Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446
Maqolalar

Bu gunohning jazosi bu dunyoda tezda beriladi

2.12.2024   2540   2 min.
Bu gunohning jazosi bu dunyoda tezda beriladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي قَزْعَةَ، عَنْ رَجُلٍ قَالَ: نَزَلْنَا فِي بَعْضِ الطَّرِيقِ، فَسَمِعْنَا نَهِيقَ حِمَارٍ مِنَ اللَّيْلِ، فَسَأَلْنَا عَنْهُ، فَقَالُوا: كَانَ هَذَا رَجُلًا عِنْدَنَا، وَكَانَتْ لَهُ أُمٌّ، فَكَانَتْ إِذَا قَالَتْ لَهُ شَيْئًا قَالَ لَهَا: انْهَقِي نَهِيقَكِ! فَلَمَّا مَاتَ سَمِعْنَا نَهِيقَهُ مِنَ الْقَبْرِ.

Abu Qaz’a bir odamdan rivoyat qiladi: «Yo‘lda bir yerga tushdik va kechasi eshakning hangrashini eshitdik. Bu haqda so‘ragan edik, bizga: «Bu bizning ichimizdagi odam edi. Uning onasi bor edi. U bolasiga bir narsa aytsa, u: «Eshakka o‘xshab hangrayverma», derdi. U o‘lganidan keyin qabridan eshakning hangrashini eshitdik», dedi».

Sharh: Bola onasiga behurmatlik qilgani uchun uning nazaridan qoldi va Alloh taolo uni shunday jazoladi. Mana, endi qabrida eshakka o‘xshab hangrab yotibdi. Bu juda dahshatli narsa, Allohning O‘zi saqlasin.

Mazkur nobakor farzandning onasiga qilgan oqligi jazosi qiyomatga qolmay, bu dunyoning o‘zida boshqalarning qulog‘iga eshitilib turadigan eshakning hangrashi tarzida yuzaga chiqdi.

Imom Hokim keltirgan rivoyatda aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo barcha gunohlardan istaganini qiyomat kuniga qoldiradi. Faqatgina ota-onaga oq bo‘lish unday emas. Alloh uning (bu gunohning) sohibiga jazoni bu dunyoda, vafotidan oldin tezlatib beradi», dedilar».

Ulamolarimiz ota-onasiga oq bo‘lgan farzandga holatga qarab ta’zir jazosi belgilanishini ta’kidlaganlar. Misol uchun, farzand ota-onasini yoki ulardan birini so‘ksa yoki ursa, ular unga ta’zir berishlari mumkin yoxud mas’ullarga arz qilib, ta’zir berilishini talab qilishlari mumkin.

Bunday paytda mahkama qamoq, urish yoki shunga o‘xshagan ta’zir jazolari haqida hukm chiqarishi mumkin bo‘ladi.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   3213   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.