بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله والصلاة والسلام على رسول الله وعلى آله وصحبه ومن والاه ، أما بعد
Barchamizga ma’lumki, mahsiga mas'h tortishning joizligi borasida barcha ulamolar yakdil bo‘lishgan. Shuningdek, yupqa paypoqqa mas'h tortish mumkin emasligiga ham barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Hozirgi kundagi «paypoq-mahsi»larga mas'h tortish masalasida esa ulamolarimiz turlicha fikr aytishgan. Quyida shu masalani o‘rganib, yakuniy xulosa qilamiz.
Hozirgi kundagi paypoq-mahsilarning hukmini fiqh kitoblarimizda zikr qilingan «javrob» masalasidan bilib olish mumkin.
Hozirgi kundagi zamonaviy arab tili lug‘atlarida «javrob» so‘zining tarjimasi «paypoq» deb beriladi. Lekin shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Payg‘ambarimiz alayhissalom davridagi javroblar bilan hozirgi zamonaviy paypoqlar butunlay boshqa-boshqa narsalardir.
«Javrob» so‘zining asli «kavrob» bo‘lib, arab tiliga boshqa tildan kirib kelgan. «Qomusul-muhiyt» va «Lisonul-arab» nomli eng mo‘tabar lug‘at kitoblarda «javrob – kishining oyoqlariga o‘raladigan narsa», deyilgan. Molikiy mazhabining muhaqqiq ulamolardan Ibn Arabiy hadislarda kelgan javrobni quyidagicha izohlaydi:
الجَوْرَبُ: غِشَاءَانِ لِلْقَدَمِ مِنْ صُوفٍ يُتَّخَذُ لِلدُّفْءِ
«Javrob – ikki oyoqni issiq tutish uchun jundan tayyorlangan, uni (oyoqni) o‘rab turadigan narsadir» (Manba: «Orizatul-Ahvaziy sharh «Sunani Termiziy» kitobi).
Alloma Badriddin Ayniy mazkur ta’rifga qo‘shimcha qilib, javrobni odamlar odatda o‘ta sovuq o‘lkalarda kiyishini ta’kidlab o‘tgan.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida joriy bo‘lgan javrobga berilgan ta’riflarning hammasini o‘rganib chiqib, xulosa qilinsa, u – jundan yoki paxtadan to‘qilgan qalin matodan bo‘lgan, oyoqni issiq tutish uchun kiyiladigan yoki oyoqqa o‘raladigan narsa bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Javrobning mahsidan farqi shuki, maxsi oshlangan teridan tikilib tayyorlangan bo‘lsa, javrob qalin matodan tayyorlangan. Ba’zi ulamolarga ko‘ra, javrobning osti yoki usti teri bilan qoplangan.
Zamon o‘tishi bilan turli xil oyoq kiyimlar tikila boshlagach, ular ham «javrob» deb atalib ketgan. Javroblar esa turli o‘lkalarda turli ko‘rinishda bo‘lgani. Shuning uchun fuqaholarimiz javrobga mas'h tortishning hukmi o‘sha oyoq kiyimining holatiga qarab belgilanishini ochiq oydin aytib o‘tganlar. Jumladan, mo‘tabar fiqhiy manba hisoblangan «Inoya» kitobida shunday deyiladi:
الْمَسْحُ عَلَى الْجَوْرَبَيْنِ عَلَى ثَلَاثَةِ أَوْجُهٍ: فِي وَجْهٍ يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ مَا إذَا كَانَا ثَخِينَيْنِ مُنَعَّلَيْنِ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ أَلَّا يَكُونَا ثَخِينَيْنِ وَلَا مُنَعَّلَيْنِ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ خِلَافًا لِصَاحِبَيْهِ وَهُوَ أَنْ يَكُونَا ثَخِينَيْنِ غَيْرَ مُنَعَّلَيْنِ .
«Javrobga mas'h tortishning hukmi uch xil bo‘ladi:
- agar u qalin javrob bo‘lib, ostiga teri qoplangan bo‘lsa, mas'h tortish joiz. Bunga ulamolarimiz ittifoq qilganlar.
