Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, jumaga borsin. Kim biror behuda ish yoki tijorat bilan ovora bo‘lsa, Alloh unday bandadan behojatdir. Alloh g‘aniy va hamiyd Zotdir", dedilar (Tabaroniy rivoyat qilgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbar ustida turib: «Yoki qavmlar jumalarni tark qilishdan to‘xtarlar, yoki Alloh ularning qalblariga muhr bosur va so‘ngra g‘ofillardan bo‘lurlar», – deganlarini eshitdim» (Muslim, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilishgan).
Abu Ja’d Zomriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim pisand qilmay uch jumani tark etsa, Alloh uning qalbiga muhr bosgay", dedilar (Hokim rivoyat qilgan).
«Alloh taolo uning qalbiga muhr bosgay» kalimasining ma’nosi: «johillardan, qalbi qattiqlardan», deb yozib qo‘yadi, qalbini muhrlab, o‘rab qo‘yadi, uning qalbini O‘zining lutfu marhamatidan mahrum qiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Biringiz bir to‘da qo‘y olib, shahardan bir-ikki mil uzoqlashadi. O‘t-o‘lan topish og‘irlashganda, undan-da uzoqroqqa jo‘nab ketadi. Juma keladi, lekin u jumaga hozir bo‘lmaydi. Yana juma keladi, lekin u jumaga kelmaydi. Hatto Alloh taolo uning qalbini muhrlab qo‘yadi", dedilar (Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: "Ey insonlar, Allohga o‘limlaringizdan oldin tavba qiling. Mashg‘ul bo‘lmay turib, solih amallarga shoshilib qolinglar. Doimiy zikrda bo‘lib, Robbingiz bilan aloqani mustahkamlanglar. Oshkora va pinhona sadaqani ko‘paytiringlar, rizqingiz keng bo‘ladi, sizlarga Allohdan yordam yetadi, musibatlaringizning o‘rni bilinmay ketadi. Bilib qo‘yinglar, Alloh taolo jumani mana shu joyda, shu kunda, shu oyda, shu yilda farz qildi. Uning farzligi qiyomatgacha bardavomdir. Kim tirikligimda yoki mendan keyin odil yoki fosiq imomi bo‘la turib, jumani beparvolik va inkor qilgan holda tark qilsa, Alloh taolo uning ishlarini jamlamasin, baraka bermasin. Ogoh bo‘linglar, to tavba qilmaguncha, uning namozi, zakoti, haji, ro‘zasi, yaxshiliklari qabul bo‘lmaydi. Kim tavba qilsa, Alloh taolo uning tavbasini qabul qiladi" (Ibn Moja va Tabaroniy rivoyat qilishgan).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Kim ketma-ket uch jumani tark qilsa, Islomni ortiga tashlabdi" (Abu Ya’lo rivoyat qilgan).
Ya’ni din arkonlarini tark qilibdi, shariat odoblariga rioya qilmabdi, hasrat va g‘aflatda qolibdi. Qalbi qorayib, amali yomonlashibdi.
“Juma haqidagi oyat va hadislar” kitobidan
Ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).
Boshqa oyatda bunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).
“Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuterxonalarda o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar.
Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.
Biz bilamizki, ilm Islom dinining asosi bo‘lib, bu din insoniyatni doimo ilmga targ‘ib qilib kelgan. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so‘ng, unga ismlarning barchasini ta’lim berdi.
Shu ilm bilan Alloh taolo Odamni farishtalardan ustun tarafini namoyish etdi. Qur’oni Karimning avvalgi nozil bo‘lgan oyati ham «O‘qing» degan so‘z bilan boshlangan. Ilm bilan inson yuqori martabalarga erishadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm egalarini maqtab shunday degan: «Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9-oyat).
Inson ikki narsa bilan komillikka erishadi.
1. Yuksalib boruvchi maqsad va intilish.
2. Qalb ko‘zini ochuvchi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilm.
Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala, 11-oyat).
Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu har safar shu oyatni o‘qisalar, «Ey, odamlar! Bu oyatni yaxshi anglanglar, u sizlarni ilmga targ‘ib qiladi», deb aytardilar.
Muoz ibn Jabal aytadilar: “Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish – Allohdan qo‘rqish, uni talab etish – ibodat, muzokarasi – tasbeh, uni izlash – jiddu-jahd, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish – Allohga qurbatdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istig‘for aytadi».
Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi maloikalar istig‘for aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.
Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Sulaymonga alayhissalom yo ilmni, yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».
Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».
Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin» (Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».
Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.
Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobe’inlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga bunday nasihat qilardilar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini kimdan ta’lim olayotganlarizga e’tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.
Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar’iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e’tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo‘lgan ulamolardan olinadi.
Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne’matidir”, deganlar.
Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida’t ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta’lim olgan narsasida bo‘ladi”.
Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma’rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin!
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.