Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Qalamlar ko‘tarildi, sahifalar quridi

14.12.2024   3991   5 min.
Qalamlar ko‘tarildi, sahifalar quridi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fotiha surasining 5-oyatidagi Sengagina ibodat qilamiz jumlasi bandaning kufr va shirkdan yiroq bo‘lishga, Sendangina yordam so‘raymiz esa Allohdan o‘zgasiga tavakkul qilmaslikka targ‘ib qiladi. Lekin, bunda vosita bo‘ladigan narsalar inkor qilinmaydi. Masalan, biron yerga yetib olishda ulov vosita vazifasini bajarsa, u yerga xotirjam yetib olishga Alloh madad beradi.

Xullas, Islom yordam va ko‘mak ma’nosida vosita va sabab bo‘ladigan narsalarga qarshi emas. Faqat ana o‘sha vositalarning o‘ziga suyanib qolmasdan, qalbni butunlay Allohga toshpirish va sabablarni harakatga keltirish lozim.

Allohdan yordam so‘rash ikki xil bo‘ladi:

1. Ibodatlarni to‘liq, nuqsonsiz va bekamu ko‘st ado etishda yordam so‘rash;

2. Zararni daf qilish va yomonliklardan saqlanishda yordam so‘rash.

Ulamolarimiz oyati karimada avval ibodat, keyin isti’onat (yordam so‘rash)ning keltirilishiga bir necha sabablarni sanab o‘tishgan:

– Alloh taoloning haqqi bandalar haqqidan ustundir. Ibodat Allohning bandalari ustidagi haqqi, isti’onat esa bandalarning Alloh ustidagi haqqidir.

– avval umumiy, keyin xos narsaning zikr qilinishi. Ibodat umumiy ma’nodagi tushuncha bo‘lsa, isti’onat o‘sha ibodat turiga mansub amallardan biridir.

– avval vosita bo‘ladigan narsa zikr qilinsa, so‘ralayotgan duoning ijobati oson bo‘lishi.

– banda ibodat qilsagina Allohdan yordam so‘raydi. Imon yoki haqiqiy ibodatdan mahrum kishilar Allohga duo qilish va U Zotdan yordam so‘rashdan bebahra bo‘ladilar.

Allohning ibodatida bo‘lish va U Zotdangina yordam so‘rash bandani abadiy saodat sari yetaklovchi eng asosiy omildir. Bu ikkisini bajarmay turib haqiqiy baxtga erishib bo‘lmaydi.

Ibodat Alloh taoloning roziligini istab ado etilsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga mos kelsa, shundagina haqiqiy ibodat bo‘ladi. Aks holda, niyatning yo‘qligi va amalning shariatga muvofiq kelmasligi, uni botil (bekor, behuda) qilib qo‘yadi.

Alloh taolo ushbu oyatlarda bandalar duolarining qabul qilinishiga sabab bo‘ladigan vositalarni ta’lim bermoqda. Go‘yo U Zot: “Allohga hamd aytinglar, U Zot ulug‘ligini e’tirof etinglar. So‘ngra faqat U Zotgagina ibodat qilinglar va yordam so‘ranglar. Unga biron narsani sherik qilmanglar. Shunda duolaringizni qabul qilaman”, deyayotgandek.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortlaridan ketayotgan edim, u zot: “Ey bola, men senga bir necha (manfaatli) so‘zlarni o‘rgataman: Alloh(ning hududlari)ni saqla. Shunda U Zot seni saqlaydi. Alloh(ning haqlari)ni saqla. Shunda Uni qarshingda topasan. Agar so‘ramoqchi bo‘lsang, bas, Allohdan so‘ra. Agar yordam istasang, bas, Allohdan yordam so‘ra. Bilginki, agar ummat (bir joyga) to‘planib, senga mafaat yetkazmoqchi bo‘lsalar, faqat Alloh senga (taqdir qilib) yozib qo‘ygan darajada manfaat yetkaza oladilar. Agar ular yig‘ilib, senga ziyon yetkazmoqchi bo‘lsalar, faqat Alloh senga yozgan darajada zarar yetkaza oladilar, xolos. Qalamlar ko‘tarildi, sahifalar quridi”, dedilar (Imom Termiziy, Ahmad, Hokim “Mustadrok”da, Tabaroniy “Kabiyr” va “Avsat”da va Bayhaqiy “Shu’abul iyman”da rivoyat qilgan. Abu Iso Termiziy: “Bu hadis hasan-sahih”, degan. Bayhaqiy o‘z rivoyatida: “Agar panoh istamoqchi bo‘lsa, bas, Allohdan panoh so‘ra” jumlasini ziyoda qilgan).

Allohdan o‘zga zot biron narsani berish va man qilishga, zararni daf etish yoki foyda keltirishga qodir emas. Panoh va yordam so‘rashda ham faqat U Zotning O‘zigagina yuzlanish lozim. Allohdan o‘zgasi mukammal suratda, haqiqiy ma’noda panoh berolmaydi. Bandalar bergan “panoh” esa vaqtinchalik, o‘tkinchi va zavol topuvchidir.

Alloh O‘zidan so‘ragan bandasini yaxshi ko‘radi va aksincha, Unga duo qilmaydigan, hojatlarini so‘ramaydigan bandani yomon ko‘radi. Shu ma’noda Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Odamlarga odamlarning yoqimlirog‘i odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va Undan so‘ragani, Allohga odamlarning yoqmaydigani Undan “behojat” bo‘lgani va hech narsa so‘ramaginidir”.

Abdulqodir Jiyloniy o‘g‘liga nasihat qila turib bunday degan ekan: “Ey farzandim, Alloh uchun xolis taqvo qil, toatni tark etma. Birovdan qo‘rqma va birovdan umid qilma. Hojating ravo bo‘lsa, uni Allohdan, deb bil. Hojatingni faqat O‘zidan tila!”.

Allohdan yordam so‘rash bir ishga kirishishdan oldin bo‘lgani afzal. Ya’ni, o‘sha ishni boshlamasdan oldin Allohga duo qilib, ishning yengil kechishi va barakali bo‘lishi so‘raladi va tavakkul qilinib, keyin harakatga o‘tiladi. Bu borada sa’y-harakat, intilish unutib qo‘yilmasligi lozim. Banda o‘zi dangasalik qilib, hech bir chora-tadbir ko‘rmay turib, Allohga duo qilishi, urug‘ ekmay turib hosil kutgan dehqonning behuda urinishiga o‘xshaydi.

Yuqoridagi oyati karima va uning tafsiri orqali Alloh taolodan nimalarni so‘rashni bilib oldik. Endi Allohdan o‘zgasidan, xususan dunyodan o‘tib ketganlardan yordam so‘rash mo‘min kishiga to‘g‘ri kelmasligi, bunday ishlar Islom e’tiqodiga zid ekani haqida suhbatlashamiz.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

 

Boshqa maqolalar

Kiyim o‘g‘irlagan tosh

13.06.2025   3790   1 min.
Kiyim o‘g‘irlagan tosh

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:

"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.

Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.

Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.

Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.

U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.

Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.

Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.

Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."

Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).