Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
5. Muhabbatli va serfarzand bo‘lishi.
عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ فَقَالَ: يَا رٍَسُولَ اللهِ، أَصَبْتُ امْرَأَةً ذَاتَ جَمَالٍ وَحَسَبٍ، وَإِنَّهَا لَا تَلِدُ أَفَأَتَزَوَّجُهَا؟ قَالَ: لَا، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّانِيَةَ فَنَهَاهُ، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّالِثَةَ، فَقَالَ: تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ، فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمُ الْأُمَمَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَالْحاَكِمُ وَصَحَّحَهُ.
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli! Bir jamolli va hasabli ayol topdim. Ammo tug‘mas ekan. Unga uylanaveraymi?» dedi.
«Yo‘q», dedilar. Keyin u zotga ikkinchi marta keldi. Yana qaytardilar. So‘ngra uchinchi marta kelganida:
«Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman», dedilar».
Abu Dovud, Nasaiy rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.
Bu hadisi sharifdan eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylanish kerakligi anglanadi.
Kelinlikka nomzodning bu kabi sifatlari unga yaqin qarindosh bo‘lgan ayollarning holini o‘rganish bilan bilinadi. Unga yaqin qarindosh ayollar odatda eriga muhabbat qiladigan, ko‘p tug‘adigan bo‘lsalar, ularning zotida bo‘lgan yoshlar ham ko‘pincha o‘sha sifatlarga ega bo‘ladilar.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan eng asosiysi uylanishdan oldin ahli fazl, ilmli kishilardan maslahat so‘rashning yaxshiligidir.
6. Surur bag‘ishlash, itoatkor bo‘lish va xilof qilmaslik.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Yo Rasulalloh, ayollarning qandog‘i eng yaxshisidir», – deyildi.
«Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani. Qachon amr qilsa, itoat qiladigani va eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani», – dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda er uchun eng yaxshi xotinning ba’zi sifatlari haqida so‘z ketmoqda:
1. «Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani».
Demak, er nazar solsa, ko‘nglini xursand qiladigan ayol eng yaxshi ayollarda bo‘ladigan sifatlarga ega bo‘lar ekan.
Bu ta’rif ayolning tashqi qiyofasi, kiyinishi, o‘zini tutishi va axloq-odobi kabi narsalarni o‘z ichiga oladi. Eng yaxshi ayol bo‘lish umididagi qizlarimiz, ayollarimiz ushbu narsaga alohida e’tibor berishlari kerak. Kuyov va erlarining ko‘ziga doimo xursand qiladigan ravishda ko‘rinishga harakat qilishlari lozim.
2. «Qachon amr qilsa, itoat qiladigani».
Erga itoatkor bo‘lish ayollarning eng go‘zal, eng yaxshi sifatlaridan biridir.
Albatta, bu yerda shar’iy ruxsat berilgan ishlar doirasidagi itoatkorlik haqida so‘z ketmoqda. Gunoh ishlarda itoat qilish mumkin emas. Chunki Xoliqqa ma’siyat bo‘ladigan ishlarda maxluqqa itoat qilinmaydi.
Er oila boshlig‘i bo‘lganidan keyin, oila a’zolari, jumladan, ayol kishi unga itoat qilishi kerak. Eriga itoatkor ayol eng yaxshi sifatlardan biriga ega bo‘lgan ayoldir.
Eriga itoat qilmaydigan ayolni yaxshi ayollar qatoriga mutlaqo qo‘shib bo‘lmaydi.
3. «Eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani».
Boshqacha qilib aytganda, eng yaxshi ayol sifatiga sohiba bo‘lishni istagan ayol eriga yoqmaydigan ishlarni qilmasligi kerak. Chunki shu xilof tufayli oilada urush-janjal chiqishi, er‑xotinning halovati yo‘qolishi, hatto oila buzilib ketishi ham mumkin.
Yana, ayol kishi o‘z molini eri yomon ko‘radigan narsalarga sarflamasligi kerak. Ana shunda eng yaxshi ayollarning yana bir sifatiga ega bo‘ladi.
Ushbu hadisda zikr qilingan uch sifatni o‘zida mujassam qilgan ayol eng yaxshi ayollardan bo‘lishiga shubha yo‘q.
Mo‘mina-muslima ayol-qizlarimiz ushbu hadisi nabaviyda zikr etilgan oliymaqom sifatlarni o‘zlarida mujassam qilishga harakat etishlari lozim. Shu bilan birga, jajji qizchalarimizni yoshliklaridan ana shunday go‘zal sifat sohibalari etib tarbiya qilmog‘imiz zarur.
Ulamolarimiz barcha hujjat va dalillarni o‘rganib chiqib hamda boshqa omillarni hisobga olib, munosib kelin tanlashda quyidagi narsalarga e’tibor berish kerakligini ta’kidlaganlar:
1. Dindorlik.
2. Serfarzandlik. Bu sifat qarindosh-urug‘ ayollarga qarab bilinadi.
3. Avval turmush qurmagan bo‘lishi.
4. Dindor va qanoatli oiladan bo‘lishi.
5. Nasabi yaxshi bo‘lishi.
6. Husnli bo‘lishi. Shunda erning ko‘ngli to‘q bo‘ladi, muhabbat qo‘yadi, boshqalarga qaramaydi.
7. Qarindoshlardan bo‘lmasligi. Qarindoshga uylansa, bolalari zaifhol bo‘lish ehtimoli kuchli. Yana, Alloh ko‘rsatmasin, kelishmovchilik bo‘lib qolsa, qarindoshlik aloqalariga zarar yetishi ham mumkin. Begonadan bo‘l-sa, bolalar zaifhol bo‘lmaydi. Kuyov-kelinning bahonasi bilan ularning qarindosh-urug‘lari ham quda-anda bo‘ladilar, ijtimoiy aloqalar rivo-jlanadi.
8. Bir xotindan ziyoda qilmaslik. Chunki ko‘pxotinlilikning mashmashasi ham ko‘p bo‘ladi, shartlarini bajo qilish ham oson emas.
«Baxtiyor oila» kitobidan
«Agar ogohsan sen – shohsan sen.
Agar shohsan sen – ogohsan sen»
«Avliyolarning avliyosi», «mutafakkirlarning mutafakkiri», «shoirlarning sultoni» bobomiz Alisher Navoiy hazratlari naqadar chiroyli ta’rif berganlar o‘z asarlarida!
«Ogohlik» co‘zining ma’nolarini bugungi zamon sharoitidan kelib chiqib, yanada keng miqyosda tushunishimizga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, bugungi ogohlik xalqimiz, ayniqsa yoshlar qalbini, ruhiyatini, aql-idroki va umuman ma’naviyatini jahonda yuz berayotgan mafkuraviy yo‘nalishdagi oshkora va yashirin tahdidlarning xatarlaridan va «ommaviy madaniyat»ning yemiruvchi ta’siridan muhofaza qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Albatta, xalqimiz, jumladan yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san’atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi.
Biroq G‘arbda din va odobga zid bo‘lgan qarashlarning ko‘pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini G‘arb ziyolilarining o‘zlari «G‘arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma’naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.
«Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda».
Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!
Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma’lumotlarni kechayu-kunduz tarqatayotgan bir onda, ayniqsa bugun farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar, jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo, baliqqa suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...
Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo‘lsinki, ikki xil bo‘lib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.
Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o‘zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo‘shnilari ham, do‘stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda...
Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya:
ZID EKANLIGINI UNUTMAYLIK !!!
Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ‘ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas !!!
Biz ular orasidan imon-e’tiqodimiz, an’anayu qadriyatlarimizga mos keladiganlarinigina saralab olmog‘imiz shart!
Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor ma’naviyatiga jiddiy zarar yetmasin!
Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan ko‘pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba o‘rta yosh, hatto keksalik chog‘ida ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.
2) «JONLI» tarbiya – bu:
ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari;
buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari;
mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari;
elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari;
jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta’lim maskanlarida taralayotgan durdan a’lo fanlar va beqiyos bilimlar;
uyimizda farzandlarimizga o‘zimiz berayotgan ta’lim-tarbiyamiz.
Bu «jonli» tarbiyadagi ma’lumotlar esa ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba bo‘lib xizmat qiladi.
Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o‘tirganlarida oilasining har bir a’zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o‘g‘il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini haqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi.
Zero, bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e’tiqod bilan, go‘zal namuna va chiroyli ibrat bo‘lib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda «mening otam meni haqimga bunday duo qilganlar», «mening onam meni bunday bo‘lishimni Xudodan so‘rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni ko‘z oldida doim turadi.
Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo‘l ochib Yaratgandan so‘rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.
Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi», deb yana qo‘shimcha sifatida bizlarga yengilmas kuch qilib berdilar.
Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir! Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan poydevor vazifasini o‘taydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi.
Janobi hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z muborak hadisi-shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!».
Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor:
«Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,
Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor».
Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda.
Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.
Ayniqsa, hozirda yurtimizdagi mavjud behisob hamda turli fursat va imkoniyatlardan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib,
HAR BIR OTA, HAR BIR ONA O‘Z farzandiga:
odob-axloq namunalarini,
kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini,
bobo-buviga – ehtirom-hurmatni,
ota-onaga – mehr va itoatkorlikni,
oila a’zolariga – rahmdillik va mehribonlikni,
o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni,
qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni,
qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni,
sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni,
atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni,
hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz –
HAM BURCHIMIZ, HAM QARZIMIZ, HAM FARZIMIZDIR!!!
XUDONI OLDIDA ham, BANDASINI OLDIDA ham, YURT-XALQIMIZ OLDIDA ham!
Bularni hammasini bolalarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!
Kimning ona-Vatanni sevish tuyg‘usi kuchli va imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining o‘tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog‘iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do‘stlari”ning qarmog‘iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo‘shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o‘qishsa, o‘qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa to‘garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o‘rganishlarida hamnafas bo‘lishsa, yoshlarning yot g‘oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo‘lmaydi.
Iloho o‘zlarimizni ham,
farzand-zurriyotlarimizni ham
Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan,
Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,
o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,
xalqimiz xursand bo‘ladigan,
ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
JIDDIY E’TIBOR UCHUN JIDDIY MASALA:
Ne-ne umidlar bilan o‘stirayotgan farzandlarimiz
dinimiz qoidalari ruxsat bermagan,
milliy an’analarimiz va mahalliy urf-odatlarimiz qaytargan
hamda davlatimiz qonunlari qoralagan
yeb-ichish mahsulotlaridan O‘TA va O‘TA EHTIYOT bo‘lishlari
va ayniqsa hozirgi paytda
aynan shu tomonlardan "hujum" kilayotgan dushmanlarimizga
kuchli va sof e’tiqod bilan qarshi turaolishlari –
o‘z diniga, o‘z xalqiga, o‘z yurtiga hamda
o‘z muqaddas oilasiga sadoqatli ekanini
yaqqol belgisi bo‘ladi!
Ibrohim domla Inomov