Bir qiz aytadi: «Men yoshligimdan buvim bilan bir xonada yotardim. Buvim hayotdan ko‘z yumgunlaricha, taxminan o‘n yilcha birga yashadik. Shu o‘n yil ichida buvimdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Lekin shu o‘rganganlarim ichida eng yaxshisi – namozdan keyingi duo edi. Buvim farz namozni o‘qib bo‘lib, joynamoz ustida ancha o‘tirardilar, men esa buvimni kuzatardim. Buvim namozni xotirjam, sokin yakunlab, uzoq duo qilardilar. Bir kuni ana shunday sokin o‘tirishlarini ko‘rib, savol bergim keldi: «Buvi, namozdan keyin nimalar deb duo qilasiz? Qanday qilib namozdan bunchalik rohatlanasiz?».
Buvim kulib qo‘yib, namozdan keyin qaysi duolarni o‘qishlarini aytib, menga ham o‘rgatdilar. Har namozdan keyin buvim bilan birga ana shu duolarni takrorlaydigan bo‘ldim. Duolarni yodlab olgan kunim menga mukofot ham berdilar.
Buvim alohida e’tibor bilan o‘qiydigan duo mana shu edi:
(Allohga istig‘for aytaman, Allohga istig‘for aytaman, Allohga istig‘for aytaman. Allohim, Salom O‘zingsan, salom ham O‘zingdan. Tabarruksan, ey ulug‘lik va karam Sohibi! Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi ham yo‘q. Mutlaq mulk Unikidir, hamd ham Ungadir, U har narsaga qodirdir. Robbim, Sen berganni to‘suvchi yo‘q, Sen to‘sganni beruvchi yo‘q. Quvvat Sendadir, boshqaning kuch-quvvati foyda bermas).
Ko‘p yillar davomida bu duolarni buvim bilan birga o‘qiyverdim, bu duolar aqlimning, shuurimning bir bo‘lagiga aylanib, his-tuyg‘ularimga qorishib ketdi.
Buvim menga shunday der edilar: «Jonim qizim, bu duoning halovatini qara! «Robbim, Sen berganni to‘suvchi yo‘q!». Ko‘ryapsanmi, Alloh senga bergan narsani hech kim olib qo‘ya olmaydi. «Sen to‘sganni beruvchi yo‘q». Alloh bermagan narsani senga hech kim bera olmaydi. «Quvvat faqat Sendadir, boshqaning kuch-quvvati foyda bermas». Ha, kuch-qudratni faqat Alloh beradi, Alloh bir narsani xohlasa, hech kim hech narsa qila olmaydi. Bolam, sendagi kuch-quvvat ham faqatgina Allohdan. Shuning uchun Allohga ishongin-da, xotirjam yashayvergin!»
Buvim meni bu duolardan bahra olishga, ma’nolarini his qilishga tinimsiz undar edilar. Men buning halovatini ikki yillardan keyin his qila boshladim. Boshlang‘ich maktabni tamomlab, o‘smirlikka ilk qadam qo‘ygan paytim edi. Buvimning o‘gitlari o‘smirlik davrining g‘am-qayg‘ulari boshlanganda shunaqangi asqotdiki, asti qo‘yaverasiz. Men qayg‘ularimni osongina yengar edim, tushkunlikni, umidsizlikmni buvim o‘rgatganidek, namozdan keyingi duolar bilan davolardim. Har gal «Robbim, Sen berganni to‘suvchi yo‘q, Sen to‘sganni beruvchi yo‘q. Quvvat Sendadir, boshqaning kuch-quvvati foyda bermas», deganimda xotirjam bo‘lib qolar edim. Bu duolar xuddi boshimga tushayotgan muammolarni davolash uchun kunda besh mahal ichiladigan doriga o‘xshar edi. Qarabsizki, Allohning marhamati bilan yoshlik, g‘o‘rlik, o‘smirlik davrini dugonalarimga nisbatan ancha yaxshi o‘tkazdim. Qanday muammo duch kelsa ham, namozga shoshib, namozdan keyingi duoyu zikrlar bilan xotirjam bo‘lib yurgan vaqtimda ko‘pchilik dugonalarim psixologlarga, hatto psixiatrlarga qatnab, davolanib yurishardi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi