Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyun, 2025   |   14 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:28
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyun, 2025, 14 Zulhijja, 1446
Maqolalar

«Otamning qadriga yetmadim» — padaridan orlangan o‘g‘ilning nadomatlari (hayotiy hikoya)

13.12.2024   3992   8 min.
«Otamning qadriga yetmadim» — padaridan orlangan o‘g‘ilning nadomatlari (hayotiy hikoya)

«Ma’lum bo‘lishicha, menga qarz berib ololmay yurganlardan ikki nafari uyimizga borgan. Ular otamga meni qarzni qaytarmay qochib yurganim haqida gapirishgan. Otam bundan qattiq ta’sirlangan va yigitlar ketgandan so‘ng mazasi bo‘lmay, miyasiga qon quyilibdi. So‘ng komaga tushib qolibdi».

“Hayotiy hikoyalar” ruknidan berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni ko‘zi ojiz otasidan orlanib oxirida afsuslanib qolgan yigit.

U maktubida otasining o‘limiga aybdorligini, uning duosini olmaganidan afsusdaligini hikoya qiladi.

«Esimni taniganimda onam sog‘lom, otamning esa ko‘zi ojizligini bilganman. Avvaliga hech narsani o‘ylamaganman.

Maktabga borganda esa... Yosh bola edik, gohida ayrim sinfdoshlar bilan nimanidir deb talashardik, janjallashardik. Bunday raqobatda ko‘pincha men g‘olib chiqardim.

Ana shunda ilk bor «ko‘rning bolasi» degan haqoratni eshitganman va bu menga yomon ta’sir qilgan.

«Ko‘rning bolasi» deganlarning bir-ikkitasini boplab do‘pposlaganimdan so‘ng bu haqoratni oldimda aytmaydigan bo‘lishdi. Biroq bilardim, orqavoratdan aytishardi.

O‘shanda nafaqat shu so‘zlarni aytgan sinfdoshimdan, balki otamdan ham xafa bo‘lganman.

Endi o‘ylab ko‘rsam, inson qay holatda, kim bo‘lib tug‘ilishni o‘zi hal qilmaydi, bu ilohiy taqdir. Lekin o‘sha paytda menga buni hech kim, hatto ota-onam ham tushuntirmagan edi. Balki tushuntirishganda ham tushunmasdim.

Har gal ko‘chadan uyga kirib otamga ko‘zim tushganda «Ko‘rning bolasi» degan haqoratli so‘z miyamda aylanardi va otamni yomon ko‘rib qolgandim.

Otam uylanish uchun sovchi yuborganda onamning ota-ota onasi «Bolam, seni unga uzatish hech narsamas, hech kim o‘zi xohlab ko‘zi ojiz bo‘lib tug‘ilmaydi. Biroq boshqa masala bizni o‘ylantiryapti. Mabodo bolang ham ko‘zi ojiz tug‘ilsa nima bo‘ladi? Bir umr ikkita nogironni o‘zing oq yuvib oq tarab, boqishga majbur bo‘lasan», deyishgan ekan.

Shunda onam «peshonamdan ko‘raman» deb javob bergan va otamga turmushga chiqqan ekan. Chunki otam, ko‘zi ojiz bo‘lsa ham o‘zini o‘zi eplay olardi. Buning ustiga ko‘zi ojizlar maktabida o‘qigan, savodi bor edi.

O‘zi o‘qigan maktabda hunar o‘rgangan va o‘shaning orqasidan bir-ikki so‘m daromad ham qilib, ro‘zg‘or tebratgan.

Men sog‘lom tug‘ilganimdan so‘ng otam va onam xursand bo‘lgan va meni juda erka qilib o‘stirgan. Ana shu narsa mening tarbiyam buzilishiga va keyinchalik otamni yomon ko‘rib qolishimga sababchi bo‘ldi.

Yo‘q, bu bilan o‘zimni oqlamoqchi emasman. Otam tilla odam edi. Biroq men tarbiyaning jilla qursa bir qismini uyda, ota-onamdan olgan edim.

«Bolam, nima yeging kelyapti?» «Qorning och qolmadimi?» «Bolam, mana senga o‘yinchoqlar». Qisqasi onam og‘zimdan nomi chiqqan narsani muhayyo qilishga harakat qilardi.

Maktabning yuqori sinflariga o‘tganimdan so‘ng otamdan jirkanish hissi kuchaydi. Uyda ko‘p turmaydigan bo‘ldim. Ertalab maktabga deb chiqib ketardim va yarim kechada kelib uxlardim.

Ko‘p o‘tmay sigaret chekishni o‘rgandim. Qo‘li egriga aylandim va qo‘ni-qo‘shnilarning narsalarini o‘g‘irlay boshladim.

Mendan gumon qilishdi, lekin «ushlab olmaguncha o‘g‘ri o‘g‘ri emas», deyilganday yo‘qolgan narsalarni gardanimga qo‘ya olishmadi.

O‘shanda chekishni boshlaganim va o‘g‘rilik qilayotganimni onam bilib qolgandi. Lekin xafa qilib qo‘ymasin deb otamga aytmas, o‘zimga ham indamasdi.

