Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Bir daqiqa vaqtingizni ajrating

12.12.2024   4709   4 min.
Bir daqiqa vaqtingizni ajrating
Bir daqiqa ichida «Subhonallohi valhamdu lillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar» kalimasini 18 marta aytish mumkin.

Abu Hurayra roziyallohu  anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhonallohi valhamdu lillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”, deyishim men uchun quyosh chiqib, nur sochganidan yaxshiroqdir, dedilar (Imom Muslim rivoyati)
 

Bir daqiqada «Subhonallohi va bihamdihi»ni 100 marta aytish mumkin.

Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda buni aytgan kishining gunohlari dengiz ko‘pigichalik bo‘lsa-da, kechirib yuborilishi aytiladi.
 

Bir daqiqada «Laa havla va laa quvvata illa billah»ni 40 martadan ko‘proq aytish mumkin.

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Jannat xazinalaridan birini senga aytaymi?" dedilar. Men: "Ha, ayting, Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam" dedim. Shunda u zot alayhissalom: "Laa havla va laa quvvata illa billahni ayt, u jannat xazinalaridandir", dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
 

Bir daqiqada «Laa ilaha illalloh»ni 50 martagacha aytish mumkin.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Zikrlarning afzali Laa ilaha illallohdir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

 

Bir daqiqada «Subhonallohi va bihamdihi ’adada xolqihi va rizo nafsihi va zinata arshihi va midada kalimatihi»ni 15 martadan ko‘proq aytish mumkin.

Juvayriya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertalab subh namozi paytida uning huzuridan chiqib ketdilar. U namoz o‘qiydigan xonasida edi. So‘ngra zuho namozini o‘qib bo‘lib qaytib kelsalar, Juvayriya roziyallohu anho hali ham o‘tirgan edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chiqib ketganimdan beri shu holatda o‘tiribsanmi?” deb so‘radilar. Onamiz roziyallohu anho: “Ha”, deya javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Men sendan keyin to‘rtta kalimani uch martadan aytdim, agar ular tarozida o‘lchansa, sen bugun aytgan narsalardan og‘ir keladi. Ular: "Subhonallohi va bihamdihi ’adada xolqihi va rizo nafsihi va zinata ’arshihi va midada kalimatihi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
 

Bir daqiqada 50 marotabaga yaqin salavot aytish mumkin.

Ko‘p salavot aytish orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil bo‘lish mumkin. Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom ibn Mojalar rivoyat qilgan hadisda Omir ibn Robi’aning otalari quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Kim menga salavot aytsa, farishtalar unga ham menga ayt­gan salavotining barobarida salavot aytib turadilar. Banda salavotni xohlasa, oz ayt­sin, xohlasa ko‘p”, deganlarini eshitdim».

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi va o‘nta xatosini o‘chiradi”, deganlar.
 

Bir daqiqa ichida «Astag‘firulloh»ni 100 martadan ortiq aytsa bo‘ladi.


Umrimizning har bir daqiqasi qadrli. Daqiqalarnigina emas, soniyalarni ham o‘z foydamizga hal etishning juda oson yo‘li chin ixlosdadir

Davron NURMUHAMMAD

 

Boshqa maqolalar

Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

04.06.2025   5542   4 min.
Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

Arafot so‘zi lug‘atda – bilish, tanish ma’nolarini bildiradi.

Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.

Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.

Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.

Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).

Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.

Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).

Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:

“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.

Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn.

Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.

Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar.

Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin.

A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai.

Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib,  barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda  Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.

Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!

Davron NURMUHAMMAD