Abdulloh ibn Abu Avfodan rivoyat qilinadi:
Madinada bir nogiron kishi bor edi. U yaqinlariga: “Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga boradigan yo‘lga qo‘yinglar”, dedi. Nogiron Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga qo‘yildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon masjidga borsalar, unga salom berar edilar.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot alayhissalomning oldilariga birov kelib, nogiron kishining vafot etganini yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turdilar, biz ham u zot bilan birga turdik. Kulbaga yaqinlashganlarida, sahobalariga: “Mendan boshqa biror kishi kulbaga yaqinlashmasin!” dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga yaqin keldilar. U yerda Jabroil alayhissalom nogiron kishining boshida o‘tirgan edi. Jabroil alayhissalom: “Yo Allohning Rasuli! Agar Siz kelmaganingizda, o‘rningizga uning (marhumning yuvish) ishini biz bajarar edik. Ammo siz keldingiz va bunga siz haqliroqsiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, o‘z qo‘llari bilan uni yuvdilar, kafanladilar va unga janoza o‘qib, qabrga qo‘ydilar”.
Davron NURMUHAMMAD
Abd Ibn Humayd Keshiyning "Musnadi Keshiy" asaridan.
Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov