Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bu holda er kishi uchun ba’zi bir ayolga uylanish biror sababga kO‘ra vaqtinchalik harom bo‘ladi. Agar o‘sha sabab yo‘q bo‘lsa, u ayolga uylanish mumkin. Nikohi vaqtinchalik harom bo‘lgan ayollar quyidagilar:
1. O‘zi uch taloq qilgan ayol.
Er kishi o‘z ayolini bir taloq yoki ikki taloq qilsa, qaytadan yarashishi mumkin. Ammo uch taloq qilgandan keyin o‘sha er uchun u ayol vaqtinchalik haromga aylanadi. Qur’oni karimning hukmiga binoan, u ayol boshqa erga tegib, bu eri bilan tabiiy holatda o‘lim yoki taloq tufayli ajrashgandan keyingina birinchi erga nikohi halol bo‘ladi. Buning uchun, albatta, u ayol ikkinchi er bilan er-xotin bo‘lib yashashi shart. Ikkinchi er jinsiy aloqaga qodir emas kishi bo‘lsa, ayol qaytadan birinchi erga halol bo‘lmaydi. Nikoh to‘g‘ri nikoh bo‘lishi ham shart qilingan.
2. Eri bor ayol.
Eri bor ayol ham, modomiki eri bilan nikoh aloqasi bor ekan, boshqa erkak uchun nikohi harom bo‘ladi. Alloh taolo erlik ayollarga uylanish mumkin emasligini Qur’oni karimda bayon qilgan.
Alloh taolo «Niso» surasida marhamat qiladi: «Qo‘llaringiz mulk qilib olganlardan boshqa erli ayollar ham (harom qilindi)» (24‑oyat).
Johiliyat davri arablarida bir ayolning bir necha erkak bilan jinsiy yaqinlikda bo‘lishi, ya’ni fohishabozlik oddiy bir hol edi. Ba’zi qavmlarda esa bir ayolning bir necha erkak bilan rasman nikohlangani haqida ham tarixiy ma’lumotlar bor.
Islom ana shu bema’ni odatni, sog‘lom inson tabiati ko‘tara olmaydigan bunday xunuk holatlarni muolaja qilib, bir ayol faqat bir erkak bilan nikohda bo‘lishini joriy qildi. Binobarin, eri bor ayolga nikoh ma’nosida, hatto, ko‘z tikish ham joiz emas. U birovning haqqi hisoblanadi. Bu ish birovning haqqiga nisbatan tajovuzdir.
Shu ma’noda ba’zi toifalarning, xususan, bugungi taraqqiyotning cho‘qqisiga chiqqan, ammo Islomdan bexabar jamiyatlarning hayotiga nazar tashlasak, yuqoridagi oyat karima bekorga nozil bo‘lmaganini tushunib yetamiz. «Inson huquqlari» shiori ostida turli adabiyotlarda, maza-matrasiz teleseriallarda targ‘ib qilinayotgan «erkin muhabbat» g‘oyasi, birovning jufti haloliga shahvat, hirs bilan yoki o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, «muhabbat» bilan qarashlar, do‘stining xotiniga sevgi izhor qilishlar Islom hukmlariga ko‘ra mutlaqo joiz emas. Agar ushbu hukm bo‘lmasa, oilalarning tinchi qolmaydi, nasablar aralashib ketadi.
3. Idda o‘tirgan ayol.
Eridan taloq yoki vafot tufayli ajrashib, idda o‘tirgan ayolga uylanish ham harom. Sovchi qo‘yish bobida unday ayolga, hatto sovchi qo‘yish ham harom ekanini aytganmiz. Bu holda avvalgi erning hurmatidan o‘tirilayotgan idda chiqquncha kutib turish kerak bo‘ladi.
Idda o‘tirgan ayolga uylanuvchi odam, avvalo o‘sha hurmatni oyoqosti qilgan bo‘ladi. Qolaversa, bu paytda ayol avvalgi eridan homila bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash uchun ham idda o‘tirgan bo‘ladi. Binobarin, iddadagi ayolga uylangan odam naslu nasabning buzilishiga ham sababchi bo‘lishi mumkin.
4. Samoviy dinga e’tiqod qilmaydigan ayol.
Bu hukm musulmon kishi uchun muslima, masihiya va yahudiya ayoldan boshqa ayolga uylanib bo‘lmasligini bildiradi. «Samoviy din» deganda Islom, masihiy va yahudiy dinlari tushuniladi. Bulardan boshqa har qanday dinga e’tiqod qiluvchi yoki umuman, dinsiz, e’tiqodsiz xotinga uylanish musulmon kishiga joiz emas.
Shuningdek, Islomdan yuz o‘girgan, murtad ayolga ham uylanib bo‘lmaydi.
