Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zi qizlar gunohlari sababli namoz o‘qishga sustkashlik qilishadi, ba’zan esa butunlay tashlab qo‘yishadi. O‘zlaricha «Shuncha gunohlarim bor, Alloh namozimni qabul qilmaydi», deb o‘ylashadi.
Bunday qilgan qiz shaytonga ikki marta aldanadi:
Birinchisi – shayton uni gunohga yetaklaganida aldanadi. Keyin shu gunohi sababli qalbida qora dog‘ qoladi, vijdoni qiynalib, yuragi siqiladi.
Ikkinchisi – shu gunohi uchun shayton uni namozdan uzoqlashtirganda aldanadi. Shayton «Endi qaysi yuzing bilan namozda Allohning huzurida turasan? Alloh gunohkor bandaning ibodatini qabul qilmaydi. Ham gunoh qilib, ham ibodat qilib, Robbingning ustidan kulyapsanmi? Sen bir gunohkor bo‘lsang, nimangga namoz o‘qiysan?» kabi gaplar bilan vasvasa qiladi. Qarabsizki, bechora qiz ham gunohga botadi, ham namoz o‘qimay qo‘yadi – ikki martalab gunohkor bo‘ladi. Borgan sari qalbida qora dog‘lar ham, g‘am-tashvishlari ham ko‘payib boraveradi.
Agar bu qiz tavba namozi borligini bilsa, Alloh farz qilgan, qalbiga sokinlik, osoyishtalik ato etadigan besh mahal namoz tufayli gunohlari yuvilib ketishini bilsa, namozini tamomlagunicha Alloh uning gunohlarini kechirib yuborishini bilsa, namozga shoshilgan bo‘lmasmidi? Aynan ana shu gunohlari namozni mahkam tutishiga, o‘qiganda ham, xushu’ va ixlos bilan o‘qishiga turtki bo‘lmasmidi?
Afsus. Alloh taolo hammamizga insof, tavfiq bersin...
Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.