Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2025   |   2 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2025, 2 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Mahsiga mas'h tortish: 11 savol-javob

10.12.2024   14798   4 min.
Mahsiga mas'h tortish: 11 savol-javob

Savol: Tahoratda oyoq yuvish o‘rniga o‘tadigan (amal) bormi?
Javob: 
Ha, ikki mahsiga mas'h tortish ikki oyoqni yuvish o‘rniga o‘tishi ko‘plab sahih hadislar bilan sobit bo‘lgan.

Savol: Mana shu mas'hning joiz bo‘lishi uchun shartlar bormi?
Javob: 
Ha, uning joiz bo‘lishi uchun mahsi pok (tahoratli) holatdagi oyoqqa kitilgan bo‘lishi shart.

Savol: Mas'h uchun biror vaqt chegaralanganmi?
Javob: 
Agar mahsi tahoratli holatda kiyilgan bo‘lsa, so‘ng tahorat ketsa, unga agar muqim kishi bo‘lsa bir kecha-kunduz mas'h tortishi joiz. agar musofir bo‘lsa uch kecha-kunduz mas'h tortishi joiz. Ikkalasi ham bu muddat ichida tahorat olganda mahsisiga mas'h tortaveradi, safarda ham, muqimlikda ham.

Savol: Bir kecha-kunduz yoki uch kecha-kunduzning boshlanishi mahsini kiygan vaqtdan boshlanadimi yoki tahorat ketgan vaqtdanmi?
Javob: 
Bu muddatning boshlanishi mahsi tahorat ustiga kiyilgandan keyin tahoratsizlik yetgan paytdan e’tiborga olinadi. Masalan, bir kishi zavol vaqtidan keyin komil tahorat oldi. Mana shu tahoratli holida oyog‘iga mahsi kiydi. So‘ng quyosh botayotgan vaqtda uning tahorati sindi. Agar bu kishi muqim bo‘lsa, shu paytdan to ertasi kuni shu vaqtgacha (ya’ni quyosh botadigan vaqtgacha) mahsisiga mas'h tortishi joiz bo‘ladi. Musofirning mas'hini o‘zingiz shunga qiyoslab olavering.

Savol: G‘usl vojib bo‘lgan odam uchun mahsisiga mas'h tortishi joizmi?
Javob:
G‘usl vojib bo‘lgan odam uchun mahsisiga mas'h tortishi joiz emas. Balki unday odam badanining barcha a’zolariga qo‘shib oyog‘ini ham yuvishi vojibdir.

Savol: Agar mahsining birida teshik bo‘lsa, unga mas'h tortish joizmi?
Javob:
Agar teshik oyoq barmoqlaridan uchta kichkina barmoqlar ko‘rinib qoladigan darajada ko‘p bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz emas. Agar bundan ozroq teshik bo‘lsa, unga mas'h tortish joiz bo‘ladi.

Savol: Mana shu ko‘p teshik deb bilingan miqdor bir poy mahsidan e’tiborga olinadimi yoki ikkala mahsidanmi?
Javob: 
Bunda bitta mahsidagi teshiklar jamlanadi. Ikkala mahsidagi teshiklar jamlanmaydi. Ya’ni, ikkala mahsidagi teshiklarni qo‘shib hisoblasa uchta barmoq miqdoriga yetsa ham, unga mas'h tortish joiz. Ammo, bu ikkala mahsining har birida shu miqdorda teshik bo‘lsa, yoki faqat bittasida shu miqdorda teshik bo‘lsa, bunday holda unga mas'h tortish joiz emas.

Savol: Mahsiga qanday qilib mas'h tortiladi?
Javob: Mahsining ust tomoniga barmoqlar bilan chiziq tortiladi. Ya’ni, qo‘l barmoqlari suv bilan ho‘llanadi, so‘ng ularni mahsining ustki tomoniga to‘liq qo‘yib oyoq barmoqlari uchidan to‘piq tomonga yurgiziladi. Har bir mahsiga mas'h tortishda qo‘lning uchta barmog;ini ishlatish lozim.

Savol: Mana shu mas'hni nima sindiradi?
Javob: Mas'hni tahoratni sindiruvchi narsalar sindiradi. Hamda, mahsining yechilishi va mas'h muddatining tugashi ham mas'hni sindiradi.

Savol: Agar mas'h muddati tugasa, yoki bir dona mahsi yoki ikkalasi ham yechilsayu ammo tahoratni sindiruvchi hech narsa bo‘lmagan bo‘lsa, bunday holda nima qilinadi?
Javob: Bu ikki ko‘rinishda faqatgina oyoqlarning o‘zi yuviladi va namoz o‘qisa bo‘laveradi. Buning uchun tahoratning boshqa amallarini bajarish shart emas.

Savol: Siz aytdingizki, muqim kishi bir kecha-kunduz, musofir esa uch kecha-kunduz mas'h tortadi. Bir kishi musofir bo‘lib keyin muqim bo‘lsa, muqim esa safar qilsa, unda nima deysiz?
Javob: Musofir mas'h torgandan keyin muqim bo‘lib qolsa, agar mas'h muddati bir kecha-kunduz yoki undan ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, mahsisini yechishi lozim bo‘ladi. Agar mas'h muddati bir kecha-kunduzga yetmagan bo‘lsa, uni yetkizib keyin yechadi. Muqim odam mas'h tortsa va bir kecha-kunduz to‘lmasidan avval safarga chiqsa, u endi uch kecha-kunduz to‘liq mas'h tortadi.


 Muhammad Oshiq al-Barniyning
"At-tas'hil az-zaruriy li masail al-Quduriy" asaridan.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

23.05.2025   10528   3 min.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.


1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.


2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).

Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.


3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).

Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.


4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.

Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.

U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.

U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.


5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).

Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.


Xulosa:

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.

 

 

Maqolalar