Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oila qurishda faqat kuyov taraf kelin tanlash huquqiga ega emas, balki kelin ham kuyov tanlash huquqiga egadir. Chunki yuqorida aytib o‘tganimizdek, oila, avvalo, ko‘ngilga bog‘liq ma’naviy va ruhiy aloqadir. Bunday aloqada ikki tomon birdek ishtirok etmasa, yaxshilikka erishib bo‘lmaydi. Oilaga er qanchalik zarur bo‘lsa, ayol ham shunchalik zarurdir. Oilaviy aloqalar erning ko‘ngliga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, ayolning ko‘ngliga ham shunchalik bog‘liq bo‘ladi.
Aslida, kuyov tanlashda yana ham e’tiborli va mas’uliyatli bo‘lish lozim. Bunday o‘ta nozik va mas’uliyatli ishda zinhor beparvo bo‘lmaslik kerak.
Oisha onamiz roziyallohu anho: «Nikoh qulchilikdir. Sizdan har biringiz o‘z kariymasini qayerga qo‘yayotganiga nazar solsin», – deganlar.
Imom Fazzoliy «Ihyou ulumid-diyn» kitobida:
«Ayolning haqqida ehtiyot bo‘lmoq muhimroqdir. Chunki u nikoh ila qulga o‘xshab qoladi. Undan xalos bo‘lishi qiyin. Er esa, har holda, taloq qilishga qodir», – deganlar.
Ibn Javziy aytadi: «Ayollar erkaklarning tug‘ishganlaridir. Erkakka ayol yoqqani kabi, ayolga ham erkak yoqadi».
Shuning uchun ham Islom shariatida munosib kelinning sifatlariga qanchalik e’tibor berilsa, munosib kuyovning sifatlariga ham shunchalik e’tibor berilgan.
Albatta, doim ta’kidlanayotganidek, bu tanlovda o‘lchov dinimiz qoidalari asosida bo‘lishi lozim. Odamlar qadr-qiymatining o‘lchovi Qur’oni karimda qanday ekaniga nazar solmoq kerak.
Alloh taolo «Hujurot» surasida shunday deb marhamat qiladi: «Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir» (13-oyat).
Islomda insoniy sifatlarning eng afzali taqvodorlikdir. Alloh taoloning huzurida eng hurmatli, eng aziz, eng mukarram inson taqvodor insondir. Shuning uchun ham kuyov tanlash vaqtida eng birinchi o‘rinda uning taqvosiga e’tibor berish kerak bo‘ladi.
عَنْ سَهْلٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: مَرَّ رَجُلٌ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا تَقُولُونَ فِي هَذَا؟ قَالُوا: حَرِيٌّ إِنْ خَطَبَ أَنْ يُنْكَحَ، وَإِنْ شَفَعَ أَنْ يُشَفَّعَ، وَإِنْ قَالَ أَنْ يُسْتَمَعَ، ثُمَّ سَكَتَ فَمَرَّ رَجُلٌ مِنْ فُقَرَاءِ الْمُسْلِمِينَ فَقَالَ: مَا تَقُولُونَ فِي هَذَا؟ قَالُوا: حَرِيٌّ إِنْ خَطَبَ أَنْ لَا يُنْكَحَ، وَإِنْ شَفَعَ أَنْ لَا يُشَفَّعَ، وَإِنْ قَالَ أَنْ لَا يُسْتَمَعَ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: هَذَا خَيْرٌ مِنْ مِلْءِ الْأَرْضِ مِثْلَ هَذَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tdi. Bas, u zot alayhissalom: «Mana bu haqida nima deysizlar?» – dedilar.
«Agar sovchi qo‘ysa, qiz berishga, shafoatchilik so‘rasa, shafoat berishga va so‘zlasa, tinglashga arziydigan odam», – deyishdi. U zot jim qoldilar.
Keyin faqir musulmonlardan bir kishi o‘tdi. U zot alayhissalom:
«Mana bu haqida nima deysizlar?» – dedilar.
«Agar sovchi qo‘ysa, qiz bermaslikka, shafoatchilik so‘rasa, shafoat bermaslikka va gapirsa, tinglamaslikka arziydi», – deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haligiga o‘xshaganlarning yer yuzi to‘lasidan ham yaxshiroqdir», – dedilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan birinchi o‘tgan kishi faqat boyligi bilan tanilgan odam edi. Ikkinchi bo‘lib o‘tgan kishi Juhayl ibn Suroqa roziyallohu anhu bo‘lib, u kishi kambag‘alligi va taqvosi bilan mashhur kishi edilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan kishilar u zotning mazkur ikki kishi haqidagi savollariga boylik asosida javob berdilar.
Ha, odamlarning qadr-qiymatini o‘lchash ularning o‘zlariga qo‘yib qo‘yilsa, qadr-qiymatni aynan molu mulkka qarab o‘lchashlari turgan gap. Chunki inson tabiati o‘z holicha qo‘yilsa, ilohiy ta’limotlarsiz mazkur holga tushib qolishi ham muqarrar.
Shuning uchun ham inson qadr-qiymatini o‘lchashni shariat o‘z zimmasiga olgan. Shariat o‘lchovi bo‘yicha, inson qadr-qiymati uning molu puliga, mansabu nasabiga qarab emas, taqvosi va ahli solihligiga qarab o‘lchanadi.
Bir dona taqvodor, ahli solih kambag‘al, Islom dini nazarida, yer yuzi to‘la boy-badavlat fosiqlardan ko‘ra afzaldir.
Islomda insonning qadri molu mulkiga qarab emas, molu mulkning qadri unga molik bo‘lgan insonga qarab belgilanadi. Agar mol-mulk taqvodor kishi qo‘lida bo‘lsa, yaxshi mol-mulk bo‘ladi. Ammo u fosiq va fojir kishi qo‘lida bo‘lsa, yomon mol-mulk bo‘ladi.
Taqvodor, ahli solih odam molu dunyosi bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham yaxshidir. Fosiq va fojir odam esa har ikki holda ham yomondir.
Shuning uchun odam tanlashning eng nozik va hassos nuqtasi – kuyov tanlash masalasida ham bo‘lg‘usi kuyovning dindorligiga, taqvosiga va ahli solih ekaniga ahamiyat berish lozim.
عَنْ أَبِي حَاتِمٍ الْمُزَنِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا جَاءَكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ فَأَنْكِحُوهُ، إِلَّا تَفْعَلُوا تَكُنْ فِتْنَةٌ فِي الْأَرْضِ وَفَسَادٌ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، وَإِنْ كَانَ فِيهِ؟ قَالَ: إِذَا جَاءَكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ فَأَنْكِحُوهُ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ.
Abu Hotim al-Muzaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon sizga o‘zingiz dinidan va xulqidan rozi bo‘lgan kishi kelsa, unga (so‘raganini) nikohlab bering. Agar shunday qilmasangiz, yer yuzida fitna va fasod bo‘lur», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, agar unda (faqirlik va hokazo) bo‘lsa ham-a?» deyishdi.
U zot «Qachon sizga o‘zingiz dinidan va xulqidan rozi bo‘lgan kishi kelsa, unga (so‘raganini) nikohlab bering», deb uch marta aytdilar» (Termiziy rivoyat qilgan va hasan, degan).
Bu hadisi sharifdan dini va xulqi yaxshi bo‘lgan yigit eng munosib kuyov bo‘lishi qattiq ta’kidlanganligi kelib chiqmoqda. Dini va xulqi rozi bo‘linadigan darajadagi kishi tomonidan sovchi kelganida qizni kelinlikka berilmasa, yer yuzida fitna va fasod ish qilingan bo‘lishi uqtirilmoqda.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu gapni eshitib, agar u odam kambag‘al yoki boshqa rag‘bat qilinmaydigan sifatlarga ega bo‘lsa ham-a, degan ma’nodagi savolni berganlarida u zotning oldingi gaplarini uch marta qayta takrorlashlari kishidagi dindorlik va yaxshi xulq naqadar ulug‘ sifatlar ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Biz, mo‘min‑musulmonlar kuyov tanlash paytida ushbu nabaviy maslahatlarga amal qilsak, albatta to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz.
Munosib kuyov tanlash borasidagi barcha dalil va hujjatlarni jamlab, tartibga solib, tahlil qilgan ulamolarimiz asosan quyidagi sifatlarga e’tibor berish lozimligini ta’kidlaydilar:
1. Dindorlik.
2. Taqvodorlik.
3. Husni xulq.
4. Oila mas’uliyatini ado etish qobiliyati.
5. Kelinning tengi bo‘lishi. Bunda yoshi, ijtimoiy holati va shunga o‘xshash narsalar ko‘zda tutilgan.
«Baxtiyor oila» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.
Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».
Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan