Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Kim Allohning shu ismlari ila duo qilsa, albatta ijobat bo‘ladi

06.12.2024   6285   2 min.
Kim Allohning shu ismlari ila duo qilsa, albatta ijobat bo‘ladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Shayx Atiyya Saqr rahimahulloh bu savolga quyidagi javob beradilar: “Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Allohning go‘zal ismlari bordir. Bas, Unga o‘sha (ism)lar ila duo qiling” (A’rof surasi, 180-oyat).

Boshqa oyatda bunday deyiladi: “Allohga duo qilinglar, Rohmanga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, bari bir. Go‘zal ismlar Unikidir” (Isro surasi, 110-oyat).

Allohning barcha ismlari go‘zaldir. Banda Allohga duo qilganida, qancha ko‘p go‘zal ismlari ila duo qilsa shuncha yaxshi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning to‘qson to‘qqizta – bir kam yuzta ismi bor. Kim ularni ixso qilsa (yod olsa), jannatga kiradi. Alloh toqdir, toqni yaxshi ko‘radi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz ushbu xadisda kelgan “ixso” kalimasini fakatgina yodlash emas, balki “uning ma’nolarini bilib, tafakkur kilish va unga muvofiq go‘zal xulq bilan xulqlanish lozim”, deganlar.

Alloh taoloning shunday ismlari borki, kim ular bilan duo qilsa duosi ijobat qilinadi, so‘rasa so‘rovi beriladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir kishining:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ بِأَنِّي أَشْهَدُ أَنَّكَ أَنْتَ اللَّه لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ الأَحَدُ الصَّمَدُ الَّذِي لَمْ يَلِدْ وَلَمْ يُولَدْ وَلَمْ يَكُنْ لَهُ كُفُوًا أَحَدٌ

“Allohim, Sendan o‘zga ibodatga loyiq Zot yo‘qligi, O‘zing yakkayu yolg‘izliging, behojatliging, tug‘magan va tug‘ilmagan va Senga hech bir narsa teng kelolmaydigan Zot – Alloh ekaningga iymon keltirib so‘rayman” deyayotganini eshitib: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, u bilan duo qilsa, duosi ijobat bo‘ladigan va u bilan so‘rasa, beriladigan Allohning ulug‘ ismlari bilan so‘radi”, dedilar.

O‘qilishi: Allohumma inniy asaluka bianniy ashhadu annaka antallohu laa ilaha illaa anta al-ahadu as-somadu allaziy lam yalid va lam yulad va lam yakunlahu kufuvan ahad.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Olimga nimani nasihat qilaman?

09.06.2025   6596   2 min.
Olimga nimani nasihat qilaman?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.

Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».

Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan