Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Paypoq-mahsilarga mas'h tortish haqida

06.12.2024   7658   16 min.
Paypoq-mahsilarga mas'h tortish haqida

Fatvo
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله والصلاة والسلام على رسول الله وعلى آله وصحبه ومن والاه ، أما بعد

Barchamizga ma’lumki, mahsiga mas'h tortishning joizligi borasida barcha ulamolar yakdil bo‘lishgan. Shuningdek, yupqa paypoqqa mas'h tortish mumkin emasligiga ham barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Hozirgi kundagi «paypoq-mahsi»larga mas'h tortish masalasida esa ulamolarimiz turlicha fikr aytishgan. Quyida shu masalani o‘rganib, yakuniy xulosa qilamiz.

Hozirgi kundagi paypoq-mahsilarning hukmini fiqh kitoblarimizda zikr qilingan «javrob» masalasidan bilib olish mumkin.

Hozirgi kundagi zamonaviy arab tili lug‘atlarida «javrob» so‘zining tarjimasi «paypoq» deb beriladi. Lekin shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Payg‘ambarimiz alayhissalom davridagi javroblar bilan hozirgi zamonaviy paypoqlar butunlay boshqa-boshqa narsalardir.

«Javrob» so‘zining asli «kavrob» bo‘lib, arab tiliga boshqa tildan kirib kelgan. «Qomusul-muhiyt» va «Lisonul-arab» nomli eng mo‘tabar lug‘at kitoblarda «javrob – kishining oyoqlariga o‘raladigan narsa», deyilgan. Molikiy mazhabining muhaqqiq ulamolardan Ibn Arabiy hadislarda kelgan javrobni quyidagicha izohlaydi:
 

الجَوْرَبُ: غِشَاءَانِ لِلْقَدَمِ مِنْ صُوفٍ يُتَّخَذُ لِلدُّفْءِ


«Javrob – ikki oyoqni issiq tutish uchun jundan tayyorlangan, uni (oyoqnio‘rab turadigan narsadir» (Manba: «Orizatul-Ahvaziy sharh «Sunani Termiziy» kitobi).

Alloma Badriddin Ayniy mazkur ta’rifga qo‘shimcha qilib, javrobni odamlar odatda o‘ta sovuq o‘lkalarda kiyishini ta’kidlab o‘tgan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida joriy bo‘lgan javrobga berilgan ta’riflarning hammasini o‘rganib chiqib, xulosa qilinsa, u – jundan yoki paxtadan to‘qilgan qalin matodan bo‘lgan, oyoqni issiq tutish uchun kiyiladigan yoki oyoqqa o‘raladigan narsa bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Javrobning mahsidan farqi shuki, maxsi oshlangan teridan tikilib tayyorlangan bo‘lsa, javrob qalin matodan tayyorlangan. Ba’zi ulamolarga ko‘ra, javrobning osti yoki usti teri bilan qoplangan.

Zamon o‘tishi bilan turli xil oyoq kiyimlar tikila boshlagach, ular ham «javrob» deb atalib ketgan. Javroblar esa turli o‘lkalarda turli ko‘rinishda bo‘lgani. Shuning uchun fuqaholarimiz javrobga mas'h tortishning hukmi o‘sha oyoq kiyimining holatiga qarab belgilanishini ochiq oydin aytib o‘tganlar. Jumladan, mo‘tabar fiqhiy manba hisoblangan «Inoya» kitobida shunday deyiladi:
 

الْمَسْحُ عَلَى الْجَوْرَبَيْنِ عَلَى ثَلَاثَةِ أَوْجُهٍ: فِي وَجْهٍ يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ مَا إذَا كَانَا ثَخِينَيْنِ مُنَعَّلَيْنِ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ أَلَّا يَكُونَا ثَخِينَيْنِ وَلَا مُنَعَّلَيْنِ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ خِلَافًا لِصَاحِبَيْهِ وَهُوَ أَنْ يَكُونَا ثَخِينَيْنِ غَيْرَ مُنَعَّلَيْنِ .

«Javrobga mas'h tortishning hukmi uch xil bo‘ladi:

- agar u qalin javrob bo‘lib, ostiga teri qoplangan bo‘lsa, mas'h tortish joiz. Bunga ulamolarimiz ittifoq qilganlar.
- teridan bo‘lmagan yupqa javrob bo‘lsa, 
unga mas'h tortib bo‘lmaydi. Bunga ham barcha ulamolar ittifoq qilganlar.
- javrob teridan bo‘lma
sa, lekin qalin bo‘lsa ham, Imom A’zamning nazdida mas'h tortish durust emas. Ammo imom Abu Yusuf va imom Muhammadning nazdida unga mas'h tortish joiz».

Demak, qadimgi javroblar (ya’ni qalin paypoqlar) mahsiga o‘xshagani, mahsiga qo‘yilgan talablarga javob bergani uchun ularga mas'h tortilgan. Bu talablarga javob bera olmagan har qanday oyoq kiyimiga mas'h tortish joiz emas, deb hisoblangan.

Javrobga (paypoqqa) mas'h tortish haqida Ibn Nujaym rahimahulloh ham o‘zlarining «Bahrur-roiq» nomli kitoblarida shunday deydilar:
 

ولا يجوز المسح علي الجورب الرقيق من غزل او شعر بلا خلاف، ولو كان ثخينا يمشي معه  فرسخا فصاعدا كجورب اهل مرو فعلي الخلاف.

«Ip yoki jundan to‘qilgan yupqa javrobga mas'h tortish joiz emas. Bu borada xilof yo‘q. Kiyilgan javrob xuddi marvliklarning paypog‘i kabi bir farsax yoki undan ortiq yo‘l yursa bo‘ladigan darajada qalin bo‘lsa, u holda ulamolarning fikrida xilma-xillik paydo bo‘ladi»[1].

«Badoye’us-sanoye’» kitobida bu borada shunday deyiladi:
 

فان كانا رقيقين يشفان الماء لا يجوز المسح عليهما بالاجماع

«Ulamolarning ijmosiga ko‘ra, paypoqning matosi suv sizib o‘tadigan darajada yupqa bo‘lsa, unga masx tortish joiz emas».[2]

Demak, ulamolar «Javrob suv sizib o‘tadigan darajada yupqa bo‘lsa, unga mas'h tortib bo‘lmaydi» deb ijmo’ qilganlar.

 

Alloma Ibn Obidin javrobga mas'h tortish (uchun qo‘yilgan shartlar) mavzusida shunday deganlar:
 

)أَوْ جَوْرَبَيْهِ (ولو من غزل او شعر (الثَّخِينَيْنِ) بِحَيْثُ يَمْشِي فَرْسَخًا وَيَثْبُتُ عَلَى السَّاقِ بِنَفْسِهِ وَلَا يُرَى مَا تَحْتَهُ وَلَا يَشِفُّ.

1. Bir farsax yurish mumkin bo‘lgan darajada qalin bo‘lishi;
2. Bog‘ichsiz, o‘zi oyoqda mahkam turadigan bo‘lishi;
3. Ustidan osti ko‘rinmaydigan bo‘lishi;
4. Suvni darhol o‘tkazib yubormasligi kerak.[3]

Shunday ekan, javrobga mas'h tortish joiz yoki nojoizligi fuqaholar yuqorida belgilagan shartlarga bog‘liq bo‘ladi. Belgilangan shartlar topilsa, unga mas'h tortish mumkin. Belgilangan shartlarning bittasi topilmasa ham, bunday oyoq kiyimga mas'h tortish joiz bo‘lmaydi.

Imom Abu Hanifa rohimahulloh bu masalada bunday deganlar:
 

قال ابو حنيفة رحمه الله: لا يجوز المسح علي الجوربين، الا ان يكون مجلدين او منعلين. لان الجورب ليس في معني الخف لانه لا يمكن مواظبة المشي فيه، الا اذا منعلا

«Javrob butkul teridan bo‘lmasa yoki uning tagi teridan bo‘lmasa, unga mas'h tortish joiz emas, chunki javrobda maxsining xususiyati yo‘q. Tagi teri bo‘lmasa, u bilan davomiy yurib bo‘lmaydi».

Lekin Imom Abu Hanifa rahimahulloh umrlarining oxirida, bemorlik chog‘larida javroblariga mas'h tortganlar va ziyoratga kelganlarga «Avval qilmagan ishimni qildim», deganlar. Shundan ma’lum bo‘ladiki, imom Abu Hanifa rahimahulloh avvalgi gaplaridan qaytib, imom Abu Yusuf va imom Muhammadning so‘zlarini ixtiyor qilganlar. Ularning fikri shunday:
 

وقال الصاحبان وعلي رايهما الفتوي في المذهب الحنفي: يجوز المسح علي الجوربين إذا كانا ثخينين لا يشفان (لا يري ما وراءهما): لان النبي صلي الله عليه و سلم مسح علي جوربيه، ولانه يمكن المشي فيه اذا كان ثخينا كجوارب الصوف اليوم، و به تبين ان المفتي به عند الحنفية جواز المسح علي الجوربين الثخينين بحيث يمشي عليها فرسخا فاكثر ويثبت على الساق بنفسه، ولا يرى ما تحته بنفسه و لا يري ما تحته ولا يشف


      «Hanafiy mazhabida imom Abu Yusuf va imom Muhammadning (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) so‘zlariga fatvo berilgan. Ular «Javrob qalin, shaffof bo‘lmasa ham – ustidan osti (ya’ni ichik) ko‘rinmaydigan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz», deyishgan. Chunki Nabiy sallallohu alayhi vasallam javroblariga mas'h tortganlar. Javrob bugungi kundagi jundan to‘qilgan javroblar kabi qalin bo‘lsa, uni kiyib, uzluksiz yurish mumkin bo‘ladi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, hanafiy mazhabida fatvo berilgan qavl javrob qalin bo‘lsa, (bir farsax yursa bo‘ladigan darajada qalin bo‘lsa, bog‘ichsiz ham o‘zi oyoqda mahkam tursa, ustidan osti (ya’ni ichi) ko‘rinmaydigan bo‘lsa) unga mas'h tortish joiz bo‘ladi».[4]
 

واما الخف المتخذ من اللبد فلم يذكره في ظاهر الرواية، وقيل: انه علي التفصيل والاختلاف الذي ذكرنا وقيل: ان كان يطيق السفر جاز المسح عليه والا فلا. وهذا هو الاصح.

«Zohirur-rivoya»da jundan to‘qilgan maxsiga mas'h tortish zikr qilinmagan. Ba’zilar bu masala ham yuqorida biz aytib o‘tgan ixtilof va tafsilotlarga ko‘ra bo‘lishini aytishgan. Ba’zi ulamolar esa «Safarga yaroqli bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz. Aks holda joiz emas», deyishgan bo‘lib, mana shu gap sahihroqdir».[5]

Alouddin Kosoniyning ushbu masalaga oid quyidagi so‘zlari ham e’tiborga molik:
 

واما المسح علي الجوربين: فان كانا مجلدين او منعلين يجزئه بلا خلاف عند اصحابنا،

«Javrobning usti va osti teridan bo‘lsa; yoki faqat osti teri bilan qoplangan bo‘lsa, mujtahid ulamolarimiz o‘rtasida hech qanday xilofsiz unga mas'h tortish joiz bo‘ladi».[6]

Shu o‘rinda javrobga mas'h tortishda hanafiy mazhabidan tashqari, uch mo‘tabar mazhab ulamolarining qarashlarini va ularning bir-birlaridan farqlarini ham ko‘rib chiqsak.

 

Molikiy mazhabi: Oyoq kiyimga mas'h tortish joiz bo‘lishi uchun bu kiyim yoki mahsi bo‘lishi; yoki teridan bo‘lgan javrob bo‘lishi; uni kiyib, uzluksiz yurish imkoni bo‘lishi shart. Imom Molik rohimahullohning nazdida teridan boshqa narsadan qilingan oyoq kiyimiga mas'h tortish joiz emas. Imom Abul Ziyo Xalil Al-Molikiy shunday deganlar:

 

يقول الإمام أبو الضياء خليل المالكي في مختصره (ص 26): (رخص لرجل وامرأة وإن مستحاضة بحضر أو سفر مسح جورب جلد ظاهره وباطنه(

 

«Muqimlikda bo‘lsin yoki safarda bo‘lsin, erkak kishi bo‘lsin yoki ayol kishi bo‘lsin, hatto bu ayol istihoza bo‘lsa ham, osti va usti teridan qilingan javrobga mas'h tortishga ruxsat berilgan» («Muxtasar»26-bet).

 

Shofeiy mazhabiShofe’iy mazhadi faqihlari ham boshqa faqihlar kabi, javrobga mas'h tortish uchun bir qancha shartlar qo‘yganlar:

1. To‘liq tahorat bilan kiyilgan bo‘lishi kerak.
2. Oyoq kiyim pok bo‘lishi kerak.
3. Oyoqning tahoratda yuvilishi farz bo‘lgan qismini yopgan bo‘lishi kerak.
4. Qalin bo‘lishi, ya’ni uning o‘zini ham kiyib yurish imkoni bo‘lishi kerak.

5. Ustidan suv quyilsa, suvni o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak.

قال الإمام النووي في المجموع (1/564):(الصحيح من مذهبنا أن الجورب إن كان صفيقًا يمكن متابعة المشي عليه جاز المسح عليه، وإلا فلا(

«Imom Navaviy «Majmu’»da shunday deganlar: «Bizning mazhabimizdagi sahih gap shunday: agar javrob uzluksiz yurishga yaroqli, qalin bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz, aks holda joiz emas» (1-j, 564-b).

Hanbaliy mazhabi: hanbaliy mazhabi faqihlari o‘zlarining kitoblarida «Mahsi va uning ma’nosidagi narsaga, ya’ni mahsining xususiyatlarini o‘zida jamlagan narsaga mas'h tortish joiz», deganlar.

يقول إمام الحنابلة موفق الدين ابن قدامة المقدسي مفصلاً ذلك في كتابه الكافي: (1/76) أثناء ذكره لشروط المسح على الخفين: الشرط الثاني: أن يمكن متابعة المشي فيه، فإن كان يسقط من القدم لسعته أو ثقله لم يجز المسح عليه، لأن الذي تدعو الحاجة إليه هو الذي يمكن متابعة المشي فيه، وسواء في ذلك الجلود واللبود والخرق والجوارب.

 

«Hanbaliy imomi Muvaffaquddin ibn Qudoma Al-Maqdisiy o‘zining «Kofiy» nomli kitobida bu haqda batafsil bahs yuritib, maxsiga mas'h tortishning shartlarini zikr qilish asnosida shunday degan:

«Ikkinchi shart: Unda uzluksiz yurish imkoni bo‘lsin. Agar kengligi, og‘irligi tufayli oyoqdan tushib ketadigan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz emas, chunki javrob bilan uzluksiz yurish imkoni bo‘lgani uchun unga ehtiyoj tug‘iladi. Bu kiyim teri, kigiz, jun yoki javrob bo‘ladimi, ahamiyati yo‘q» (1-j, 76-b).

 

Mazhablarning javrobga mas'h tortish borasidagi fikrlaridan shunday xulosa qilishimiz mumkin:

Imom Molik mazhabidan boshqa barcha mazhab faqihlari javrobga mas'h tortish uchun u bilan uzoq masofaga yurishni, bog‘ichsiz oyoqda turishini va zich to‘qilgan, qalin bo‘lishini shart qilishgan. Bu sifatlarni o‘zida jam qilgan narsa albatta teri bo‘lishi shart emas.

Javrob masalasida mazhabboshimiz imom Abu Hanifa rahimahulloh «Javrobning osti va usti to‘liq teridan yoki tagi teridan bo‘lishi shart», degan bo‘lsalar, imom Molik rahimahulloh «Osti va usti to‘liq teri bo‘lsagina mas'h tortish joiz», deganlar.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, hozirgi kunda ba’zi «olim»lar ip-gazlamadan to‘qilgan paypoqlarga ham mas'h tortishni joiz deb «fatvo» berishyapti, bu fatvolarida odamlarga yengillik va qulaylik borligini da’vo qilishyapti. Holbuki, Ahli sunna val jamoaning to‘rt mazhab imomlari ittifoq qilgan shartlarga xilof ish tutish yengillik, deyilmaydi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan xulosa qilamizki, hozirda keng tarqalgan paypoq-mahsilarga mas'h tortish uchun fuqaholarimiz yuqorida keltirgan shartlarning barchasi topilishi zarur, shundagina paypoq-mahsilarga mas'h tortish joiz bo‘ladi.

Xulosa

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolar hay’ati paypoq-mahsi (javrob) masalasida fiqhiy manbalarni atroflicha o‘rganib, bir qancha muhokamalardan keyin quyidagi xulosaga keldi:

 

1. Agar mahsi to‘liq teridan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz. Bu borada mujtahidlar orasida ixtilof yo‘q;

2. To‘piqni yopib turadigan, etikka o‘xshagan poyafzallarga mas'h tortish joiz.

3. Bugungi kunda kiyilayotgan oddiy paypoqlarga mas'h tortish mutlaqo joiz emas.

4. Paypoq-mahsi (javrob) ustiga hech narsa kiymasdan bir farsax (6 km) yurishga yarasa, bog‘ichsiz o‘zi oyoqda turadigan, tashidan ichi (ya’ni oyoq) ko‘rinmaydigan, suvni darhol o‘tkazib yubormaydigan bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz.

 

Eslatma: Bu shartlarga qo‘shimcha tarzda paypoq-mahsi eng kamida tag qismi teri bilan qoplangan bo‘lsa, unga mas'h tortish joizligida ulamolarimiz yakdil fikrdalar.

Mo‘min-musulmonlarga qulaylik yaratish uchun paypoq-mahsi ishlab chiqarayotgan yoki ularni chet ellardan olib kelayotgan tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini yuqorida aytilgan shartlarga rioya qilgan holda olib borishlarini tavsiya qilamiz. Ushbu shartlar topilishi barobarida paypoq-mahsilarning ostini ehtiyot yuzasidan teridan qilishlari, namozxonlarimiz ham ushbu jihatga e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiqdir.

Vallohu a’lam!

Fatvo loyihasini Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdug‘ofur domla Niyozqulov tayyorladi.


Fatvo loyihasi bilan tanishib chiqib, rozilik bildirganlar:

 

1. Nuriddin domla Xoliqnazarov – Fatvo hay’ati raisi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining raisi, muftiy, Fatvo markazi direktori,
2. Homidjon domla Ishmatbekov – Fatvo hay’ati a’zosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari,
3. Muhammad Ayubxon domla Homidov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
4. Soatmurod domla Primov – Toshkent islom instituti prorektori, dots.nt,
5. Yahyo domla Razzoqov – Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
6. Farhod domla Jo‘rayev – Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
7. G‘ulomiddin domla Xolboyev – Fatvo markazi direktor o‘rinbosari, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
8. Hikmatulloh domla Toshtemirov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi,
9. Habibulloh domla Jo‘raboyev – Fatvo markazi yetakchi mutaxassisi, Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi,
10. Abdulatif domla Tursunov – Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
11. Sayidahmad domla Saydaraliyev – Fatvo markazi yetakchi mutaxassisi,
12. Otabek domla Mamadiyev – Fatvo markazi mutaxassisi,
13. Yorqinjon domla Jumaboyev – Fatvo markazi mutaxassisi,
14. Zikriyo domla Boborahimov – Fatvo markazi mutaxassisi,
15. Muhammadjon domla Ibragimov – Fatvo markazi mutaxassisi.

 


[1] Zaynuddin ibn Ibrohim ibn Nujaym. Bahrur-roiq. 2-j, 8-b. Maktabatush-shomila.
[2] Abu Bakr Kosoniy. Badoye’us-sanoye’ fiy tartibish-sharoye’. 1-j, 83-b. Bayrut, Dor ihyo turosil-arabiy,1992.
[3] Alloma Muhammad Amiyn ibn Umar ibn Abdulaziz Obidin Dimashqiy. Raddul-muhtor. 1-j, 394, 395-b. Bayrut, Dor ihyo turosil-arabiy, 2019.
[4] Vahba Zuhayliy. Fiqhul-islamiy va adillatuhu. 1-j, 343, 344-b. Damashq, Dorul-fikr, 2007.
[5] Abu Bakr Kosoniy. Badoye’us-sanoye’ fiy tartibish-sharoye’. 1-j, 83-b. Bayrut, Dorul-kutubil-ilmiyya, 1992.
[6] Abu Bakr Kosoniy. Badoye’us-sanoye’ fiy tartibish-sharoye’. 1-j, 83-b. Bayrut, Doral-kutubil-ilmiyya,1992.

Boshqa maqolalar

Zamzam haqida nimalar bilamiz?

23.05.2025   10018   12 min.
Zamzam haqida nimalar bilamiz?

Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?

Zamzam suvi

Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.

Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).



Zamzam suvining nomlari

Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:

1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan,  shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.

2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.

3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.

4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.

5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.

6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.

7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.

8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.

9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.

10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.

11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.

12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.

13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.

14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.

15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.

16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.  

17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.

18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam  tufayli shifo bergan.

19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.

20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.

21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.

22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.

23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.

24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.

25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.



Zamzam suvining foydalari

Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:

1. Erta qarishning oldini oladi.

2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.

3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.

4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.

5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.

6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.

7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.

8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.

 


Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida

Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.

Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).

Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.

Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.

Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.

Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.

Abdulloh Kamolov