Alloh taolo Qur’oni karimda mushrika ayollarga, to ular iymonga kelmagunlaricha, uylanmaslik lozimligini qattiq tayinlagan. Albatta, bu hukm ham behikmat emas.
Shuning uchun ham Alloh taolo mushriklar bilan nikoh aloqasi o‘rnatmaslik haqidagi amrini bildirgan oyatning davomida «Ana o‘shalar do‘zaxga chaqirurlar», – degan.
Demak, mushrikaga nikohlangan musulmon erkak do‘zaxga bo‘lgan da’vatga yaqinlashgan bo‘ladi. Shuning uchun «musulmonman» degan odam bu ishni xayoliga ham keltirmasligi kerak.
Alloh taolo musulmonlarga g‘ayridin ayollardan faqat masihiy va yahudiy diniga e’tiqod qiladiganlariga uylanishga ruxsat bergan, xolos.
Bu haqda U Zot bunday deb marhamat qiladi: «Bugungi kunda sizlarga (barcha) pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Mo‘minalarning afiyfalari va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lgan afiyfalar ham» («Moida» surasi, 5‑oyat).
Shu oyatning hukmiga ko‘ra ba’zi sahobai kiromlar ham ahli kitob – masihiy va yahudiy ayollarga uylanganlar. Usmon roziyallohu anhu Noila binti Firoza al-Kalbiya ismli masihiya ayolga uylanganlar. U ayol keyin, Hazrati Usmon bilan yashab turib, musulmon bo‘lgan. Huzayfa roziyallohu anhu ham madoinlik yahudiya ayolga uylanganlar. Chunki masihiy va yahudiy dinidagi ayollar ham Allohga, ilohiy kitobga, Payg‘ambarlarga, Qiyomatga, qayta tirilishga, hisob-kitobga va boshqa narsalarga iymon keltirgan bo‘ladi. Bu esa ularni Islomga boshqalardan ko‘ra ko‘proq yaqinlashtiradi. Shuning uchun musulmon eri bilan yaxshilikda yashashi mumkinligi umid qilinadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan, nikohi harom bo‘lgan toifalarga kirmaydigan lekin sovchilik qilish mumkin bo‘lmagan yana bir toifa ayollar bor. Sovchilik qilmoqchi bo‘lganlar bu toifadagi ayollar kimligini ham yaxshi bilib olishlari kerak. Ko‘p hollarda bu ishga ahamiyat bermaslik oqibatida turli noxushliklar chiqishi ham bor.
Bu toifa boshqa birov tomonidan sovchi qo‘yib turilgan ayol-qizlardir. Bunday ayol-qizlarga ham sovchi qo‘yib bo‘lmaydi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kishi o‘z birodarining sovchiligi ustiga, undan oldingi sovchi tark qilmaguncha yoki unga izn bermaguncha, sovchi qo‘ymas», dedilar (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Birov sovchi qo‘yib turgan joyga uning ustidan sovchi qo‘yish haromdir. Faqat birinchi sovchi qo‘ygan odam kelisha olmay, sovchilikni tark qilganidan so‘ng yoki uning o‘zidan izn olgandan keyingina, sovchi qo‘yish mumkin. Chunki birovning sovchiligi ustiga sovchilik qilish birinchi sovchining haqqiga tajovuz qilishdir. Bu ish tufayli kishilar o‘rtasida nizo, xusumat, adovat va urush-janjallar chiqadi.
Shu bilan birga, birdaniga bir necha kishi sovchi qo‘ygan, ish pishmay turgan bo‘lishi mumkin. Ulardan hech biri bilan jiddiy muomala qilinmay, ikkilanish va maslahat holati bo‘lishi mumkin.
Imom Muslim keltirgan rivoyatda Fotima binti Qays roziyallohu anhoga birdaniga uch kishi – Abu Jahm ibn Xuzoma, Muoviya va Usoma ibn Zayd roziyallohu anhum sovchi qo‘yishgan. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan maslahat so‘raganlarida u zot «Abu Jahm asosini yelkasidan tushirmaydi, Muoviya kambag‘al, moli yo‘q, Usoma ibn Zaydga tekkin», – deganlar.
«Mahr» aqdi nikoh yoki er-xotinlik qilish barobarida ayol haqdor bo‘ladigan narsaning ismidir.
Mahr turli nomlar bilan nomlanadi. Qur’oni karimda unga nisbatan «sadoq», «sadaqa», «ajr», «fariyza», «nihla» ismlari ishlatilgan. Bizda mahrning o‘rniga «qalin», «sut puli» kabi iboralar qo‘llanadi.
Ba’zi ulamolar: «Mahrning o‘nta ismi bor», deganlar. Bizda «mahr» ismi mashhur bo‘lganligi uchun shu ismni qo‘llashni ma’qul ko‘rdik.
Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi: «Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering» (4-oyat).
