Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Jumani uzrsiz tark etmaslik

06.12.2024   5179   3 min.
Jumani uzrsiz tark etmaslik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, jumaga borsin. Kim biror behuda ish yoki tijorat bilan ovora bo‘lsa, Alloh unday bandadan behojatdir. Alloh g‘aniy va hamiyd Zotdir", dedilar (Tabaroniy rivoyat qilgan).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbar ustida turib: «Yoki qavmlar jumalarni tark qilishdan to‘xtarlar, yoki Alloh ularning qalblariga muhr bosur va so‘ngra g‘ofillardan bo‘lurlar», – deganlarini eshitdim» (Muslim, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilishgan).

Abu Ja’d Zomriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim pisand qilmay uch jumani tark etsa, Alloh uning qalbiga muhr bosgay", dedilar (Hokim rivoyat qilgan).

«Alloh taolo uning qalbiga muhr bosgay» kalimasining ma’nosi: «johillardan, qalbi qattiqlardan», deb yozib qo‘yadi, qalbini muhrlab, o‘rab qo‘yadi, uning qalbini O‘zining lutfu marhamatidan mahrum qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Biringiz bir to‘da qo‘y olib, shahardan bir-ikki mil uzoqlashadi. O‘t-o‘lan topish og‘irlashganda, undan-da uzoqroqqa jo‘nab ketadi. Juma keladi, lekin u jumaga hozir bo‘lmaydi. Yana juma keladi, lekin u jumaga kelmaydi. Hatto Alloh taolo uning qalbini muhrlab qo‘yadi", dedilar (Ibn Moja rivoyat qilgan).

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: "Ey insonlar, Allohga o‘limlaringizdan oldin tavba qiling. Mashg‘ul bo‘lmay turib, solih amallarga shoshilib qolinglar. Doimiy zikrda bo‘lib, Robbingiz bilan aloqani mustahkamlanglar. Oshkora va pinhona sadaqani ko‘paytiringlar, rizqingiz keng bo‘ladi, sizlarga Allohdan yordam yetadi, musibatlaringizning o‘rni bilinmay ketadi. Bilib qo‘yinglar, Alloh taolo jumani mana shu joyda, shu kunda, shu oyda, shu yilda farz qildi. Uning farzligi qiyomatgacha bardavomdir. Kim tirikligimda yoki mendan keyin odil yoki fosiq imomi bo‘la turib, jumani beparvolik va inkor qilgan holda tark qilsa, Alloh taolo uning ishlarini jamlamasin, baraka bermasin. Ogoh bo‘linglar, to tavba qilmaguncha, uning namozi, zakoti, haji, ro‘zasi, yaxshiliklari qabul bo‘lmaydi. Kim tavba qilsa, Alloh taolo uning tavbasini qabul qiladi" (Ibn Moja va Tabaroniy rivoyat qilishgan). 

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Kim ketma-ket uch jumani tark qilsa, Islomni ortiga tashlabdi" (Abu Ya’lo rivoyat qilgan).

Ya’ni din arkonlarini tark qilibdi, shariat odoblariga rioya qilmabdi, hasrat va g‘aflatda qolibdi. Qalbi qorayib, amali yomonlashibdi.

“Juma haqidagi oyat va hadislar” kitobidan

Boshqa maqolalar

Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

23.05.2025   3469   3 min.
Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi. 
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.

Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.

Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.

— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.

Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.

Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
 Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman. 
   Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi. 

Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".