Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «يَتْبَعُ الدَّجَّالَ مِنْ يَهُودِ أَصْبَهَانَ سَبْعُونَ أَلْفًا عَلَيْهِمُ الطَّيَالِسَةُ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom: «Asbahonning taylason kiygan yahudiylaridan yetmish ming kishi Dajjolga ergashib ketadi», dedilar (Muslim rivoyat qilgan).
Sharh: Asbahon – mashhur shahar. Taylason ‒ boshning ustidan yelka bilan qo‘shib tashlab olinadigan yopinchiq.
عَنْ أَبِي بَكْرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «الدَّجَّالُ يَخْرُجُ مِنْ أَرْضٍ بِالْمَشْرِقِ يُقَالُ لَهَا: خُرَاسَانُ يَتْبَعُهُ أَقْوَامٌ كَأَنَّ وُجُوهَهُمُ الْمَجَانُّ الْمُطْرَقَةُ».
Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom: «Dajjol mashriqdagi Xuroson degan joydan chiqadi. Unga yuzi teri qalqonga o‘xshagan ko‘p qavmlar ergashadi», dedilar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «تَخْرُجُ مِنْ خُرَاسَانَ رَايَاتٌ سُودٌ لَا يَرُدُّهَا شَيْءٌ حَتَّى تُنْصَبَ بِإِيلِيَاءَ». رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Xurosondan qora bayroqlar chiqadi. O‘sha bayroqlar Iliyaga tikilmagunicha ularni hech narsa qaytarmaydi», dedilar (Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Bular Dajjolning bayroqlari bo‘ladi.
عَنْ أُمِّ شَرِيكٍ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَيَفِرَّنَّ النَّاسُ مِنَ الدَّجَّالِ فِي الْجِبَالِ»، قَالَتْ أُمُّ شَرِيكٍ: يَا رَسُولَ اللهِ، فَأَيْنَ الْعَرَبُ يَوْمَئِذٍ؟ قَالَ: «هُمْ قَلِيلٌ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Ummu Shariyk roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar Dajjoldan toqqa qochadilar», dedilar. «Yo Allohning Rasuli, o‘sha kunda arablar qayerda bo‘ladi?» degan edim, «Ular ozchilik bo‘ladi», dedilar (Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar).
«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan