Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Muso ibn Ja’far[1] otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Taomdan oldin (qo‘lni) yuvish kambag‘allikni ketkazadi. (Taomdan) so‘ng (qo‘lni yuvish) esa kichik gunohlarni ketkazadi va ko‘zni tuzatadi” (Quzo’iy “Musnadush shihob”da rivoyat qilgan).
Hadisdagi “kichik gunohlar” deb ifodalagan birikma arabiy matnda “lamam” deb keltirilgan. Bu so‘zning bundan tashqari “telbalik, majnunlik” ma’nolari ham bor. “Lamam” so‘zidan keyin “ko‘zni tuzatadi” deyilishiga qaraganda, u “majnunlikning oldini olib, ko‘zni ravshan qiladi” ma’nosini ham anglatishi ehtimoldan xoli emas. Lekin poklik, tahorat gunohlarga kafforat bo‘lishi haqidagi vorid bo‘lgan hadislardan qiyos qilinib, biz bu yerda “lamam”ni “kichik gunohlar” deb tarjima qildik. Balki bu yerda “lamam” so‘zi orqali ikkala ma’no ham iroda qilingandir.
Islom dini poklik asosiga qurilgan. Ham ma’nan, ham moddiy tarafdan pok bo‘lish banda imonining komilligidandir. Bunday bandalarga Alloh rizq va nasibani keng qilib qo‘yadi. Jumladan, taom yeyishdan avval ikki qo‘lni yaxshilab yuvish, poklikka amal qilish faqirlikning davosidir. Kimki shu narsaga doimo amal qilib yursa, kambag‘allikdan salomat bo‘ladi. Bu esa, uning rizqi keng, hayoti farovon va fayzli bo‘ladi deganidir. Bundan tashqari, taomdan keyin qo‘lni yuvish kichik gunohlarga kafforat bo‘ladi (yoki kishini ruhiy xastalikka chalinishdan asraydi) va ko‘zni ravshan qiladi. Chunki taom iste’molidan so‘ng qo‘lga yog‘, shira va shunga o‘xshash narsalar ilashadi. Uni yuvib tashlash esa sog‘liqqa va yana ko‘plab manfaatlarga sabab bo‘ladi.
– Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Tavrotda taomning barakasi undan oldin qo‘lni yuvishda ekanini o‘qidim va buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga aytgan edim, u zot: “Taomning barakasi undan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Taomning barakasi ham moddiy, ham ma’naviy omillarga bog‘liqdir. Masalan, taomdan oldin qo‘llarni yuvish moddiy sabab bo‘lsa, “bismilloh”ni aytib taom yeyish ma’naviy sababdir.
Salmon Forsiy roziyallohu anhu Tavrotda taomning barakasi undan oldin, ya’ni ovqat iste’mol qilishdan oldin qo‘llarni yuvishdadir, deb o‘qigan ekan. Vaqti kelib buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytganida, u zot Islomning eng mukammal din va barcha shariatlarni to‘ldiruvchi shariat ekanini isbotlovchi javobni berdilar.
Demak, taom yeyishdan oldin va keyin poklikka rioya qilib, ikki qo‘lni yuvish, eng avvalo sog‘liqqa, qolaversa, xayr-baraka va ko‘plab yaxshiliklarga sabab ekan.
Shu o‘rinda hammamiz uchun muhim bo‘lgan bir jihatni eslatib o‘tishimiz kerak. Ovqatdan oldin va keyin qo‘lni yuvish banda rizqining barakali bo‘lishiga sabab ekani aytib o‘tildi. Bu o‘sha amalning dunyodagi manfaatidir. Ammo mo‘min banda faqat mana shu narsalarga erishaman, deb emas, balki Alloh roziligi, U Zot amr qilgani uchun amallarni ado qiladi. Har qanday solih amalni faqat va faqat Alloh roziligini istab ado qiladigan bo‘lsak, dunyoda halol-pok rizq va osuda-farovon hayotga erishamiz hamda oxiratda jannatni qo‘lga kiritamiz!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
[1] Muso ibn Ja’far ibn Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib Abu Hasan al-Quroshiy katta taba tobe’inlardan. Hijriy 128 yilda Madinada tug‘ilgan. Ishonchli hadis roviysi. Termiziy va Ibn Moja undan hadis rivoyat qilishgan. Muso ibn Ja’far rahmatullohi alayh hijriy 183 yilda Bag‘dodda vafot etgan.
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.