Abdulloh ibn Abu Avfodan rivoyat qilinadi:
Madinada bir nogiron kishi bor edi. U yaqinlariga: “Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga boradigan yo‘lga qo‘yinglar”, dedi. Nogiron Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga qo‘yildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon masjidga borsalar, unga salom berar edilar.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot alayhissalomning oldilariga birov kelib, nogiron kishining vafot etganini yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turdilar, biz ham u zot bilan birga turdik. Kulbaga yaqinlashganlarida, sahobalariga: “Mendan boshqa biror kishi kulbaga yaqinlashmasin!” dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga yaqin keldilar. U yerda Jabroil alayhissalom nogiron kishining boshida o‘tirgan edi. Jabroil alayhissalom: “Yo Allohning Rasuli! Agar Siz kelmaganingizda, o‘rningizga uning (marhumning yuvish) ishini biz bajarar edik. Ammo siz keldingiz va bunga siz haqliroqsiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, o‘z qo‘llari bilan uni yuvdilar, kafanladilar va unga janoza o‘qib, qabrga qo‘ydilar”.
Davron NURMUHAMMAD
Abd Ibn Humayd Keshiyning "Musnadi Keshiy" asaridan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyoda bir kasallik bor. Uning nomi "ne’matga o‘rganib qolish"dir.
Bunda ne’matlarga shu qadar o‘rganib qolasizki, go‘yo ular ne’mat emasdek.
Uyingizga kirasiz. Ahlingiz sog‘-salomat. Buning uchun shukr qilmaysiz. Chunki bu ne’matga o‘rganib qolgansiz.
Istagan narsangizni sotib olasiz. Buni sizga in’om qilgan Zotga shukr qilmaysiz. Chunki sotib olishga o‘rganib qolgansiz.
Uyqudan uyg‘onasiz. Sog‘-salomatsiz. Hamd aytmaysiz. Chunki a’zolaringiz shu qadar yaxshi ishlayaptiki, ularning ichingizda borligini hatto unutib yuborgansiz.
Endi bildingiz. Hamd hamrohingiz bo‘lsin!
Alhamdulillah....
Abdulqodir Polvonov