Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ayol to‘rt narsa uchun nikohlanadi: moli uchun, nasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Sen dindorini tanlagin, qo‘ling tuproqqa qorilgur”, dedilar (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).
Har bir qizga uni go‘zal, jozibador va mahliyo deb maqtashlari yoqadi.
Ammo savol tug‘iladi: go‘zallik nima?
Go‘zallik – bu upa, ro‘molcha, krem, lab bo‘yog‘i va ko‘z bo‘yog‘imi?
Yoki sochning rangi, uzunligi, turmacha shakli, belning aylanasi, oyoqlarning chiroyli shakli, yuzning o‘tkir chizmalarimi?
Go‘zallik – faqat kiyim, sumka, tufli yoki ko‘zoynakmi?
Ayollar shunday deb o‘ylashadi.
Ayollar doimo o‘z tashqi ko‘rinishi, o‘lchamlari, ko‘z va lablar atrofiga chizilgan naqshlari haqida o‘ylaydi.
Ular go‘zallikni yuzda chizish mumkin, deb o‘ylashadi. Turli pardozlar va aksessuarlar orqali go‘zallik yaratish mumkin, deb ishonishadi. Ammo ular unutmasinlarki, buning hammasi faqat sirtqi bo‘yoq.
Bu bo‘yoq bir yuvinishda yoki terlagan paytda yuvilib ketishi mumkin. Hatto bu sun’iy go‘zallik erkaklarni hayratga solishi mumkin, ammo u doimiy bo‘lmaydi.
Hatto ayolning tengsiz jismoniy o‘lchamlari ham tug‘ruqdan keyin o‘zgarishi mumkin.
Tashqi go‘zallik doimo yo‘q bo‘lib ketadi. U faqat bitta “qopqon” rolini o‘ynaydi. Chiroy ayolga erkakni o‘ziga jalb etish uchun berilgan vaqtinchalik hadiyadir.
Shuning uchun, ayolning go‘zalligi haqida hukm chiqarishdan avval uning ichki xususiyatlari, ruhiy dunyosiga nazar soling. Go‘zallik – bu odob-axloq, poklik va mehribonlik.
Go‘zallik – bu mehr-shafqat, muhabbat, onalik tuyg‘ulariga boy qalb.
Insoniylikning yuksak darajasi – o‘z tilini, qo‘lini, qalbini va hatto tasavvurlarini pok saqlay olish. Bularning har biri go‘zallikning alohida bir ko‘rinishi.
Shuningdek, yaxshi xulq-atvor, sabr-toqat, kechirimlilik va oddiylik – go‘zallikning ajralmas qismlaridir. Nozik, sezgir ruh, ochiq va rostgo‘y tabiat ham go‘zallikning belgilaridir.
Endi tasavvur qiling, tashqi jihatdan go‘zal bo‘lgan ayol yomon xulqli, makkor, yolg‘onchi va dunyoviy qiziqishlarga to‘la bo‘lsa, uning yuzining go‘zalligi qanday ahamiyatga ega?
Qanday qiymatga ega, agar jozibali lablardan faqat zaharli so‘zlar chiqsa? Yoki chiroyli oyoqlar qo‘pol harakatlar uchun ishlatilsa? Yoki yasangan sochlar ostida aql bo‘lmasa?
Agar bir ayol haqiqiy go‘zallikka ega bo‘lsa, uni faqat tashqi ko‘rinish bilan emas, balki uning shaxsiyati, ma’naviyati va ruhiy olami bilan baholash kerak.
Shuning uchun ayolga hukm chiqarishda faqat ko‘zlar bilan qaramang, balki aqlingiz bilan kuzating. Chunki tashqi ko‘rinish qo‘pol xato qilishi yoki xayolning qurboniga aylantirishi mumkin.
Birinchi qarashdagi go‘zal ko‘rinish chalg‘ituvchi bo‘lishi mumkin. Bunday paytda hislar to‘lqini va hayajon botqog‘i ostida ko‘rish qobiliyati yo‘qoladi. Shunda hatto maymunsimon yuzlar farishtasimon bo‘lib ko‘rinishi mumkin.
Ayol – bu kitob. Uni avvalo aqlingiz bilan o‘qing, tashqi muqovasiga qaramasdan, ichida nima yozilganini tushunib oling.
Hissiyotlar o‘rniga tanqidiy fikrlash usuli bilan yaqinlashing. Aks holda, go‘zal ko‘rinish bilan niqoblangan asl haqiqatni kech anglashingiz mumkin.
Ayollar bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun aql bilan harakat qiladilar va sizni avvalo oshiqqa aylantirib, aqlingizni yo‘qotishingizga harakat qiladilar.
Shunday qilib, ko‘pgina erkaklar haqiqatni juda kech anglaydilar. Haqiqatni anglaganlar esa falsafiy yo‘nalishga burilib, “go‘zallik” haqida o‘ylay boshlaydilar va go‘zallikning o‘ziga oshiq bo‘lib ketadilar.
Ammo hatto bunday falsafiy inson ham ayolning aqlli harakatlaridan chetda qolmasligi mumkin. Chunki ayollar har doim o‘zlari bilan birga “alohida qo‘shimcha kitob” olib yurishadi...
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Doktor Mustafa Mahmudning “Shayton hukm suradi” asaridan
“Tuzoqqa tushish” parchasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati