Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bandalarini yolg‘on gapirishdan qaytargan. Yolg‘on gapirish eng og‘ir gunohdir.
«Yolg‘on» so‘zi arab tilida «kizb» deyiladi va lug‘atda rostning teskarisini anglatadi.
Ulamolar yolg‘onni quyidagicha ta’riflaydilar:
Jurjoniy rahmatullohi alayh: «Yolg‘on – xabarning voqelikka to‘g‘ri kelmasligidir», degan.
Ibn Hajar rahmatullohi alayh: «Yolg‘on – bir narsa haqida qasddan bo‘lsin, noqasddan bo‘lsin, unga xilof narsani gapirishdir», degan.
Yolg‘on so‘zda bo‘lishi bilan birga, amalda ham bo‘ladi. Bunda yolg‘onchi bo‘lmagan narsani bo‘lgan qilib ko‘rsatish uchun hiyla qiladi. Yoki uning aksi bo‘lib, bo‘lgan narsani bo‘lmagan qilib ko‘rsatishga urinadi.
Alloh taolo G‘ofir surasining 28-oyatida “Albatta, Alloh haddidan oshgan, kazzob shaxsni hidoyat qilmas” deydi.
Bu oyati karimada yolg‘onchi shaxs haddidan oshgan kishi ekanligi ta’kidlanmoqda. Bundan yolg‘onchi shaxs gap-so‘zida haddidan oshishi kelib chiqadi. Eng yomon tomoni esa, yolg‘onchini Alloh taolo hidoyat qilmas ekan. Demak, Alloh taolo O‘zining kitobida yolg‘on gapirishni qattiq qoralagan.
Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallam dunyoda eng go‘zal xulq sohiblari edilar. Ummatning islohi uchun g‘amxo‘r va jonkuyar zot edilar. Ul zoti sharifning har bir so‘zida biz osiy ummatlarning ikki dunyo saodatiga yetishimiz uchun yetarlicha dars va saboqlar bor. Quyidagi hadisdan ma’naviy illat – yolg‘onchilik haqida kerakli saboq olishimiz mumkin:
Sufyon ibn Asad Xazramiydan rivoyat keltirildi. U kishi aytadiki: men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan edim, u Zot shunday der edilar: “Musulmon birodaringga so‘zlayotgan so‘zingga u ishonsa-yu ammo sen yolg‘on so‘zlayotgan bo‘lsang, mana shu xulqing eng katta xiyonatdir!” (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Kishining yolg‘on ishlatishiga bir necha sabablar bor:
1. Foyda jalb qilish.
Yolg‘onchi o‘ziga foyda yetishini ko‘zlab, odamlarni aldab, o‘z manfaati uchun yolg‘on gapiradi.
2. Zararni qaytarish.
Yolg‘onchi o‘ziga yetishi mumkin bo‘lgan zararni qaytarish maqsadida ham yolg‘on to‘qiydi. U o‘zicha shu to‘g‘ri yo‘l, deb o‘ylaydi. Ammo ikki holatda ham o‘ziga bu dunyo va oxirat zararini jalb qilayotganini o‘ylamaydi.
3. So‘zni va gapni chiroyli chiqarishga urinish.
Bunda yolg‘onchi to‘g‘ri so‘z va rost gap ila odamlarga yoqish, ularning e’tiborini tortish imkoni yo‘q bo‘lganidan, ularga yoqadigan gap-so‘z izlab, yolg‘on to‘qiydi.
4. Dushmandan o‘ch olish maqsadi.
Bunda yolg‘onchi dushmanini sharmanda qilish va undan o‘ch olib, ko‘ngli to‘lishi uchun yolg‘on to‘qiydi.
5. O‘z obro‘sini orttirish maqsadi.
Bunda yolg‘onchi o‘zini ahli fazl, olim, uddaburon qilib ko‘rsatib, maqtanish uchun yolg‘on to‘qiydi.
6. Yolg‘on gapirish odatiga aylanib qolgani va nafsi shu narsani istaydigan bo‘lib qolgani sababli bu ishni qiladiganlar ham bor.
Inson biror do‘stiga, mo‘min va dindosh sifatida ishonib, quloq solsa-yu ammo u kimsa ishonchni oqlamasa, uni aldab yolg‘on so‘zlasa, bu uning dindoshiga nisbatan eng katta xiyonati ekan. Do‘stimiz va birodarlarimiz bilan suhbat chog‘ida faqat Allohdan qo‘rqib, uyalib so‘zlashmog‘imiz lozim. Insondan uyalib, yoki undan qo‘rqib uni norozi bo‘lishini istamaslik bahonasi ila yolg‘onga yo‘l qilsak, bu bizning iymonimizga xiyonat, dindoshimizga xiyonat, Rasulimizga xiyonat, Robbimizga xiyonat o‘laroq baholanadi. Bu suhbat qanday holda bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Xoh u yuzma-yuz bo‘lsin, yohud telefon orqali, va yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘lsin. Bari birdek baholanadi.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar banda yolg‘on gapirsa, u qilgan narsaning sassig‘idan farishta undan bir mil nariga uzoqlashadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu muborak hadisning ma’nosi shundan iboratki, bu dunyoda bandani qo‘riqlab turish uchun biriktirilgan farishta xam uning yolg‘onini sassig‘idan hazar qilib, undan qochar ekan. Farishtasi qochgan odam kim degan odam bo‘ladi? Xalqimiz ichidagi “Falonchining farishtasi yo‘q” degan gaplar bejiz emas ekan.
Imom Molik rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda esa, quyidagilar aytiladi: Hadis rivoyatchisi Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilarki:
“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min qo‘rqoq bo‘ladimi?”, deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Ha”, dedilar. “Yo Allohning Rasuli! Mo‘min baxil bo‘ladimi?” deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Ha”, dedilar. “Yo Allohning Rasuli! Mo‘min yolg‘onchi bo‘ladimi?”, deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Yo‘q”, dedilar.
Imomi Buxoriy rahmatullohi alayh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda yolg‘onchilik-munofiqlikning uchdan bir qismi sifatida bayon qilingan: “Munofiqning alomati uchtadir: Gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da, bersa, xilof qiladi, ahd qilsa, aldaydi”.
Demak, yolg‘onchilik munofiqlikning birinchi va yetakchi sifatidir. Yolg‘on gapirgan odam munofiqlikning uchdan birini qilgan bo‘ladi. Albatta, yolg‘onchi va’dasida turmaydi, ahdiga vafo ham qilmaydi. Oqibatda bunday odam to‘liq munofiq bo‘ladi. Munofiqlik esa, kofirlikdan ham yomonroqdir. Munofiqlar Qur’oni Karimning ta’biri bilan aytganda, jahannamning eng to‘ridan joy oladilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda jumladan shunday deyiladi: Bir odam kelib: “Yo Allohning Rasuli! Do‘zax amali nimadir?”, deb so‘radi. Rasululloh: “Yolg‘onchlikdir. Agar banda yolg‘on gapirsa, fojirlik qiladi, fojirlik qilsa, kofir bo‘ladi, kofir bo‘lsa, do‘zaxga kiradi”, deb javob berdilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Ota-onaga yaxshilik qilish, umrni ziyoda qiladi. Yolg‘on, rizqni qisqartiradi. Duo, qazoni qaytaradi”, deganlar. Ushbu hadisda yolg‘onning bu dunyodagi zararlaridan biri-Rizqni kamaytirish zikr qilinyapti. Demak, Alloh Taolo yolg‘onchi shaxsning uyidan, korxona boshlig‘ining korxonasidan, yolg‘onchi podshohning yurtidan barokotni ko‘taradi, rizqlarini qisqartirib qo‘yadi.
Yolg‘onchilik tufayli insonlar qalbiga ozor beriladi, insonlar orasiga sovuqlik tushadi. Yolg‘onchilik jamiyat a’zolari o‘rtasidagi ishonch, o‘zaro munosabat va mehr-oqibatni yo‘qolishiga olib keladi. Inson orasidagi mehr oqibat yo‘qolib, insonlar bir-birlaridan uzoqlashadilar. Yolg‘onchilik hamma xalqlarda qoralanadigan ishlardandir.
Demak, bu dunyoyu u dunyoning baxtiga erishmoqchi va ikki dunyoning azob-uqubatidan, sharmandachiligidan qutulmoqchi bo‘lsak, yolg‘ondan qutulishimiz zarur ekan.
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi