Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448
Maqolalar

Nega zamonaviy, yangi fiqhga o‘tmaymiz?

10.12.2024   6566   4 min.
Nega zamonaviy, yangi fiqhga o‘tmaymiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir birodarimiz savol beribdilar: «Fiqhiy mazhablarni o‘rganishning nima keragi bor? O‘n to‘rt asrdan beri shu ahvol. Nega zamonaviy, yangi fiqhga o‘ta qolmaymiz?»

Bu savolning javobi juda uzun. Savollarga javob berishni va’da qilganim uchun, qisqa bo‘lsa-da, javob beraman. Avvalo, umuman, fiqhiy mazhablar nima ekanini bilishimiz kerak.

Avvalo buyuk mazhabimiz – hanafiy mazhabi haqida gaplashsak.

Quyida bu haqda batafsil ma’lumotlar keltiriladi, hanafiy mazhabining qoidalar majmuasi tushuntiriladi. Bu qoidalar Qur’on va Sunnatdan olingan. Hozir esa tafsilotsiz, umumiy aytib o‘tamiz.

Hanafiy mazhabi Qur’on va Sunnatdan olingan qoidalar majmuasidir. Boshqacha qilib aytganda, hanafiy mazhabi Qur’on va Sunnatdagi qoidalarga asosan chiqarib olish mumkin bo‘lgan hukmlarning xulosasidir. Bu qoidalarni sahobalar, tobe’inlar va mujtahid imomlardan iborat ummatning eng katta ulamolari ishlab chiqishgan, Qur’on va Sunnatni o‘rganib, ushbu qoidalar majmuasiga asos solishgan. Ularning manhajini keyinroq bayon qilamiz.

Demak, hanafiy mazhabi ibodat, muomalot va boshqa barcha sohalarda Qur’on va Sunnatdagi qoidalarning xulosasi ekan. Buni qanday tushunish kerak? Masalan, bugungi kunda avtomashina, samolyot va poyezddan foydalanishning hukmini, aksiya muomalalari va boshqa masalalarning hukmini mana shu qoidalarga solib o‘rganamiz. Lekin Qur’on va Sunnatda aynan mashina yoki samolyotning, aksiyadorlikning hukmi yo‘q-ku? Uning hukmini qayerdan olamiz? Ularni Qur’on va Sunnat asosida ishlab chiqilgan qoida asosida olamiz. Bizga kerakli masalaning hukmi ana shu qoidadan kelib chiqadi. Buning tafsilotini keyinchalik o‘rganamiz.

Xullas, hanafiy mazhabi mana shu mashaqqatli vazifani bajardi. Sizu biz o‘tirib, o‘sha qoidalarni ishlab chiqishimizga, bugungi kundagi masalalar bo‘yicha hukm izlashimizga ehtiyoj qolmadi, buning o‘rniga mana shu mazhab «Marhamat» deb, bu qoidalarni taqdim qildi. Avvalgi avlodlar o‘z davridagi masalalarni bu qoidalarga qanday solgan bo‘lsa, biz ham yeyish-ichishdan tortib barcha masalalarni shu qoidalarga solishimiz mumkin bo‘ldi.

Ba’zi odamlarda «Fiqhdagi masalalar asosan o‘sha paytdagi, tarixdagi masalalar-ku, bugun ularning keragi yo‘q-ku», degan xato fikr bor. Fiqh Qur’on va Sunnatdan olingan qoidalardan iborat. Bugungi masalaga yechim topmoqchi bo‘lsak ham, baribir ana shu qoidalarga murojaat qilishimiz kerak bo‘ladi. Hayotimizda duch keladigan har qanday masalaning hukmini mana shu qoidalar yordamida bilib olishimiz mumkin.

Bir misol keltiraylik. Masalan, hanafiy mazhabida «Badandan chiqqan har qanday najosat tahoratni buzadi», degan qoida bor. Buni hammamiz bilamiz. Tahoratni buzadigan narsalarga oid qoidalar ham Qur’on va Sunnatdan olingan. Lekin shifoxonaga borib, donor sifatida yoki tahlil uchun qon topshirsam-chi? Bunda ham tahorat buziladimi? Bu narsalar tarixda bo‘lmagan, lekin hozir bor. Mana shu masalaning hukmi qanday bo‘ladi? Buni ham Qur’on oyatlaridan, hadislardan qidiramanmi? Albatta, yo‘q! Ilm o‘rgangan bo‘lsangiz, «Tanadan chiqqan qon tahoratni buzadi», degan qoidani bilasiz. Qon – bu najosat, u badandan chiqdi. Donorlikdanmi, tahlil uchunmi, farqi yo‘q. Mana, masalaning hukmi. Bir soniyadayoq bilib oldim. Agar «Tanadan chiqqan qon tahoratni buzadi» degan mana shu qoida bo‘lmasa, Qur’on va Sunnatdan yarim yil qidirsam ham, topa olmas edim.

Bu kabi ilgari bo‘lmagan, lekin hozir paydo bo‘lgan masalalar juda ko‘p. Xo‘sh, ularning javobini, hukmini qanday qilib topamiz? Sahobalar, tobe’inlar, mujtahid imomlar asrlar davomida ishlab chiqqan qoidalarni yangitdan ishlab chiqamizmi? Shunday qilishga haqqimiz bormi o‘zi? Yo‘q, biz bunday qila olmaymiz. Buning uchun bizda o‘zimiz ishlab chiqqan usulul-fiqh qoidalari bo‘lishi kerak. Shuning uchun bugungi kunda paydo bo‘layotgan barcha masalalarni mazhablarning qoidalari orqali bilib olamiz. Bu mavzuda juda uzoq gapirish mumkin. lekin hozir shu bilan kifoyalanib, o‘rni kelganda yana kengroq to‘xtalamiz.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

11.08.2026   10824   1 min.
Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
 

"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati

Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi Fidokorona xizmat e’tirofsiz qolmaydi
O'zbekiston yangiliklari