- teridan bo‘lmagan yupqa javrob bo‘lsa, unga mas'h tortib bo‘lmaydi. Bunga ham barcha ulamolar ittifoq qilganlar.
- javrob teridan bo‘lmasa, lekin qalin bo‘lsa ham, Imom A’zamning nazdida mas'h tortish durust emas. Ammo imom Abu Yusuf va imom Muhammadning nazdida unga mas'h tortish joiz».
Demak, qadimgi javroblar (ya’ni qalin paypoqlar) mahsiga o‘xshagani, mahsiga qo‘yilgan talablarga javob bergani uchun ularga mas'h tortilgan. Bu talablarga javob bera olmagan har qanday oyoq kiyimiga mas'h tortish joiz emas, deb hisoblangan.
Javrobga (paypoqqa) mas'h tortish haqida Ibn Nujaym rahimahulloh ham o‘zlarining «Bahrur-roiq» nomli kitoblarida shunday deydilar:
ولا يجوز المسح علي الجورب الرقيق من غزل او شعر بلا خلاف، ولو كان ثخينا يمشي معه فرسخا فصاعدا كجورب اهل مرو فعلي الخلاف.
«Ip yoki jundan to‘qilgan yupqa javrobga mas'h tortish joiz emas. Bu borada xilof yo‘q. Kiyilgan javrob xuddi marvliklarning paypog‘i kabi bir farsax yoki undan ortiq yo‘l yursa bo‘ladigan darajada qalin bo‘lsa, u holda ulamolarning fikrida xilma-xillik paydo bo‘ladi»[1].
«Badoye’us-sanoye’» kitobida bu borada shunday deyiladi:
فان كانا رقيقين يشفان الماء لا يجوز المسح عليهما بالاجماع
«Ulamolarning ijmosiga ko‘ra, paypoqning matosi suv sizib o‘tadigan darajada yupqa bo‘lsa, unga masx tortish joiz emas».[2]
Demak, ulamolar «Javrob suv sizib o‘tadigan darajada yupqa bo‘lsa, unga mas'h tortib bo‘lmaydi» deb ijmo’ qilganlar.
Alloma Ibn Obidin javrobga mas'h tortish (uchun qo‘yilgan shartlar) mavzusida shunday deganlar:
)أَوْ جَوْرَبَيْهِ (ولو من غزل او شعر (الثَّخِينَيْنِ) بِحَيْثُ يَمْشِي فَرْسَخًا وَيَثْبُتُ عَلَى السَّاقِ بِنَفْسِهِ وَلَا يُرَى مَا تَحْتَهُ وَلَا يَشِفُّ.
1. Bir farsax yurish mumkin bo‘lgan darajada qalin bo‘lishi;
2. Bog‘ichsiz, o‘zi oyoqda mahkam turadigan bo‘lishi;
3. Ustidan osti ko‘rinmaydigan bo‘lishi;
4. Suvni darhol o‘tkazib yubormasligi kerak.[3]
Shunday ekan, javrobga mas'h tortish joiz yoki nojoizligi fuqaholar yuqorida belgilagan shartlarga bog‘liq bo‘ladi. Belgilangan shartlar topilsa, unga mas'h tortish mumkin. Belgilangan shartlarning bittasi topilmasa ham, bunday oyoq kiyimga mas'h tortish joiz bo‘lmaydi.
Imom Abu Hanifa rohimahulloh bu masalada bunday deganlar:
قال ابو حنيفة رحمه الله: لا يجوز المسح علي الجوربين، الا ان يكون مجلدين او منعلين. لان الجورب ليس في معني الخف لانه لا يمكن مواظبة المشي فيه، الا اذا منعلا
«Javrob butkul teridan bo‘lmasa yoki uning tagi teridan bo‘lmasa, unga mas'h tortish joiz emas, chunki javrobda maxsining xususiyati yo‘q. Tagi teri bo‘lmasa, u bilan davomiy yurib bo‘lmaydi».
Lekin Imom Abu Hanifa rahimahulloh umrlarining oxirida, bemorlik chog‘larida javroblariga mas'h tortganlar va ziyoratga kelganlarga «Avval qilmagan ishimni qildim», deganlar. Shundan ma’lum bo‘ladiki, imom Abu Hanifa rahimahulloh avvalgi gaplaridan qaytib, imom Abu Yusuf va imom Muhammadning so‘zlarini ixtiyor qilganlar. Ularning fikri shunday:
وقال الصاحبان وعلي رايهما الفتوي في المذهب الحنفي: يجوز المسح علي الجوربين إذا كانا ثخينين لا يشفان (لا يري ما وراءهما): لان النبي صلي الله عليه و سلم مسح علي جوربيه، ولانه يمكن المشي فيه اذا كان ثخينا كجوارب الصوف اليوم، و به تبين ان المفتي به عند الحنفية جواز المسح علي الجوربين الثخينين بحيث يمشي عليها فرسخا فاكثر ويثبت على الساق بنفسه، ولا يرى ما تحته بنفسه و لا يري ما تحته ولا يشف
«Hanafiy mazhabida imom Abu Yusuf va imom Muhammadning (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) so‘zlariga fatvo berilgan. Ular «Javrob qalin, shaffof bo‘lmasa ham – ustidan osti (ya’ni ichik) ko‘rinmaydigan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz», deyishgan. Chunki Nabiy sallallohu alayhi vasallam javroblariga mas'h tortganlar. Javrob bugungi kundagi jundan to‘qilgan javroblar kabi qalin bo‘lsa, uni kiyib, uzluksiz yurish mumkin bo‘ladi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, hanafiy mazhabida fatvo berilgan qavl javrob qalin bo‘lsa, (bir farsax yursa bo‘ladigan darajada qalin bo‘lsa, bog‘ichsiz ham o‘zi oyoqda mahkam tursa, ustidan osti (ya’ni ichi) ko‘rinmaydigan bo‘lsa) unga mas'h tortish joiz bo‘ladi».[4]
واما الخف المتخذ من اللبد فلم يذكره في ظاهر الرواية، وقيل: انه علي التفصيل والاختلاف الذي ذكرنا وقيل: ان كان يطيق السفر جاز المسح عليه والا فلا. وهذا هو الاصح.
«Zohirur-rivoya»da jundan to‘qilgan maxsiga mas'h tortish zikr qilinmagan. Ba’zilar bu masala ham yuqorida biz aytib o‘tgan ixtilof va tafsilotlarga ko‘ra bo‘lishini aytishgan. Ba’zi ulamolar esa «Safarga yaroqli bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz. Aks holda joiz emas», deyishgan bo‘lib, mana shu gap sahihroqdir».[5]
Alouddin Kosoniyning ushbu masalaga oid quyidagi so‘zlari ham e’tiborga molik:
واما المسح علي الجوربين: فان كانا مجلدين او منعلين يجزئه بلا خلاف عند اصحابنا،
«Javrobning usti va osti teridan bo‘lsa; yoki faqat osti teri bilan qoplangan bo‘lsa, mujtahid ulamolarimiz o‘rtasida hech qanday xilofsiz unga mas'h tortish joiz bo‘ladi».[6]
Shu o‘rinda javrobga mas'h tortishda hanafiy mazhabidan tashqari, uch mo‘tabar mazhab ulamolarining qarashlarini va ularning bir-birlaridan farqlarini ham ko‘rib chiqsak.
Molikiy mazhabi: Oyoq kiyimga mas'h tortish joiz bo‘lishi uchun bu kiyim yoki mahsi bo‘lishi; yoki teridan bo‘lgan javrob bo‘lishi; uni kiyib, uzluksiz yurish imkoni bo‘lishi shart. Imom Molik rohimahullohning nazdida teridan boshqa narsadan qilingan oyoq kiyimiga mas'h tortish joiz emas. Imom Abul Ziyo Xalil Al-Molikiy shunday deganlar:
يقول الإمام أبو الضياء خليل المالكي في مختصره (ص 26): (رخص لرجل وامرأة وإن مستحاضة بحضر أو سفر مسح جورب جلد ظاهره وباطنه(
«Muqimlikda bo‘lsin yoki safarda bo‘lsin, erkak kishi bo‘lsin yoki ayol kishi bo‘lsin, hatto bu ayol istihoza bo‘lsa ham, osti va usti teridan qilingan javrobga mas'h tortishga ruxsat berilgan» («Muxtasar», 26-bet).
