘lga oldi. Bu ish kutilmaganda bo‘ldi. Umar ibn Abdulaziz xalifa bo‘lishni orzu qilmas, bunga intilmas ham edi. Lekin u kishi xalifa bo‘lgandan keyin hamma ishlar boshqa tarafga qarab ketdi. U maishatni, rohat-farog‘atni batamom tark qildi, obid va zohid insonga aylandi. O‘zi uchun, ahli ayoli uchun haddan ziyod mol-mulk sarflashni bas qildi. O‘zi va ahli oilasi uchun baytulmoldan biror narsa olmaydigan bo‘ldi.

Umar ibn Abdulaziz ayoli Fotima bint Abdulmalikdagi mol-dunyolar, javharlarni ham xazinaga qaytarib berdi. Shuningdek, Banu Umayyadan ularga berilgan yerlar va hibalarning hammasini baytulmolga topshirdi.

Umar ibn Abdulazizning davrida juda katta islohot ishlari bo‘ldi: yerlarni isloh qildi, quduqlar qazitdi, masjidlar bino qildi, sadaqadan, zakotdan tushgan mollarni haqdorlariga tarqatib, kambag‘allikni butunlay yo‘qotdi. Hatto uning davrida zakot va sadaqa oladigan odam topilmay qoldi. Zolim voliylarning barchasini ishdan oldi. Ahli solihligi, taqvodorligi uchun bu xalifa ko‘pchilik tomonidan roshid xalifalardan deya e’tirof etildi.

Umar ibn Abdulaziz oz muddat xalifalik qilgan bo‘lsa-da, juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Xususan, u kishi o‘zining shaxsiy va oilaviy hayoti bilan tillarda doston bo‘ldi. O‘zi ilmli odam bo‘lgani uchun ilmga va ilm ahliga alohida ahamiyat berdi.

Hijriy I asrning oxirida xalifalik qilgan, ko‘pchilik tomonidan «beshinchi roshid xalifa» deya tan olingan Umar ibn Abdulaziz Ibn Shihob Zuxriy va boshqa muhaddislardan omma uchun hadislarni jamlab kitob yozishni so‘radi. Ibn Shihob Zuxriy sodda qilib bir kitob ta’lif qildi.

Boshqalar ham unga ergashdilar. Rasmiy ravishda hadis kitoblar yozish shundan boshlandi.

Umar ibn Abdulazizning xalifalik davrlarida keng hududli Islom davlatida katta miqdorda zakot mollari to‘plangan, lekin zakot oladigan odam topilmay qolgan. Bu esa o‘sha davlatdagi har bir oila zakot berish darajasiga yetgan, deganidir. Shunda ulamolar yig‘ilib, to‘plangan zakot mollarini «Allohning yo‘lida» degan bandga muvofiq, Afrikada Islomni tarqatish ishlariga sarflash kerak, degan fatvo chiqarganlar.

Mulohaza qilinadigan bo‘lsa, shu qadar katta hududga ega bo‘lgan davlatda zakot olishga haqli odam topilmasligi nodir holatdir. Bu mazkur bepoyon davlatda istiqomat qiluvchi barcha odamlar yil davomida sakson besh gramm tilla miqdoridan ziyod jamg‘armaga ega bo‘lgan deganidir. Bunday iqtisodiy to‘kinchilik insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan holatdir.

 

Fathlar

Umar ibn Abdulazizning davrida Islom askarlariga Qustantiniyani qamal qilmasdan, u yerdan orqaga qaytish buyurildi. Turk va Rum yurtlarida qilinadigan fath ishlari davom etdi. Musulmonlar Fransiyagacha bo‘lgan yurtlarni fath qilib bordilar. Baronis tog‘larini kesib o‘tib, Sibtamaniya va Burufonis viloyatlariga kirib bordilar. Tuluza shahrini qamal qildilar. Lekin ular Fransiyada katta zafar qozonmadilar.

Umar ibn Abdulazizning davrida urushlar ozaydi. Islomga da’vat qilish ishlari hikmat, mav’izai hasana bilan keng ravishda rivojlandi. Juda ko‘plab odamlar Islomga kirdilar.

 

Hodisalar

Umar ibn Abdulazizning xalifalik muddati oz bo‘lganligi sababli ahamiyatga sazovor ichki hodisalar bo‘lmagan. Hattoki xavorijlar ham o‘zlarining qo‘zg‘alonchilik faoliyatlarini to‘xtatishgan. Umar ibn Abdulaziz bilan hamfikr bo‘lib, ko‘pchiligi unga bo‘ysungan ham.

 

Abbosiylar da’vatining boshlanishi

Rofizalardan bo‘lgan kisoiyya firqasi imomlikni da’vo qilib chiqdi. Ularning da’vo qilishlaricha, imomlik Muhammad ibn Aliy ibn Abu Tolib ibn Hanafiyyaga bo‘lishi kerak edi. So‘ngra u kishidan keyin uning o‘g‘li Abu Hoshim imom bo‘lishi kerak, degan talabni ilgari surishdi. Abu Hoshim esa umaviylarni tanqid qilar edi. U amakisining o‘g‘li Muhammad ibn Aliy ibn Abdulloh ibn Abbosdan umaviylar hukmronligini bekor qilishni va odamlarni Oli baytga chaqirishni talab qildi. Bu ish hijriy 100 (milodiy 718) yildan boshlab yo‘lga qo‘yildi, ya’ni odamlarni umaviylarga emas, abbosiylarga itoat qilishga chaqiruv boshlandi.

 

Umar ibn Abdulazizning vafoti

Umar ibn Abdulaziz hijriy 101 yil rajab (milodiy 720 yil yanvar) oyida vafot etdi. U kishining 2 yilu 5 oygina davom etgan xalifaligi Islom dini va musulmonlar uchun katta ne’mat va yaxshilik bo‘ldi.

 

Yazid ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 101–105; milodiy 720–723)

Rohat-farog‘atda, erkalik bilan o‘sgan Yazid ibn Abdulmalik ibn Marvon sultonlikning qiymatini bilmas edi. Xalifalik o‘z-o‘zidan, hech bir qiyinchiliksiz, osongina uning qo‘liga o‘tdi. Umar ibn Abdulazizning vafotidan keyin Yazid ibn Abdulmalikning akasi Sulaymonning vasiyatiga binoan xalifalik unga topshirildi. Yazid ibn Abdulmalikning Haboba va Saloma ismli ikki joriyasi bo‘lib, ularga bo‘lgan kuchli muhabbati uni mashg‘ul qildi va yurt boshqaruvi izdan chiqdi. Odamlarning aytishicha, suyukli joriyasi Habobaning o‘limidan so‘ng Yazid ibn Abdulmalik ham ayriliqdan kuyib o‘lgan. Bu haqda tarixchilar rivoyatlar keltirganlar.

Albatta, Yazidning behuda ishlarga, ayshu ishratga ruju qo‘yganligi bor haqiqat, bu ishlarni oqlab bo‘lmaydi. Lekin shu bilan birga, u haqda tarqalgan rivoyatlarning barchasini to‘g‘ri deb ham bo‘lmaydi. Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, ular ayrim kishilar tomonidan to‘qib chiqarilgan. Xususan, Banu Umayyaning dushmanlari tarixni yozayotganda bunday holatlarni dastak qilib olib, ularga qo‘shib-chatib, turli bo‘lmag‘ur rivoyatlarni to‘qigan bo‘lishlari ehtimoldan xoli emas.

Xulosaga ko‘ra, oxirgi paytda umaviylar davlatining boshqaruvi, xalifaligi yosh, tajribasiz kishilar qo‘liga o‘tishi fathlarning to‘xtab qolishiga, davlatning zaiflashishiga va oxir-oqibat uning barham topishiga sabab bo‘lgan.


Fathlar

O‘sha davrlarda Armaniston va boshqa ba’zi yurtlar qaytadan fath qilindi. So‘ng hijriy 102 (milodiy 721) yilda musulmonlar mag‘lubiyatga uchrab, Fransiyaning janubidan orqaga qaytishdi. Shu yili Siqilliya fath qilindi. Hijriy 104 (milodiy 722) yili Sug‘d yurtlarida ham fath ishlari amalga oshirildi.

 

Hodisalar

O‘sha davrda Shavzob ismli odam boshchiligida xorijiylar yana bosh ko‘tarishdi. Ko‘pgina joylarda qo‘zg‘alon uyushtirib, umaviylarni yengishdi. Nihoyat mag‘lubiyatga ham uchrashdi. Boshliqlari Shavzob esa halok bo‘ldi.

O‘sha davrdagi eng muhim hodisalardan yana biri Yazid ibn Muhallab Abu Sofraning Iroqdagi qo‘zg‘aloni bo‘ldi. Iroq tarixchilar nazdida qo‘zg‘alonlar markazi deb ataladi. Yazid ularning ustidan g‘alaba qozondi va Ibn Muhallabni qatl qildi, Oli Muhallabning barchasini qirib bitirdi. Ular ma’lum davrlarda umaviylarning eng mashhur lashkarboshilaridan hisoblangan, erishilgan ko‘pgina yutuqlarga sabab ham bo‘lishgan edi.


Yazidning vafoti

Yazid hijriy 105 (milodiy 723) yilda vafot etdi, uning xalifaligi to‘rt yil davom etdi.

 

Hishom ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 105–125; milodiy 723–742)

Hishom ibn Abdulmalik ibn Marvon o‘zining akasi Yazidning amriga binoan xalifa bo‘ldi. U o‘g‘illarini Rumdagi jihodga rahbar qilib sayladi. Uning davrida islohot ishlari kengaydi, yerlar obod qilindi. Shuningdek, Rasofa shahri qurildi, devonlar takomillashtirilib, tartibga solindi.

Hishom ibn Abdulmalik o‘z ishini yaxshi biladigan, halim, qon to‘kishni yomon ko‘radigan odam edi. Lekin shu bilan birga, u baxilligi bilan tanilgandi.

 

Fathlar

O‘sha davrda fath ishlari, ko‘ngildagidek bo‘lmasa ham, davom etib turdi. Fransiya yerlarida qo‘mondon Abdurrahmon Fofiqiy o‘z askarlari bilan oldinga siljib, Fransiya ming markazigacha kirib bordi. Fransuzlar juda qattiq qo‘rquv ostida qoldilar. Bunday qo‘rquv butun Yevropa bo‘ylab barcha nasroniylar ichida tarqaldi. Shundan so‘ng ular jamlanib, o‘zlariga Sharl (Karl) Martinni lashkarboshi qilib olishdi. Shunda Buvotiyya (Puate) degan joyda Bulatush-shuhado nomli katta jang bo‘lib o‘tdi. Ushbu jangda G‘ofiqiy o‘ldirildi. Lashkar orqaga, Fransiyaning janub tarafiga chekinishga majbur bo‘ldi. Hijriy 114 (milodiy 732) yilda bo‘lib o‘tgan mazkur janglar Fransiya uchun eng xatarli urushlar edi.

 

Hodisalar

O‘sha davrdagi qo‘zg‘alonlardan yana biri hijriy 121 (milodiy 738) yilda Zayd ibn Aliy ibn Husaynning Kufada Banu Umayyaga qarshi ko‘targan qo‘zg‘aloni edi. Lekin kufaliklar o‘z odatlariga ko‘ra u kishini yordamsiz qoldirishdi. Zayd ibn Aliy ibn Husayn roziyallohu anhu shiddat bilan jang qildi. Oxiri hijriy 122 (milodiy 739) yilda u kishining ishi tugadi. So‘ng Zayd ibn Aliy ibn Husaynning o‘g‘li Yahyo Xurosonning barcha shaharlarida qo‘zg‘alon ko‘tardi. Hijriy 125 (milodiy 742) yilda umaviylar uni qatl qilishdi. Hozirgi shiy’a firqalaridan zaydiyya firqasi Zayd va u kishining o‘g‘li Yahyoga nisbat beriladi.

 

Abbosiylarning da’vati

Mana shu davrda abbosiylarning da’vati – odamlarni o‘zlariga jalb qilishga qaratilgan harakati juda faollashdi. Ularning markazi Kufada bo‘lib, o‘z da’vatlarini butun Xurosonga tarqatishni ko‘zlagan edilar. Umaviylar esa ularning da’vatchilarini ta’qib qilib, qo‘lga tushganlarini qatl qilishardi. Bu da’vatning asosiy rahbarlaridan biri Muhammad ibn Aliy ibn Abdulloh ibn Abbos hijriy 124, milodiy 741 yilda vafot etgach, o‘rniga uning o‘g‘li Ibrohim boshchilik qildi. Abu Muslim Xurosoniyning eng katta da’vatchi sifatidagi faoliyati ham mana shu davrda boshlandi.
 

Hishomning vafoti

Hishom ibn Abdulmalik hijriy 125 (milodiy 742) yilda vafot etdi. Uning 20 yil davom etgan xalifalik davrida Islmo davlati zaiflik sari yuz tutdi. Bunga arab xalqlarining shimoliy va janubiy mintaqa arablari deya ikkiga bo‘linib, ular orasida mutaassibchilikning rivojlangani sabab bo‘ldi. Xususan, Xurosonda bu ish keng tus oldi. Bu esa shiy’alarga o‘zlari uchun yangi foydalarni qo‘lga kiritib, g‘alabalarga erishishlari uchun yo‘l ochdi.

 

Valid ibn Yazid ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 125–126; milodiy 742–743)

Valid ibn Yazid ibn Abdulmalik otasi Yazidning ahdiga binoan amakisi Hishomdan keyin xalifa bo‘ldi. U behuda ishlar uchun mol-davlat sarflaydigan isrofchi odam bo‘lgani uchun odamlar uni nihoyatda yomon ko‘rishardi. Valid ibn Yazidning amakivachchasi Yazid ibn Valid ahli solih kishilardan edi. Shu sababli odamlarning ko‘pchiligi mahfiy ravishda Yazid ibn Validga bay’at qilishganida Yazid ibn Validning xalifalikdan bo‘shashi to‘g‘risida chaqiriq bilan chiqdi. So‘ng ortidan bir jamoa odamlarni yuborib, hijriy 126 (milodiy 743) yilda uni qatl qildirdi.

Valid ibn Yazid ibn Abdulmalikning xalifalik muddati bir yilu uch oy davom etdi.

Valid ibn Yazid ibn Abdulmalikning tutgan yo‘li, munkar ishlari, xato va kamchiliklari haqida shu qadar ko‘p mish-mishlar tarqalganki, ular huddi afsonaga o‘xshab qolgan. Ba’zilar uni zindiq deb atagan bo‘lsa, ba’zilar Qur’oni Karimni haqorat qilganlikda, yana ba’zilar esa Islom ta’limotlariga hujum qilganlikda ayblashgan. Agar bu gaplar asosli bo‘lsa, demak, amakisi Hishomning uni xalifalikdan bo‘shatish borasida qilgan harakatlari to‘g‘ri bo‘lardi. Lekin ushbu gap-so‘zlarning aksariyati asossiz bo‘lib, ular Valid ibn Yazidning dushmanlari tomonidan to‘qib tarqatilgandir.

Yazid ibn Validdan o‘ch olishni talab qilib ko‘tarilgan qo‘zg‘alonlar Marvon ibn Muhammad tomonidan bostirilgan.

 

Keyingi mavzular:

Yazid ibn Valid ibn Abdulmalik;
Ibrohim ibn Valid ibn Abdulmalik;
Marvon ibn Muhammad;
Umaviylar davlatining zavolga uchrashi va Abbosiylar davlatining tiklanishi.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   1271   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi