Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar:
فَالْعَيْنَانِ تَزْنِيَانِ وَزِنَاهُمَا النَّظَرُ وَالْيَدَانِ تَزْنِيَانِ وَزِنَاهُمَا الْبَطْسُ وَالرِّجْلَانِ تَزْنِيَانِ وَزِنَاهُمَا الْمَشْيُ وَالْفَمُ يَزْنِي وَزِنَاهُ الْقُبْلَةُ وَالْقَلْبُ يَهُم أَوْ يَتَمَنَّى وَيُصَدِّقُ ذَلِكَ الْفَرْجُ أَوْ يُكَذِّبُهُ
«Ko‘zlar zino qiladi, ularning zinosi qarashdir. Qo‘llar zino qiladi, ularning zinosi ushlashdir. Oyoqlar zino qiladi, ularning zinosi yurib borishdir. Og‘iz zino qiladi, uning zinosi bo‘sa olishdir. Qalb xohlaydi va orzu qiladi, farj esa uni yo tasdiq qiladi yoki yolg‘onga chiqaradi» («Musnadi Ahmad»).
Hadisi sharifdan ma’lum bo‘lmoqdaki, zinoning turli xil darajalari bor ekan. Ya’ni faqat nomahram erkak va ayolning jinsiy aloqasigina zino emas, balki uning atrofidagi turli ko‘rinish va bosqichlari bor ekan. Masalan, nomahramga qarash, uning qo‘lidan ushlash, atayin badanini nomahramning badaniga tekkazish, erkak bilan ayolning zaruratsiz aralashuvi, buzuqlikni xayolga soladigan joylarga borish ham zinodir. Nomahramdan bo‘sa olish og‘izning zinosidir. Shari’ati mutohhara bu barcha holatlarni harom deb hukm qilib, ularni zino jumlasidan sanagan.
«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyoda bir kasallik bor. Uning nomi "ne’matga o‘rganib qolish"dir.
Bunda ne’matlarga shu qadar o‘rganib qolasizki, go‘yo ular ne’mat emasdek.
Uyingizga kirasiz. Ahlingiz sog‘-salomat. Buning uchun shukr qilmaysiz. Chunki bu ne’matga o‘rganib qolgansiz.
Istagan narsangizni sotib olasiz. Buni sizga in’om qilgan Zotga shukr qilmaysiz. Chunki sotib olishga o‘rganib qolgansiz.
Uyqudan uyg‘onasiz. Sog‘-salomatsiz. Hamd aytmaysiz. Chunki a’zolaringiz shu qadar yaxshi ishlayaptiki, ularning ichingizda borligini hatto unutib yuborgansiz.
Endi bildingiz. Hamd hamrohingiz bo‘lsin!
Alhamdulillah....
Abdulqodir Polvonov