Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oila qurish niyatidagi erkak taraf o‘zi uchun nikohi harom va sovchilik qilib bo‘lmaydigan shaxslarni ajratib olganidan keyin eng avval munosib kelin axtarishga kirishadi. Kuyov tarafdan qizga sovchi qo‘yiladi. O‘sha paytda kuyov, uning ishboshilari va sovchilari kelinlikka nomzodning qanday taraflariga e’tibor berishlari kerak? Bu savolga javob axtarib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflariga murojaat qilamiz. Zotan, U zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bir qancha hadisi shariflarida munosib kelin qanday bo‘lishini bayon qilib berganlar. Mazkur hadisi shariflarda kelinlikka nomzodning quyidagi sifatlariga alohida e’tibor berish tavsiya qilingan:
1. Dindorlik.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: تُنْكَحُ الْمَرْأَةُ لِأَرْبَعٍ: لِمَالِهَا، وَلِحَسَبِهَا، وَلِجَمَالِهَا، وَلِدِينِهَا فَاظْفَرْ بِذَاتِ الدِّينِ تَرِبَتْ يَدَاكَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol to‘rt (narsasi) uchun nikohlanadi: moli uchun, hasabi uchun, jamoli uchun va diyni uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa qorilgur», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Uylanishdan oldin kelinlikka nomzodning qiziqtiradigan sifatlariga qaraladi. Ushbu hadisi sharifda o‘sha – nikohiga rag‘bat qilinadigan nomzodda bo‘lishi lozim bo‘lgan yaxshi sifatlardan to‘rtta eng mashhuri haqida so‘z ketmoqda.
Agar ushbu to‘rt sifat – mol ham, jamol ham, hasabu nasab ham, dinu diyonatga qo‘shilib, bir qizning ziynati bo‘lib tursa, albatta, yaxshi. Ammo mazkur to‘rt sifat bir-biri bilan solishtirilganda, ular orasida dindorlikka teng keladigani yo‘q. Balki qolganlariga yana boshqa bir qancha yaxshi sifatlar qo‘shilsa ham dindorlik sifatiga yeta olmaydi.
Chunki moldorlik vaqtinchalik sifatdir. Bir lahzada molu mulkdan ajrab qolganlar qancha. Agar kelinning moliga qiziqib, unga uylanilsa va uning moli baqosizlik qilib, uni tark etsa, mazkura kelinga qiziqish qolmaydi. Qolaversa, mol-mulkining ko‘pligi kelinning hovliqishiga, kuyovni va uning yaqinlarini mensimasligiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Dindorlik bo‘lmagan holatda boylik ko‘pincha noqulay ishlarga sabab bo‘lishi turgan gap.
Hasabu nasabi yaxshi kelin, albatta, yaxshi kelin bo‘ladi. Lekin faqat hasabu nasabiga ishonish ham yaxshilikka olib kelmaydi. Ota‑ona, bobo-momolari yaxshi odamlar bo‘lsa, juda ham yaxshi, lekin ular o‘z uylarida qoladilar, kuyovnikiga kelinning o‘zi keladi. Agar kelin dindor bo‘lmasa, hasabu nasabi bilan faxrlanib, kuyovni va uning yaqinlarini xijolat qilishi mumkin.
Jamol ham o‘z holicha yaxshi narsa. Lekin bu ham o‘tkinchidir. Ma’lum muddatdan keyin har qanday insonning jamoli o‘zgarishi turgan gap. Buning ustiga faqat jamolga suyanib ish qilish ham yaxshilikka olib bormaydi. Agar kelin o‘zining jamoli uchun qiziqilayotganini bilsa, bu omilni kuyovni o‘ziga mubtalo qilib, uning ustidan hukmronlik qilishga ishlatishi hech gap emas.
Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dindor kelinni ixtiyor qilishga buyurmoqdalar. Dindorlik haqiqiy va bardavom go‘zal sifatdir. Buning ustiga dindorlik sifati vaqt o‘tishi bilan ziyoda bo‘ladigan nodir sifatlardan biridir. Kelin dindor bo‘lsa, kuyovni va uning yaqinlarini hurmat qiladi, oilaning haqiqiy ustuni va porlab turgan chirog‘i bo‘ladi. Undan dunyoga kelgan, uning tarbiyasini olgan farzandlar ham ajoyib insonlar bo‘lib yetishadilar, inshaalloh.
Dindor kelin shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha oiladagi o‘z burch va mas’uliyatlarini to‘liq ado etib yashaydi.
Dindorlik haqiqiy boylikdir!
Dindorlik haqiqiy hasab va nasabdir!
Dindorlik haqiqiy go‘zallikdir!
Shuning uchun ham qizlarimizni dindor qilib tarbiyalashga urinishimiz kerak. Shuning uchun kelin tanlaganimizda dindor kelin tanlashimiz lozim.
2. Solihalik.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: إِنَّ الدُّنْيَا كُلَّهَا مَتَاعٌ، وَخَيْرُ مَتَاعِ الدُّنْيَا الْمَرْأَةُ الصَّالِحَةُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَمُسْلِمٌ.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Dunyoning hammasi mato’dir va dunyoning eng yaxshi mato’i soliha ayoldir».
Nasaiy va Muslim rivoyat qilganlar.
«Mato’» so‘zi «bahra olinadigan narsa» degan ma’noni bildiradi.
Ushbu hadisi sharifda bu dunyodagi narsalarning hammasi ham «mato’» ekani, ularning ichida eng yaxshisi soliha ayol ekani haqida so‘z ketmoqda. Bu bilan ahli solih bo‘lish juda ham yaxshi ekani, ayollarning ichida ham eng afzali solihasi bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
«Solih inson» degani shariat tomonidan buyurilgan amrlarni bajarib, qaytariqlardan qaytadigan va o‘z ixtiyori ila qo‘shimcha nafl amallar qiladigan inson deganidir.
Solihlik fasod va yomonlikning teskarisidir.
Solihlik bandaning hilqatida ham, qiladigan amalida ham bo‘ladi. «Sulh» so‘zi ham «saloh»dan olingan bo‘lib, kishilar orasidagi buzilgan muomalalarni tuzatish ma’nosida ishlatiladi.
Solihlik dunyo va oxirat ishlarida yaxshi bo‘lishni anglatadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning dunyoning eng yaxshi mato’i soliha ayoldir, deganlari aynan mana shu ma’nolarni o‘z ichiga oladi.
Demak, kelin tanlash vaqtida kelinning soliha bo‘lishiga e’tibor berish kerak. Bu esa, yaratilishda ham, xulqu odob va boshqa sifatlarda ham yetuk bo‘lishdir.
Kelinning shariat ko‘rsatmalarini bajaribgina qolmay, nafl ibodat va yaxshi amallar ham qilishi o‘zida solihalikni mujassam qilishiga qarab bo‘lar ekan.
3. Bolaga mehribon va erga rioyali bo‘lish.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: خَيْرُ نِسَاءٍ رَكِبْنَ الْإِبِلَ صَالِحُ نِسَاءِ قُرَيْشٍ أَحْنَاهُ عَلَى وَلَدٍ فِي صِغَرِهِ، وَأَرْعَاهُ عَلَى زَوْجٍ فِي ذَاتِ يَدِهِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Tuya mingan ayollarning eng yaxshisi Qurayshning soliha ayollaridir. Bolaga kichikligida eng shafqatlidir. Erga uning qo‘lidagi narsasi xususida eng rioyalidir», – dedilar».
Ikki Shayx rivoyat qilganlar.
«Tuya mingan ayollar» deganda Arabiston yerlarida yashaydigan arab ayollari ko‘zda tutilgan. O‘sha ayollar ichida Quraysh qabilasiga mansub ayollar eng yaxshi ayollar hisoblanar ekan. Ularning yaxshi nom olishlariga sabab esa, kichik bolalarga o‘ta mehribonliklari va erlarini o‘ta rioya qilishlari ekan. Ayniqsa, ular erlarining molu mulklarini yaxshilab muhofaza qilishar ekan.
Darhaqiqat, bu sifatlar har bir ayol uchun o‘ta zarur sifatlardir. O‘z bolasiga mehribon bo‘lmagan, uni keragicha avaylab-asrab katta qilmaydigan ayolni kim ham yaxshi ayol deya oladi. Unday bemehr ayolning oilasida bolalar mehrsiz, odobsiz, axloqsiz bo‘lib o‘sadilar. Bu esa, oila uchun, oila boshlig‘i uchun katta musibatdir.
Shuningdek, erining rioyasini qilmagan ayoldan qanday yaxshilik kutish mumkin? Xususan, erining mol-mulkini muhofaza qilmagan, avaylab-asramagan ayoldan boshqa yaxshiliklarni kutish mumkinmi?
Ushbu hadisi sharifdan ibrat olib, kelin tanlayotgan vaqtda uning urug‘idagi ayollarning qarindosh bolalarga qanday qarashlari, erlarini qanday rioya qilishlariga razm solish, so‘rab-surishtirish kerak bo‘ladi. Agar kelin dindorlik, solihalik ustiga bu sifatlarni ham o‘zida mujassam qilgan bo‘lsa, u eng ma’qul, munosib kelindir.
4. Qiz bo‘lishi.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَزَوَّجْتُ، فَقَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: مَا تَزَوَّجْتَ؟ فَقُلْتُ: ثَيِّبًا، فَقَالَ: مَا لَكَ وَلِلْعَذَارَى وَلِعَابِهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Uylandim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:
«Qandayiga uylanding?» dedilar.
«Juvonga», dedim.
«Bokira qiz olib, u bilan ko‘ngil yozsang bo‘lmasmidi?» dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisdan bokira qizga uylanish afzal ekani kelib chiqadi.
(davomi bor)
«Baxtiyor oila» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.