Shu alfozda maktabni bitirdim va yana bir-ikki yil bekorchi bo‘lib, otam ishlab topgan pul va nafaqa hisobidan yashab yurdim. So‘ng mahalladoshlarga qo‘shilib Rossiyaga borib ishlab keldim.

Shunda ota-onam oilali bo‘lsa esi kirib qolar deyishdimi, meni uylantirish uchun qiz qidira boshlashdi. Otamning ko‘zi ojiz bo‘lsa ham mahalladagilar uni hurmat qilardi.

Biroq gap uning noqobil o‘g‘li, ya’ni men haqimda ketganda bunday deb bo‘lmasdi. Mahallada nomim yomonga chiqib bo‘lgandi.

Onam qidirib-qidirib qo‘shni mahalladan bir qiz topdi, tez orada to‘yimiz bo‘ldi. Shundan so‘ng sayoq yurishlarimni biroz kamaytirdim. Bu orada farzandlarim tug‘ildi.

Bir necha yil bahordan kuzgacha Rossiyada ishladim, qishda uyda bo‘lardim. Ammo Rossiyada ham tuzuk ishlaganim yo‘q.

Bir joyda ishladik, oyligimizni berishmadi. Boshqasidan olgan pullarni o‘sha yoqda rus qizlari bilan kayf-safo qilishga sarflab yubordim. Qisqasi, uyga pul jo‘natmadim. Ba’zi yillarda qaytishga yo‘lkira uchun qarz olishga to‘g‘ri keldi.

O‘sha paytlarda bir-ikki so‘m ishlay, oilamga yordam bo‘lsin deb umuman o‘ylamasdim. Otam nogironlik nafaqasini olardi. Kamiga uyda u-bu narsa yasab sotardi va ro‘zg‘orni amallab o‘tkazardi.

Men esa ro‘zg‘orni otam eplayapti-ku deb tarallabedod qilib yurardim. Rossiyada pul ishlay olmagach o‘zimizda bir ustaga shogird tushdim. Usta oilaviy ahvolimizni bilardi va menga yordam bo‘lsin deb yaxshi haq to‘lardi.

Biroq mening erka o‘sganim, dangasaligim va hayotda aniq maqsadim yo‘qligi tufayli ishga kechikib borardim. Aytilgan vazifani vaqtida bajarmasdim. Axiri ustaning joniga tegdi va meni quvib yubordi.

Shundan so‘ng ko‘nglim Toshkentga ishga borishni tusab qoldi. Ketishdan avval bir nechta mahalladoshimizdan qarz oldim. Biroq birortasini qaytarmadim.

Toshkentda ham tayinli bir ishning boshini tutmadim. Uyga quruq qo‘l bilan qaytganim yetmaganday, poytaxtga qaytishda tanishlarni aldab, ulardan qarzga deb pul olardim.

O‘sha pullar hisobidan poytaxtga borib bir muddat yashayman va qaytib kelaman. So‘ng ketishda yana boshqalarni avrayman.

Poytaxtda yurishning o‘zi bo‘lmaydi, gohida mashina yuvadigan joyda ishlayman. Ba’zida mardikorchilikka chiqib, yengilroq ish bo‘lsa borardim. Biroq ishlagan pullarim o‘zimdan ortmasdi.

Bu orada Toshkentda yoshi kattaroq ayol bilan tanishib qoldim. U birga yashashni taklif qilgandi, jon deb rozi bo‘ldim. Chunki tunab qoladigan tayinli joyim yo‘q edi.

Shu tariqa oilamni, ota-onamni unutib Toshkentda yashay boshladim. Goh-gohida xotinim yoki onam qo‘ng‘iroq qilib turardi.

Kunlarning birida onam tunda qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ko‘tarsam yig‘layapti. «Otang komaga tushib qoldi, shifoxonada...» Bu gapdan hayron bo‘ldim, otamning sog‘ligi yaxshi edi-ku.

O‘sha zahoti Toshkentdan yo‘lga chiqdim, to‘g‘ri shifoxonaga bordim. Otam uch kun komada yotib, o‘ziga kelmasdan vafot etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, menga qarz berib ololmay yurganlardan ikki nafari uyimizga borgan. Ular otamga meni qarzni qaytarmay qochib yurganim haqida gapirishgan.

Otam bundan qattiq ta’sirlangan va yigitlar ketgandan so‘ng mazasi bo‘lmay, miyasiga qon quyilibdi. So‘ng komaga tushib qolibdi.

Otamni qabrga qo‘yib kelgandan so‘ng meni suyab turgan tog‘ qulaganini tushunib yetdim, ammo endi kech edi. Otam 50 yoshida dunyodan o‘tdi.

Otamga yetkazgan ozorlarimdan afsusdaman, ammo endi uni ortga qaytarib bo‘lmaydi. U ayni bolalarining huzurini ko‘radigan, nabiralari bilan ovunadigan yoshida ro‘shnolik ko‘rmay ketdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh
tayyorladi.

Boshqa maqolalar

Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda

04.06.2025   6788   2 min.
Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda

#xabar #haj2025

Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
 

Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.


Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi. 


Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.


Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.


Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda