Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Aprel, 2025   |   19 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:27
Bismillah
17 Aprel, 2025, 19 Shavvol, 1446
Yangiliklar

Oksford Islom tadqiqotlari markaziga Katta Langar Qur’oni faksimilesi sovg‘a qilindi

04.12.2024   11321   3 min.
Oksford Islom tadqiqotlari markaziga Katta Langar Qur’oni faksimilesi sovg‘a qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida Oksford Islom tadqiqotlari markaziga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Markaz vakillari va olimlari bilan uchrashuvda mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmonov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov va boshqalar ishtirok etdi.

 

Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb ilmiy tadqiqotlar haqidagi, shuningdek, bu boradagi xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishga oid taqdimotlar tinglandi.

 

O‘z navbatida, Oksford Islom tadqiqotlari markazi vakillari ham qator davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Islom olami tarixi atlasi" loyihasini taqdim etdi. Loyihada dunyoning har bir mintaqasining Islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni, muhim kashfiyotlar, olimlar hayoti va faoliyati, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi ko‘rib chiqildi. Muzokaralar chog‘ida ushbu loyiha turkumida Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bag‘ishlangan jildni yaratish bo‘yicha ikki tomonning sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro tadqiqot markazlari va Oksforddagi islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi bilan yakunlandi. Tadbir doirasida so‘nggi yillarda chop etilgan kitob va albomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

 

Oksford islom tadqiqotlari markaziga Katta Langar Qur’oni faksimilesi, shuningdek, "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar sovg‘a qilindi.

 

– O‘zbekiston boy tarix va betakror madaniy merosga ega qadimiy mamlakat, – dedi Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy. – Men O‘zbekistonga ko‘p marotaba borganman. Ammo so‘nggi yillarda mamlakatingiz tashqi dunyo bilan aloqalari tobora kengaya boshladi. Yangi O‘zbekiston rahbari barcha xorijiy hamkorlar qatori biz olimlar, xorijiy tadqiqotchilar uchun ham eshiklar ochiq ekanini aytmoqda. Jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan birgalikda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar kutilgan natijalarni berishiga ishonaman.

 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari dunyoning eng qadimiy kutubxonalaridan biri bo‘lgan Oksforddagi Bodlean kutubxonasida bo‘ldi va u yerda O‘zbekistonga oid nodir qo‘lyozmalar bilan tanishishdi.

 

–O‘zbekiston buyuk allomalar, shoir va mutafakkirlar yurti, – deydi Bodlean kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalari bo‘limi kuratori Nikolas Kontovas. – Jumladan, hazrat Alisher Navoiyning ul zot hayotligi davrida ko‘chirilgan qo‘lyozmalari kutubxonamiz fondining nodir javohirlaridan sanaladi. Bunday bebaho asarlarni bemalol butun insoniyatning xazinasi deyish mumkin.

 

Kutubxonada o‘zbekistonlik olimlar O‘zbekiston madaniy merosiga oid o‘ndan ortiq qo‘lyozmalar bilan tanishdilar. Ayniqsa, Alisher Navoiyning shaxsiy dastxati bo‘lgan "Xamsa" qo‘lyozmasi katta taassurot qoldirdi. Mirzo Ulug‘bekning "Ziji Ko‘ragoniy" asari ham o‘ziga xos tarixga ega. Uni salkam uch asr ilgari oksfordlik olim Jon Geyvs sotib olgan va kitob hoshiyasida zarhal qaydlar kiritgan. Kitob sahifalarida usmonli turk tilidagi bitiklar ham uchraydi.

 

O‘zbekiston ilmiy delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi davom etmoqda. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Qoziyot kubogi" musobaqasida "Do‘stlik" g‘alaba qozondi

16.04.2025   2514   1 min.

Shu yil 15 aprel kuni Nukus shahri “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o‘rta maxsus islom bilim yurtining yozgi sport maydonida mini-futbol bo‘yicha "Qoziyot kubogi" final o‘yini bo‘lib o‘tdi.


Jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan final o‘yini uyushqoqlik bilan qizg‘in o‘tdi. Unda Nukus shahri "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurtining "Do‘stlik" jamoasi 1-o‘rin sohibi bo‘ldi.


Taxtako‘pir va Qorao‘zak tumanlaridan tuzilgan "Dao‘qara" jamoasi 2-o‘rin, Nukus shahri diniy xizmatchilaridan tuzilgan "Orol" jamoasi 3-o‘rin g‘olibi bo‘ldi.


Ma’lumot o‘rnida mazkur musobaqa davomida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyotiga qarashli respublikadagi masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va masjid xodimlari, bilim yurti o‘qituvchilari va xodimlaridan iborat 12 jamoa ishtirok etdi.
 

Musobaqada g‘olib bo‘lgan jamoalar va yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.


Yakunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov va Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari