Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Rizqni qisqartiradigan amal

03.12.2024   9419   7 min.
Rizqni qisqartiradigan amal

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo bandalarini yolg‘on gapirishdan qaytargan. Yolg‘on gapirish eng og‘ir gunohdir.

«Yolg‘on» so‘zi arab tilida «kizb» deyiladi va lug‘atda rostning teskarisini anglatadi.

Ulamolar yolg‘onni quyidagicha ta’riflaydilar:

Jurjoniy rahmatullohi alayh: «Yolg‘on – xabarning voqelikka to‘g‘ri kelmasligidir», degan.

Ibn Hajar rahmatullohi alayh: «Yolg‘on – bir narsa haqida qasddan bo‘lsin, noqasddan bo‘lsin, unga xilof narsani gapirishdir», degan.

Yolg‘on so‘zda bo‘lishi bilan birga, amalda ham bo‘ladi. Bunda yolg‘onchi bo‘lmagan narsani bo‘lgan qilib ko‘rsatish uchun hiyla qiladi. Yoki uning aksi bo‘lib, bo‘lgan narsani bo‘lmagan qilib ko‘rsatishga urinadi.

Alloh taolo G‘ofir surasining 28-oyatida “Albatta, Alloh haddidan oshgan, kazzob shaxsni hidoyat qilmas” deydi.

Bu oyati karimada yolg‘onchi shaxs haddidan oshgan kishi ekanligi ta’kidlanmoqda. Bundan yolg‘onchi shaxs gap-so‘zida haddidan oshishi kelib chiqadi. Eng yomon tomoni esa, yolg‘onchini Alloh taolo hidoyat qilmas ekan. Demak, Alloh taolo O‘zining kitobida yolg‘on gapirishni qattiq qoralagan.

Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallam dunyoda eng go‘zal xulq sohiblari edilar. Ummatning islohi uchun g‘amxo‘r va jonkuyar zot edilar. Ul zoti sharifning har bir so‘zida biz osiy ummatlarning ikki dunyo saodatiga yetishimiz uchun yetarlicha dars va saboqlar bor. Quyidagi hadisdan ma’naviy illat – yolg‘onchilik haqida kerakli saboq olishimiz mumkin:

Sufyon ibn Asad Xazramiydan rivoyat keltirildi. U kishi aytadiki: men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan edim, u Zot shunday der edilar: “Musulmon birodaringga so‘zlayotgan so‘zingga u ishonsa-yu ammo sen yolg‘on so‘zlayotgan bo‘lsang, mana shu xulqing eng katta xiyonatdir!” (Abu Dovud rivoyat qilgan).

Kishining yolg‘on ishlatishiga bir necha sabablar bor:

1. Foyda jalb qilish.

Yolg‘onchi o‘ziga foyda yetishini ko‘zlab, odamlarni aldab, o‘z manfaati uchun yolg‘on gapiradi.

 

2. Zararni qaytarish.

Yolg‘onchi o‘ziga yetishi mumkin bo‘lgan zararni qaytarish maqsadida ham yolg‘on to‘qiydi. U o‘zicha shu to‘g‘ri yo‘l, deb o‘ylaydi. Ammo ikki holatda ham o‘ziga bu dunyo va oxirat zararini jalb qilayotganini o‘ylamaydi.

 

3. So‘zni va gapni chiroyli chiqarishga urinish.

Bunda yolg‘onchi to‘g‘ri so‘z va rost gap ila odamlarga yoqish, ularning e’tiborini tortish imkoni yo‘q bo‘lganidan, ularga yoqadigan gap-so‘z izlab, yolg‘on to‘qiydi.

 

4. Dushmandan o‘ch olish maqsadi.

Bunda yolg‘onchi dushmanini sharmanda qilish va undan o‘ch olib, ko‘ngli to‘lishi uchun yolg‘on to‘qiydi.

 

5. O‘z obro‘sini orttirish maqsadi.

Bunda yolg‘onchi o‘zini ahli fazl, olim, uddaburon qilib ko‘rsatib, maqtanish uchun yolg‘on to‘qiydi.

 

6. Yolg‘on gapirish odatiga aylanib qolgani va nafsi shu narsani istaydigan bo‘lib qolgani sababli bu ishni qiladiganlar ham bor.

