Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ummu Ayman roziyallohu anho asli habashistonlik bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning otasi Abdullohning xizmatchisi edi. Asli ismi Baraka binti Sa’laba, oldin Hazraj qabilasidan Ubayd ibn Zayd nikohida bo‘lgan. Ayman ismli o‘g‘li bois uni “Ummu Ayman” deb chaqirishardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelganlarida, birinchi bo‘lib quchog‘iga olgan mehribon ayol Ummu Ayman roziyallohu anho edi. U muborak chaqaloqni o‘zgacha mehr bilan parvarish qilgan. Halima onamiz yosh Muhammadni onalariga qaytarib berganidan keyin Ummu Ayman u zotga ham xizmatchilik, ham enagalik qildi.
O‘sha yillari hazrat Omina Yasribga borib, eri Abdullohning qabrini va u yerdagi qarindosh-urug‘larini ziyorat qilmoqchi bo‘ladi. O‘g‘li Muhammad bilan xizmatchisi Ummu Aymanni olib yo‘lga chiqadi va bir oycha Yasribda turib qoladi.
Qaytish vaqti kelganida uchovlari Makka tomon yo‘lga chiqishdi. Abvo qishlog‘iga yetganlarida hazrat Omina og‘rib qoldi. Shu yerda bir necha kun dam olib, sog‘ayganidan keyin yo‘lga chiqmoqchi bo‘lishdi. Lekin hazrat Ominaning kasali kundan kun og‘irlashdi. Ummu Ayman bir tarafdan Ominaga xizmat qilsa, yana bir tarafdan yosh Muhammad alayhissalomga qarar, undan ko‘zini uzmas edi. Ikki dunyo quyoshi – bo‘lajak Payg‘ambarimiz onasining qiynalayotganini ko‘rib, unsiz yig‘lardilar.
Hazrat Omina dafn qilinganidan so‘ng Ummu Ayman bo‘lajak payg‘ambarni bir tuyaga o‘tqizib, o‘zi boshqa tuyaga minib, cho‘l-sahrolar, tog‘-toshlardan o‘tib, mashaqqat bilan Makkaga yetib keldi, Quraysh ulug‘i Abdulmuttalibning uyiga tushdi.
Ummu Ayman jonidan ham ko‘proq yaxshi ko‘radigan Muhammad alayhissalom ulg‘ayib, oilali bo‘lgunlaricha onasidek mehribonlik, fidokorlik ko‘rsatdi. U zot ham enagasini hargiz unutmay, har doim yo‘qlab, xabar olib turdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni «ikkinchi onam» deb alohida hurmat qilar, jannat ahlidan ekanining xabarini bergan edilar.
Ummu Ayman roziyallohu anhoning eri vafot etib, tul qoldi. Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalar bilan o‘tirganlarida: «Jannat ahlidan bo‘lgan ayol bilan oila qurishni xohlagan kishi Ummu Aymanni nikohiga olsin», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu taklifini asrab olgan o‘g‘illari Zayd ibn Horisa qabul qildi. Payg‘ambar alayhissalom Ummu Aymanni sahoba Zaydga nikohlab berdilar. Ikkovlaridan Islomning eng yosh qo‘mondoni, ulug‘ sahobiy Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu dunyoga keldi.
Ummu Ayman roziyallohu anho Alloh taologa tavakkal qiladigan, sabrli ayol edi. Eng qiyin vaziyatda ham umidsizlikka tushmas, Alloh taoloning rahmati, madadi kelishiga ishonardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin hazrat Abu Bakr bir kuni hazrat Umarga: “Ummu Aymanni ziyorat qilib kelaylik, Payg‘ambar alayhissalom uni ziyorat qilib turardilar”, dedi. Ummu Ayman ularni ko‘rib, yig‘ladi. Abu Bakr va Umar: “Nega yig‘laysiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning dargohida ekanlari yaxshiroq emasmi?” deb tasalli bermoqchi bo‘lishdi. Ummu Ayman: “Men Rasululloh alayhissalomning Alloh taolo dargohida ekani yaxshiligini bilmaganim uchun emas, vahiy tushmay qolgani uchun yig‘layapman”, dedi. Uning bu so‘zi Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumlarni ham qattiq hayajonga soldi, ular ham yig‘lashdi.
Alloh taolo Ummu Ayman roziyallohu anhoga uzoq umr ato qildi. U uch ulug‘ sahobiy boshqargan davrlarni ko‘rdi. Hazrat Usmon roziyallohu anhu davri boshlangan yili vafot etdi.
Madina QOSIMOVA
Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi.
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.
Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.
Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.
— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.
Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.
Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman.
Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi.
Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".