Kecha Kuala-Lumpur shahrida Malayziyaning "Research House of Asia Media" media kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan Osiyo mintaqasi mamlakatlarida tadbirkorlik hamda turizmni rivojlantirish bo‘yicha sotsiologik va marketing tadqiqotlari natijalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Malayziya hukumati a’zolari, 20 dan ortiq Osiyo davlati vakillari, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda 2024 yilda "Osiyoning eng yaxshi o‘ntaligi" va "Malayziyaning eng yaxshi o‘nligi" nominatsiyalari bo‘yicha erishgan yuksak yutuqlari uchun mukofotlar topshirildi.
"Yilning eng yaxshi yo‘nalishi" nominatsiyasida O‘zbekiston "Osiyoda 2024 yilgi eng yaxshi me’moriy meros sayohati yo‘nalishi" sifatida g‘olib deb topildi. Tegishli diplomni O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevga Malayziya Qiroli Sulton Ibrohimning singlisi Mariam Zahro topshirdi.
Mazkur nufuzli mukofot taqdimoti chog‘ida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston hududida YUNЕSKOning beshta jahon madaniy meros obyektlari mavjud. Qayd etilishicha, O‘zbekiston o‘zining milliy o‘ziga xosligini, ko‘plab islom madaniyati va me’morchiligi yodgorliklarini saqlab qola oldi. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar noyob tarixiy obidalari bilan mamlakat chegaralaridan tashqarida ham juda mashhur. Chunki, ushbu shaharlar tarixda Sharqning muhim davlat va ilmiy markazlari bo‘lgan. Mazkur mukofot O‘zbekiston hukumatining butun dunyodan tobora ko‘proq sayyohlarni jalb etayotgan tarixiy obidalarni asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarining e’tirofidir.
"Top 10 of Asia"ning boshqa nominatsiyalarida Livan (eng yaxshi milliy taomlar), Iordaniya (arxeologik meros), Kuvayt (barqaror rivojlanish), Indoneziya (tez rivojlanayotgan bozor iqtisodiyoti) va Tojikiston (eng yaxshi tabiiy resurslar) g‘olib bo‘ldi.
"Research House of Asia Media" – bu Malayziyadagi eng yirik noshirlik uylaridan biri bo‘lib, "The Top 10 of Asia", "The Top 10 of Malaysia", "The Top 10 of Indonesia", "The Top 10 of Singapore", "The Top 10 of Thailand" va "The Top 10 of Lifestyle" kabi ingliz tilidagi jurnallariga egalik qiladi. Jurnallar har oyda 10 ming nusxadan bosiladi. Ular Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi kitob do‘konlari, diplomatik korpus, mehmonxonalar, savdo uyushmalari va davlat idoralariga tarqatiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Cavol: Internetda musulmon yurtlardan hijrat qilib ketish farz ekani haqida chaqiriqlarga ko‘zim tushdi, haqiqatan ham hozirda hijrat qilish farzmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Hozirgi kunda musulmon yurtlardan hijrat qilish farz emas. Chunki hijrat kufr diyoridan Islom diyoriga qilinadi. Qadimdan musulmonlarning yeri bo‘lgan va Islom arkonlariga ochiqchasiga amal qilinib kelinayotgan joylar Islom diyori deyiladi. Musulmonlar tinch omon yashayotgan joydan joni, moli va obro‘sini xatarga qo‘yib, harbiy harakatlar ketayotgan joylarga borish hijratning ma’nosiga butunlay ziddir.
Demak, Islom diyorini tashlab ketish shar’iy hijrat deyilmaydi, farz yoki vojiblik kasb qilmaydi, balki oddiy bir manzildan boshqasiga yashash uchun ko‘chish bo‘lib qoladi.
Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra hijrat tang holat yuzaga kelganida, ya’ni asosiy farz amallarni bajarish imkoni qolmaganda amalga oshiriladi. Bunga Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning jonlariga suiqasd qilinganda Madinaga hijrat qilishlari va musulmonlarning Habashiston va Madinaga hijrat qilib jon saqlaganlari misol bo‘ladi. Mazkur hijratlar musulmonlarning jonlari, e’tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan xatarning o‘ta kuchayganligi oqibatida sodir bo‘lgan.
Xulosa shuki, g‘arazli maqsadlar bilan fitna o‘chog‘iga chaqirayotganlarning da’volari asossiz. Har bir aqlli-mulohazali musulmon inson ularning aldovlariga uchmasligi, mo‘tabar ulamolarimizning ko‘rsatmalariga amal qilishi va musulmonlarning katta jamoatini lozim tutishi kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.