Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyun, 2025   |   14 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:28
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyun, 2025, 14 Zulhijja, 1446

Alloh namozimni qabul qilmaydi...

14.12.2024   5279   1 min.
Alloh namozimni qabul qilmaydi...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ba’zi qizlar gunohlari sababli namoz o‘qishga sustkashlik qilishadi, ba’zan esa butunlay tashlab qo‘yishadi. O‘zlaricha «Shuncha gunohlarim bor, Alloh namozimni qabul qilmaydi», deb o‘ylashadi.

Bunday qilgan qiz shaytonga ikki marta aldanadi:

Birinchisi – shayton uni gunohga yetaklaganida aldanadi. Keyin shu gunohi sababli qalbida qora dog‘ qoladi, vijdoni qiynalib, yuragi siqiladi.

Ikkinchisi – shu gunohi uchun shayton uni namozdan uzoqlashtirganda aldanadi. Shayton «Endi qaysi yuzing bilan namozda Allohning huzurida turasan? Alloh gunohkor bandaning ibodatini qabul qilmaydi. Ham gunoh qilib, ham ibodat qilib, Robbingning ustidan kulyapsanmi? Sen bir gunohkor bo‘lsang, nimangga namoz o‘qiysan?» kabi gaplar bilan vasvasa qiladi. Qarabsizki, bechora qiz ham gunohga botadi, ham namoz o‘qimay qo‘yadi – ikki martalab gunohkor bo‘ladi. Borgan sari qalbida qora dog‘lar ham, g‘am-tashvishlari ham ko‘payib boraveradi.

Agar bu qiz tavba namozi borligini bilsa, Alloh farz qilgan, qalbiga sokinlik, osoyishtalik ato etadigan besh mahal namoz tufayli gunohlari yuvilib ketishini bilsa, namozini tamomlagunicha Alloh uning gunohlarini kechirib yuborishini bilsa, namozga shoshilgan bo‘lmasmidi? Aynan ana shu gunohlari namozni mahkam tutishiga, o‘qiganda ham, xushu’ va ixlos bilan o‘qishiga turtki bo‘lmasmidi?

Afsus. Alloh taolo hammamizga insof, tavfiq bersin...

 

Boshqa maqolalar

Minoda qanday amallar bajariladi?

04.06.2025   5707   2 min.
Minoda qanday amallar bajariladi?

Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.

“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.

“Tarviya” – tafakkur ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.

 

Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.

Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.

 

Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.

Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).

Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.

Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..

Davron NURMUHAMMAD