Shofe’iy mazhabi: Shofe’iy mazhadi faqihlari ham boshqa faqihlar kabi, javrobga mas'h tortish uchun bir qancha shartlar qo‘yganlar:
1. To‘liq tahorat bilan kiyilgan bo‘lishi kerak.
2. Oyoq kiyim pok bo‘lishi kerak.
3. Oyoqning tahoratda yuvilishi farz bo‘lgan qismini yopgan bo‘lishi kerak.
4. Qalin bo‘lishi, ya’ni uning o‘zini ham kiyib yurish imkoni bo‘lishi kerak.
5. Ustidan suv quyilsa, suvni o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak.
قال الإمام النووي في المجموع (1/564):(الصحيح من مذهبنا أن الجورب إن كان صفيقًا يمكن متابعة المشي عليه جاز المسح عليه، وإلا فلا(
«Imom Navaviy «Majmu’»da shunday deganlar: «Bizning mazhabimizdagi sahih gap shunday: agar javrob uzluksiz yurishga yaroqli, qalin bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz, aks holda joiz emas» (1-j, 564-b).
Hanbaliy mazhabi: hanbaliy mazhabi faqihlari o‘zlarining kitoblarida «Mahsi va uning ma’nosidagi narsaga, ya’ni mahsining xususiyatlarini o‘zida jamlagan narsaga mas'h tortish joiz», deganlar.
يقول إمام الحنابلة موفق الدين ابن قدامة المقدسي مفصلاً ذلك في كتابه الكافي: (1/76) أثناء ذكره لشروط المسح على الخفين: الشرط الثاني: أن يمكن متابعة المشي فيه، فإن كان يسقط من القدم لسعته أو ثقله لم يجز المسح عليه، لأن الذي تدعو الحاجة إليه هو الذي يمكن متابعة المشي فيه، وسواء في ذلك الجلود واللبود والخرق والجوارب.
«Hanbaliy imomi Muvaffaquddin ibn Qudoma Al-Maqdisiy o‘zining «Kofiy» nomli kitobida bu haqda batafsil bahs yuritib, maxsiga mas'h tortishning shartlarini zikr qilish asnosida shunday degan:
«Ikkinchi shart: Unda uzluksiz yurish imkoni bo‘lsin. Agar kengligi, og‘irligi tufayli oyoqdan tushib ketadigan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz emas, chunki javrob bilan uzluksiz yurish imkoni bo‘lgani uchun unga ehtiyoj tug‘iladi. Bu kiyim teri, kigiz, jun yoki javrob bo‘ladimi, ahamiyati yo‘q» (1-j, 76-b).
Mazhablarning javrobga mas'h tortish borasidagi fikrlaridan shunday xulosa qilishimiz mumkin:
Imom Molik mazhabidan boshqa barcha mazhab faqihlari javrobga mas'h tortish uchun u bilan uzoq masofaga yurishni, bog‘ichsiz oyoqda turishini va zich to‘qilgan, qalin bo‘lishini shart qilishgan. Bu sifatlarni o‘zida jam qilgan narsa albatta teri bo‘lishi shart emas.
Javrob masalasida mazhabboshimiz imom Abu Hanifa rahimahulloh «Javrobning osti va usti to‘liq teridan yoki tagi teridan bo‘lishi shart», degan bo‘lsalar, imom Molik rahimahulloh «Osti va usti to‘liq teri bo‘lsagina mas'h tortish joiz», deganlar.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, hozirgi kunda ba’zi «olim»lar ip-gazlamadan to‘qilgan paypoqlarga ham mas'h tortishni joiz deb «fatvo» berishyapti, bu fatvolarida odamlarga yengillik va qulaylik borligini da’vo qilishyapti. Holbuki, Ahli sunna val jamoaning to‘rt mazhab imomlari ittifoq qilgan shartlarga xilof ish tutish yengillik, deyilmaydi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan xulosa qilamizki, hozirda keng tarqalgan paypoq-mahsilarga mas'h tortish uchun fuqaholarimiz yuqorida keltirgan shartlarning barchasi topilishi zarur, shundagina paypoq-mahsilarga mas'h tortish joiz bo‘ladi.
Xulosa
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolar hay’ati paypoq-mahsi (javrob) masalasida fiqhiy manbalarni atroflicha o‘rganib, bir qancha muhokamalardan keyin quyidagi xulosaga keldi:
1. Agar mahsi to‘liq teridan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz. Bu borada mujtahidlar orasida ixtilof yo‘q;
2. To‘piqni yopib turadigan, etikka o‘xshagan poyafzallarga mas'h tortish joiz.
3. Bugungi kunda kiyilayotgan oddiy paypoqlarga mas'h tortish mutlaqo joiz emas.
4. Paypoq-mahsi (javrob) ustiga hech narsa kiymasdan bir farsax (6 km) yurishga yarasa, bog‘ichsiz o‘zi oyoqda turadigan, tashidan ichi (ya’ni oyoq) ko‘rinmaydigan, suvni darhol o‘tkazib yubormaydigan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz.
Eslatma: Bu shartlarga qo‘shimcha tarzda paypoq-mahsi eng kamida tag qismi teri bilan qoplangan bo‘lsa, unga mas'h tortish joizligida ulamolarimiz yakdil fikrdalar.
Mo‘min-musulmonlarga qulaylik yaratish uchun paypoq-mahsi ishlab chiqarayotgan yoki ularni chet ellardan olib kelayotgan tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini yuqorida aytilgan shartlarga rioya qilgan holda olib borishlarini tavsiya qilamiz. Ushbu shartlar topilishi barobarida paypoq-mahsilarning ostini ehtiyot yuzasidan teridan qilishlari, namozxonlarimiz ham ushbu jihatga e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiqdir.
Vallohu a’lam!
Fatvo loyihasini Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdug‘ofur domla Niyozqulov tayyorladi.
Fatvo loyihasi bilan tanishib chiqib, rozilik bildirganlar:
1. Nuriddin domla Xoliqnazarov – Fatvo hay’ati raisi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining raisi, muftiy, Fatvo markazi direktori,
2. Homidjon domla Ishmatbekov – Fatvo hay’ati a’zosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari,
3. Muhammad Ayubxon domla Homidov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
4. Soatmurod domla Primov – Toshkent islom instituti prorektori, dots.nt,
5. Yahyo domla Razzoqov – Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
6. Farhod domla Jo‘rayev – Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
7. G‘ulomiddin domla Xolboyev – Fatvo markazi direktor o‘rinbosari, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
8. Hikmatulloh domla Toshtemirov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi,
9. Habibulloh domla Jo‘raboyev – Fatvo markazi yetakchi mutaxassisi, Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
10. Abdulatif domla Tursunov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
11. Sayidahmad domla Saydaraliyev – Fatvo markazi yetakchi mutaxassisi,
12. Otabek domla Mamadiyev – Fatvo markazi mutaxassisi,
13. Yorqinjon domla Jumaboyev – Fatvo markazi mutaxassisi,
14. Zikriyo domla Boborahimov – Fatvo markazi mutaxassisi,
15. Muhammadjon domla Ibragimov – Fatvo markazi mutaxassisi.
[1] Zaynuddin ibn Ibrohim ibn Nujaym. Bahrur-roiq. 2-j, 8-b. Maktabatush-shomila.
[2] Abu Bakr Kosoniy. Badoye’us-sanoye’ fiy tartibish-sharoye’. 1-j, 83-b. Bayrut, Dor ihyo turosil-arabiy,1992.
[3] Alloma Muhammad Amiyn ibn Umar ibn Abdulaziz Obidin Dimashqiy. Raddul-muhtor. 1-j, 394, 395-b. Bayrut, Dor ihyo turosil-arabiy, 2019.
[4] Vahba Zuhayliy. Fiqhul-islamiy va adillatuhu. 1-j, 343, 344-b. Damashq, Dorul-fikr, 2007.
[5] Abu Bakr Kosoniy. Badoye’us-sanoye’ fiy tartibish-sharoye’. 1-j, 83-b. Bayrut, Dorul-kutubil-ilmiyya, 1992.
[6] Abu Bakr Kosoniy. Badoye’us-sanoye’ fiy tartibish-sharoye’. 1-j, 83-b. Bayrut, Doral-kutubil-ilmiyya,1992.
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.