Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Ummu Ayman - Jannat ahlidan bo‘lgan ayol

12.12.2024   3228   5 min.
Ummu Ayman - Jannat ahlidan bo‘lgan ayol

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ummu Ayman roziyallohu anho asli habashistonlik bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning otasi Abdullohning xizmatchisi edi. Asli ismi Baraka binti Sa’laba, oldin Hazraj qabilasidan Ubayd ibn Zayd nikohida bo‘lgan. Ayman ismli o‘g‘li bois uni “Ummu Ayman” deb chaqirishardi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelganlarida, birinchi bo‘lib quchog‘iga olgan mehribon ayol Ummu Ayman roziyallohu anho edi. U muborak chaqaloqni o‘zgacha mehr bilan parvarish qilgan. Halima onamiz yosh Muhammadni onalariga qaytarib berganidan keyin Ummu Ayman u zotga ham xizmatchilik, ham enagalik qildi.

O‘sha yillari hazrat Omina Yasribga borib, eri Abdullohning qabrini va u yerdagi qarindosh-urug‘larini ziyorat qilmoqchi bo‘ladi. O‘g‘li Muhammad bilan xizmatchisi Ummu Aymanni olib yo‘lga chiqadi va bir oycha Yasribda turib qoladi.

Ummu Ayman bunday rivoyat qiladi: «Bir kuni yahudiy olimlaridan ikki kishi yonimga kelib: “Ahmadni oldimizga olib kelgin, bir ko‘raylik”, deyishdi. Men Ahmadni chaqirdim, unga diqqat bilan nazar solib, qarab chiqishgandan so‘ng ulardan biri: “Bu bola kutilayotgan oxirzamon payg‘ambari bo‘lishi mumkin, u keyinchalik bu shaharga hijrat qilib keladi. Olamshumul hodisalar yuz beradi», dedi. Shu voqeadin keyin Ummu Ayman boshiga bir xafalik tushmasin, degan tashvishda bu sevimli bolaning yonidan hargiz ayrilmadi.

Qaytish vaqti kelganida uchovlari Makka tomon yo‘lga chiqishdi. Abvo qishlog‘iga yetganlarida hazrat Omina og‘rib qoldi. Shu yerda bir necha kun dam olib, sog‘ayganidan keyin yo‘lga chiqmoqchi bo‘lishdi. Lekin hazrat Ominaning kasali kundan kun og‘irlashdi. Ummu Ayman bir tarafdan Ominaga xizmat qilsa, yana bir tarafdan yosh Muhammad alayhissalomga qarar, undan ko‘zini uzmas edi. Ikki dunyo­ quyoshi – bo‘lajak Payg‘ambarimiz onasining qiynalayotganini ko‘rib, unsiz yig‘lardilar.

Omina ham dard og‘rig‘ini unutib: “Bolam yetim qoladigan bo‘ldi”, deb yolg‘izgina o‘g‘lini o‘ylar edi. Dardi og‘irlashib, kasali kuchayaverdi. Nihoyat ona: “O‘g‘lim! Har bir jon o‘ladi, har bir yangi narsa eskiradi, har bir gul qurib to‘ziydi, mening ham umrim tugab boryapti”, dedi va o‘g‘lini eng oldin Allohga, so‘ng Ummu Aymanga omonat qilib, foniy dunyodan ko‘z yumdi.

Hazrat Omina dafn qilinganidan so‘ng Ummu Ayman bo‘lajak payg‘ambarni bir tuyaga o‘tqizib, o‘zi boshqa tuyaga minib, cho‘l-sahrolar, tog‘-toshlardan o‘tib, mashaqqat bilan Makkaga yetib keldi, Quraysh ulug‘i Abdulmuttalibning uyiga tushdi.

Ummu Ayman jonidan ham ko‘proq yaxshi ko‘radigan Muhammad alayhissalom ulg‘ayib, oilali bo‘lgunlaricha onasidek mehribonlik, fidokorlik ko‘rsatdi. U zot ham enagasini hargiz unutmay, har doim yo‘qlab, xabar olib turdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni «ikkinchi onam» deb alohida hurmat qilar, jannat ahlidan ekanining xabarini bergan edilar.

Ummu Ayman roziyallohu anhoning eri vafot etib, tul qoldi. Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalar bilan o‘tirganlarida: «Jannat ahlidan bo‘lgan ayol bilan oila qurishni xohlagan kishi Ummu Aymanni nikohiga olsin», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu taklifini asrab olgan o‘g‘illari Zayd ibn Horisa qabul qildi. Payg‘ambar alayhissalom Ummu Aymanni sahoba Zaydga nikohlab berdilar. Ikkovlaridan Islomning eng yosh qo‘mondoni, ulug‘ sahobiy Usoma ibn Zayd­ roziyallohu anhu dunyoga keldi.

Ummu Ayman roziyallohu anho Alloh taologa tavakkal qiladigan, sabrli ayol edi. Eng qiyin vaziyatda ham umidsizlikka tushmas, Alloh taoloning rahmati, madadi kelishiga ishonardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin hazrat Abu Bakr bir kuni hazrat Umarga: “Ummu Aymanni ziyorat qilib kelaylik, Payg‘ambar alayhissalom uni ziyorat qilib turardilar”, dedi. Ummu Ayman ularni ko‘rib, yig‘ladi. Abu Bakr va Umar: “Nega yig‘laysiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning dargohida ekanlari yaxshiroq emasmi?” deb tasalli bermoqchi bo‘lishdi. Ummu Ayman: “Men Rasululloh alayhissalomning Alloh taolo dargohida ekani yaxshiligini bilmaganim uchun emas, vahiy tushmay qolgani uchun yig‘layapman”, dedi. Uning bu so‘zi Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumlarni ham qattiq hayajonga soldi, ular ham yig‘lashdi.

Alloh taolo Ummu Ayman roziyallohu anhoga uzoq umr ato qildi. U uch ulug‘ sahobiy boshqargan davrlarni ko‘rdi. Hazrat Usmon roziyallohu anhu davri boshlangan yili vafot etdi.

 Madina QOSIMOVA

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya nashri swift news: O‘zbekistonlik ziyoratchilarga bo‘lgan e’tibor a’lo darajada

23.05.2025   3164   1 min.
Saudiya nashri swift news: O‘zbekistonlik ziyoratchilarga bo‘lgan e’tibor a’lo darajada

Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.


Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.


Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.


Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari