Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Nega zamonaviy, yangi fiqhga o‘tmaymiz?

10.12.2024   1846   4 min.
Nega zamonaviy, yangi fiqhga o‘tmaymiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir birodarimiz savol beribdilar: «Fiqhiy mazhablarni o‘rganishning nima keragi bor? O‘n to‘rt asrdan beri shu ahvol. Nega zamonaviy, yangi fiqhga o‘ta qolmaymiz?»

Bu savolning javobi juda uzun. Savollarga javob berishni va’da qilganim uchun, qisqa bo‘lsa-da, javob beraman. Avvalo, umuman, fiqhiy mazhablar nima ekanini bilishimiz kerak.

Avvalo buyuk mazhabimiz – hanafiy mazhabi haqida gaplashsak.

Quyida bu haqda batafsil ma’lumotlar keltiriladi, hanafiy mazhabining qoidalar majmuasi tushuntiriladi. Bu qoidalar Qur’on va Sunnatdan olingan. Hozir esa tafsilotsiz, umumiy aytib o‘tamiz.

Hanafiy mazhabi Qur’on va Sunnatdan olingan qoidalar majmuasidir. Boshqacha qilib aytganda, hanafiy mazhabi Qur’on va Sunnatdagi qoidalarga asosan chiqarib olish mumkin bo‘lgan hukmlarning xulosasidir. Bu qoidalarni sahobalar, tobe’inlar va mujtahid imomlardan iborat ummatning eng katta ulamolari ishlab chiqishgan, Qur’on va Sunnatni o‘rganib, ushbu qoidalar majmuasiga asos solishgan. Ularning manhajini keyinroq bayon qilamiz.

Demak, hanafiy mazhabi ibodat, muomalot va boshqa barcha sohalarda Qur’on va Sunnatdagi qoidalarning xulosasi ekan. Buni qanday tushunish kerak? Masalan, bugungi kunda avtomashina, samolyot va poyezddan foydalanishning hukmini, aksiya muomalalari va boshqa masalalarning hukmini mana shu qoidalarga solib o‘rganamiz. Lekin Qur’on va Sunnatda aynan mashina yoki samolyotning, aksiyadorlikning hukmi yo‘q-ku? Uning hukmini qayerdan olamiz? Ularni Qur’on va Sunnat asosida ishlab chiqilgan qoida asosida olamiz. Bizga kerakli masalaning hukmi ana shu qoidadan kelib chiqadi. Buning tafsilotini keyinchalik o‘rganamiz.

Xullas, hanafiy mazhabi mana shu mashaqqatli vazifani bajardi. Sizu biz o‘tirib, o‘sha qoidalarni ishlab chiqishimizga, bugungi kundagi masalalar bo‘yicha hukm izlashimizga ehtiyoj qolmadi, buning o‘rniga mana shu mazhab «Marhamat» deb, bu qoidalarni taqdim qildi. Avvalgi avlodlar o‘z davridagi masalalarni bu qoidalarga qanday solgan bo‘lsa, biz ham yeyish-ichishdan tortib barcha masalalarni shu qoidalarga solishimiz mumkin bo‘ldi.

Ba’zi odamlarda «Fiqhdagi masalalar asosan o‘sha paytdagi, tarixdagi masalalar-ku, bugun ularning keragi yo‘q-ku», degan xato fikr bor. Fiqh Qur’on va Sunnatdan olingan qoidalardan iborat. Bugungi masalaga yechim topmoqchi bo‘lsak ham, baribir ana shu qoidalarga murojaat qilishimiz kerak bo‘ladi. Hayotimizda duch keladigan har qanday masalaning hukmini mana shu qoidalar yordamida bilib olishimiz mumkin.

Bir misol keltiraylik. Masalan, hanafiy mazhabida «Badandan chiqqan har qanday najosat tahoratni buzadi», degan qoida bor. Buni hammamiz bilamiz. Tahoratni buzadigan narsalarga oid qoidalar ham Qur’on va Sunnatdan olingan. Lekin shifoxonaga borib, donor sifatida yoki tahlil uchun qon topshirsam-chi? Bunda ham tahorat buziladimi? Bu narsalar tarixda bo‘lmagan, lekin hozir bor. Mana shu masalaning hukmi qanday bo‘ladi? Buni ham Qur’on oyatlaridan, hadislardan qidiramanmi? Albatta, yo‘q! Ilm o‘rgangan bo‘lsangiz, «Tanadan chiqqan qon tahoratni buzadi», degan qoidani bilasiz. Qon – bu najosat, u badandan chiqdi. Donorlikdanmi, tahlil uchunmi, farqi yo‘q. Mana, masalaning hukmi. Bir soniyadayoq bilib oldim. Agar «Tanadan chiqqan qon tahoratni buzadi» degan mana shu qoida bo‘lmasa, Qur’on va Sunnatdan yarim yil qidirsam ham, topa olmas edim.

Bu kabi ilgari bo‘lmagan, lekin hozir paydo bo‘lgan masalalar juda ko‘p. Xo‘sh, ularning javobini, hukmini qanday qilib topamiz? Sahobalar, tobe’inlar, mujtahid imomlar asrlar davomida ishlab chiqqan qoidalarni yangitdan ishlab chiqamizmi? Shunday qilishga haqqimiz bormi o‘zi? Yo‘q, biz bunday qila olmaymiz. Buning uchun bizda o‘zimiz ishlab chiqqan usulul-fiqh qoidalari bo‘lishi kerak. Shuning uchun bugungi kunda paydo bo‘layotgan barcha masalalarni mazhablarning qoidalari orqali bilib olamiz. Bu mavzuda juda uzoq gapirish mumkin. lekin hozir shu bilan kifoyalanib, o‘rni kelganda yana kengroq to‘xtalamiz.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Odamlar dardiga darmon bo‘lib...

25.12.2024   1179   1 min.
Odamlar dardiga darmon bo‘lib...

Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raisligida Zangiota tumanidagi «Eshonguzar» jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
 

Tadbirda O‘MI Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, bosh imom o‘rinbosarlari, Zangiota tumanidagi masjidlar imomlari, hududlardagi hoji otalar, hoji onalar ishtirok etdi.


Yig‘ilishdan so‘ng tumandagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga kirilib, ularga zarur ko‘maklar ko‘rsatildi.


Shuningdek, arzimas sabablar bilan nizolashgan oilalar, kelin-kuyovlar kayvoni hoji otanlar, hoji onalar ko‘magida yarashtirildi.


Tumandagi 21 ta masjid imom-xatiblari hojilar bilan birga bilib-bilmay aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan yoshlar bilan ham suhbatlar olib borishdi. Ularga Imom Moturidiy rahimahullohning ta’limoti tushuntirildi.


Bir kunning o‘zida o‘nlab oilalarga kirib, ko‘ngli o‘ksiklar holidan xabar olish, yosh oilalarni yarashtirish, adashgan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish – savobi ulug‘ amal. Zero, hadisi sharifda Nabiyyi muhtaram alayhissalom: «Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkizadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh  uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati 

Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib...
O'zbekiston yangiliklari