Ushbu oyati karima erga mahr berish vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan mahr berish vojib bo‘ladi, agar qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham.
Berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi. Bu shar’iy hukm kelinlarni hurmatlash, taqdirlash va erkalashning muhim bir ko‘rinishidir.
Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi.
Ushbu oyatda er o‘ziga xotin bo‘lishga rozi bo‘lgan ayolga mahrni og‘rinib emas, chin ko‘ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda va mahr kelinning o‘z mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda.
Ayol mahrni olganidan keyin nima qilsa, o‘zi biladi. Jumladan, ushbu oyatda zikr qilinganidek, eriga qaytarib bersa ham o‘zining ishi.
Agar kelin o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lib erining bergan mahrining hammasini yoki bir qismini qaytarib bersa, er uni bemalol olib, tasarruf qilsa bo‘laveradi.
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «...فَالْتَمِسْ وَلَوْ خَاتَمًا مِنْ حَدِيدٍ...». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmoqchi bo‘lgan kishiga:
«...Agar bir temir uzuk bo‘lsa ham top...», – deganlar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Nabiy alayhissalom biror nikohni mahrsiz qo‘ymaganlari sobitdir.
Musulmonlarning barchasi nikoh mahrsiz bo‘lmasligiga ijmo’ qilganlar.
Mahrning ozi o‘n dirhamdir
O‘n dirham bir dinorga teng keladi. Bu – nisobga yetgan molning yigirmadan biri deganidir. Ushbu ma’lumotga suyanib, har bir davrdagi mahrning eng oz miqdorini belgilash oson bo‘ladi. Buning uchun o‘sha davrning zakot nisobi, mazkur miqdorning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: لَا مَهْرَ أَقَلَّ مِنْ عَشْرَةِ دَرَاهِمَ. رَوَاهُ الدَّارَقُطْنِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q», dedilar (Doraqutniy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
Agar o‘n dirham miqdoridan ozni aytgan bo‘lsa ham, o‘n dirham miqdorini berish vojib bo‘ladi.
Mahr pul bo‘lishi shart emas. Kiyim, taqinchoq yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan va halol narsa bo‘lsa joiz. Kuyov taraf o‘n dirham yoki uning qiymatidan oz miqdordagi narsani mahr deb aytgan bo‘lsa, baribir o‘n dirham yoki uning qiymatidagi narsani berishi lozim bo‘ladi.
Agar undan boshqani aytgan bo‘lsa, ikkovlaridan biri vafot etganda yoki sahih xilvat bo‘lganda atalgan narsani berish vojib bo‘ladi.
Ya’ni, er taraf kelinga o‘n dirhamdan oz bo‘lgan mahrdan boshqani, o‘n dirham yoki undan ko‘pni mahrga berishni atagan bo‘lsa, birlari vafot etgan chog‘ida yoki ikkovlari sahih xilvatda qolganlaridan keyin o‘shani berish vojibga aylanadi.
Sahih xilvat deganda, aqdi nikohdan keyin eru xotin bir joyda xoli qolib, ularni jinsiy aloqadan to‘suvchi hissiy, shar’iy va tabiiy mone’liklar bo‘lmasligi ko‘zda tutiladi.
Xoli joy deganda, hamma tomoni yaxshi to‘silgan, ikkovlarining iznisiz oldilariga birov kira olmaydigan makon ko‘zda tutiladi.
Hissiy mone’lik deganda, er bemorligi tufayli vaqtincha jinsiy aloqaga yaramay turganligi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, ayolning farjida to‘siq bo‘lib, jinsiy aloqaga mone’ bo‘lishi ham hissiy mone’likka kiradi.
Shar’iy mone’lik deganda, ayolning hayzli yoki nifosli bo‘lishi, ikkisidan biri ro‘zador yoki ehromda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Tabiiy mone’lik deganda, er-xotindan boshqa shaxsning ular bilan birga bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ana o‘sha shartlar to‘liq bo‘lib, sahih xilvat yuzaga kelgandan keyin erga mahrni to‘liq berish vojib bo‘ladi, agar xotinning aybi bilan nikoh buzilsa ham. Misol uchun, qovushgandan yoki sahih xilvatdan keyin ayol dindan chiqib, murtad bo‘lsa ham, mahrni to‘liq olish haqqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, avval ham aytib o‘tilganidek, er‑xotinning birining o‘limi bilan ham to‘liq mahr vojib bo‘ladi. O‘lim qovushganlaridan oldin sodir bo‘ladimi, keyinmi, baribir.
Jinsiy olatning kesilgan bo‘lishi, jinsiy zaiflik va bichilganlik man qiluvchi omil emas.
Bunday holatlarda ham kelin-kuyov yolg‘iz qolsalar, sahih xilvat hisoblanaveradi.
Davomi bor...
"Baxtiyor oila" kitobidan