 

Inson biror do‘stiga, mo‘min va dindosh sifatida ishonib, quloq solsa-yu ammo u kimsa ishonchni oqlamasa, uni aldab yolg‘on so‘zlasa, bu uning dindoshiga nisbatan eng katta xiyonati ekan. Do‘stimiz va birodarlarimiz bilan suhbat chog‘ida faqat Allohdan qo‘rqib, uyalib so‘zlashmog‘imiz lozim. Insondan uyalib, yoki undan qo‘rqib uni norozi bo‘lishini istamaslik bahonasi ila yolg‘onga yo‘l qilsak, bu bizning iymonimizga xiyonat, dindoshimizga xiyonat, Rasulimizga xiyonat, Robbimizga xiyonat o‘laroq baholanadi. Bu suhbat qanday holda bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Xoh u yuzma-yuz bo‘lsin, yohud telefon orqali, va yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘lsin. Bari birdek baholanadi.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar banda yolg‘on gapirsa, u qilgan narsaning sassig‘idan farishta undan bir mil nariga uzoqlashadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ushbu muborak hadisning ma’nosi shundan iboratki, bu dunyoda bandani qo‘riqlab turish uchun biriktirilgan farishta xam uning yolg‘onini sassig‘idan hazar qilib, undan qochar ekan. Farishtasi qochgan odam kim degan odam bo‘ladi? Xalqimiz ichidagi “Falonchining farishtasi yo‘q” degan gaplar bejiz emas ekan.

Imom Molik rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda esa, quyidagilar aytiladi: Hadis rivoyatchisi Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilarki:

“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min qo‘rqoq bo‘ladimi?, deb so‘raldi. U zot alayhissalom: Ha, dedilar. “Yo Allohning Rasuli! Mo‘min baxil bo‘ladimi? deb so‘raldi. U zot alayhissalom: Ha, dedilar. “Yo Allohning Rasuli! Mo‘min yolg‘onchi bo‘ladimi?, deb so‘raldi. U zot alayhissalom:Yo‘q, dedilar.

Imomi Buxoriy rahmatullohi alayh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda yolg‘onchilik-munofiqlikning uchdan bir qismi sifatida bayon qilingan: Munofiqning alomati uchtadir: Gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da, bersa, xilof qiladi, ahd qilsa, aldaydi.

Demak, yolg‘onchilik munofiqlikning birinchi va yetakchi sifatidir. Yolg‘on gapirgan odam munofiqlikning uchdan birini qilgan bo‘ladi. Albatta, yolg‘onchi va’dasida turmaydi, ahdiga vafo ham qilmaydi. Oqibatda bunday odam to‘liq munofiq bo‘ladi. Munofiqlik esa, kofirlikdan ham yomonroqdir. Munofiqlar Qur’oni Karimning ta’biri bilan aytganda, jahannamning eng to‘ridan joy oladilar.

Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda jumladan shunday deyiladi: Bir odam kelib: “Yo Allohning Rasuli! Do‘zax amali nimadir?”, deb so‘radi. Rasululloh: Yolg‘onchlikdir. Agar banda yolg‘on gapirsa, fojirlik qiladi, fojirlik qilsa, kofir bo‘ladi, kofir bo‘lsa, do‘zaxga kiradi, deb javob berdilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: Ota-onaga yaxshilik qilish, umrni ziyoda qiladi. Yolg‘on, rizqni qisqartiradi. Duo, qazoni qaytaradi, deganlar. Ushbu hadisda yolg‘onning bu dunyodagi zararlaridan biri-Rizqni kamaytirish zikr qilinyapti. Demak, Alloh Taolo yolg‘onchi shaxsning uyidan, korxona boshlig‘ining korxonasidan, yolg‘onchi podshohning yurtidan barokotni ko‘taradi, rizqlarini qisqartirib qo‘yadi.

Yolg‘onchilik tufayli insonlar qalbiga ozor beriladi, insonlar orasiga sovuqlik tushadi. Yolg‘onchilik jamiyat a’zolari o‘rtasidagi ishonch, o‘zaro munosabat va mehr-oqibatni yo‘qolishiga olib keladi. Inson orasidagi mehr oqibat yo‘qolib, insonlar bir-birlaridan uzoqlashadilar. Yolg‘onchilik hamma xalqlarda qoralanadigan ishlardandir.

Demak, bu dunyoyu u dunyoning baxtiga erishmoqchi va ikki dunyoning azob-uqubatidan, sharmandachiligidan qutulmoqchi bo‘lsak, yolg‘ondan qutulishimiz zarur ekan.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.

Boshqa maqolalar

Olimga nimani nasihat qilaman?

09.06.2025   1355   2 min.
Olimga nimani nasihat qilaman?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.

Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».

Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan